O‘zbekiston | 07:51 / 08.07.2025
2256
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi faxriy maslahatchisi tayinlandi

Koreya Respublikasi xalqaro madaniy almashinuv fondi prezidenti Pak Chan Shik O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasining madaniyat ishlari bo‘yicha faxriy maslahatchisi etib tayinlandi.

Foto: "Dunyo" AA

Mazkur unvon Pak Chan Shikka O‘zbekiston madaniyatini Koreya Respublikasida keng targ‘ib qilish, shu jumladan, 2025 yil O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi "Madaniy almashinuv yili"ni yuqori darajada o‘tkazish maqsadida berildi.

Pak Chan Shikning tajribasi va faoliyat olib borayotgan sohasidan kelib chiqib, uning muhim va mas’uliyatli lavozimga tayinlanishi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi. Shuningdek, uning ikki xalq o‘rtasida madaniy almashinuv, o‘zaro anglashuv va do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shishi kutilayotgan hissasi beqiyos bo‘lishi ta’kidlandi.

Koreya Respublikasi xalqaro madaniy almashinuv fondi prezidenti Pak Chan Shik o‘z navbatida, ushbu mas’uliyatli vazifa uchun minnatdorlik bildirar ekan, 2025 yilda "Madaniy almashinuv yili"da rejalashtirilgan tadbirlarni O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda samarali tashkil etishga hamda bir qator muhim yangi madaniy va ilmiy loyihalarni hayotga tatbiq etishga barcha kuch va salohiyatini safarbar etishini qayd etdi.

Tadbir yakunida birgalikda yangi madaniy tadbirlar rejasi va dasturlarini ishlab chiqish hamda ularni yuqori darajada tashkil etishga kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid