Ko‘chmas mulk | 19:13 / 23.07.2025
4934
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy kompaniyasi Chilonzorda 340 mln dollarlik turar joy majmuasi va biznes markazi quradi

Loyiha tumandagi Bunyodkor ko‘chasida joylashadi va inshootlarning umumiy maydoni 357 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Qurilish Xitoyning TSC-Hk-Investment kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Xitoyning TSC-Hk-Investment kompaniyasi Chilonzor tumanida 340 mln dollarlik turar joy majmuasi va biznes markazi qurishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi tuman hokimligi matbuot xizmati.

22 iyul kuni Chilonzor hokimligida poytaxt tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha uch yillik dasturni ishlab chiqishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tuman hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev Turkiyaning Policy Analytics Lab va Helezon kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar olib bordi. Xorijiy delegatsiya a’zolari tumanni rivojlantirish dasturi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Taqdimotda TSC-Hk-Investment kompaniyasining 340 mln dollarlik qiymatidagi turar joy majmuasi va biznes markazini qurish loyihasi ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu loyiha Bunyodkor ko‘chasida joylashadi, inshootlarning umumiy maydoni 357 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Loyihani amalga oshirish natijasida 1000 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, TSC-Hk-Investment 2019 yil iyun oyida ro‘yxatga olingan. Ustav kapitali 278,4 mlrd so‘m. Kompaniya turar joy binolari qurilishi bilan shug‘ullanadi. Ulushdorlari WDF International Limited (90 foiz) va Wonderful International Group Limited (10 foiz). Korxona rahbari sifatida Shu Chun Tsian ko‘rsatilgan.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid