Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Uitkoff uchun uyushtirilgan «sahna» - Tramp vakilining tashrifi G‘azodagi vaziyatni o‘zgartiradimi?
AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff G‘azodagi yordam tarqatish markaziga borgan vaqtda tank va snayperlar hududdan olib chiqib ketildi. Faollar bu tashrifni «ochlikdan qiynalayotgan g‘azoliklar uchun foydasiz hamda Isroil tomonidan sahnalashtirilgan propaganda» deb atamoqda. BMT ofisiga ko‘ra, so‘nggi oylarda Isroil va AQSh tuzgan GHF markazlaridan oziq-ovqat olish uchun kelgan mingdan ortiq aholi harbiylar tomonidan o‘ldirilgan.
1 avgust kuni AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff dastlab Isroilga, so‘ngra G‘azodagi Gaza Humanitarian Foundation (GHF) tomonidan boshqarilayotgan yordam markaziga tashrif buyurdi. U bu yerda oziq-ovqat tarqatish tizimini ko‘zdan kechirmoqda.
Uitkoffning tashrifi AQSh va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan GHF o‘z yordam tarqatish markazlarida deyarli har kuni sodir bo‘layotgan o‘lim holatlari tufayli kuchli tanqid ostiga olingan vaqtga to‘g‘ri keldi.
31 iyul kuni Uitkoff Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan uchrashib, G‘azodagi humanitar vaziyat va HAMAS bilan sulh bo‘yicha muzokaralarni saqlab qolish masalasini muhokama qilgandi.
Yuqori martabali isroillik rasmiylardan biri Isroil va AQSh o‘rtasida cheklangan sulh o‘rniga yanada kengroq bitimga o‘tish zarurligi borasida tushunuv mavjudligini bildirgan. Bunday bitim barcha asirlarni ozod qilish, Hamasni qurolsizlantirish va G‘azoni demilitarizatsiya qilishni o‘z ichiga oladi. Biroq Hamas bu boradagi pozitsiyasini bir necha bor takrorlab, qurolsizlanishni «qizil chiziq» deb atagan.
Al-Jazeera nashrining yozishicha, AQSh vakili Stiv Uitkoff va AQShning Isroildagi elchisi Mayk Hakabi janubiy G‘azo chekka hududiga yetib kelgan. Ular GHF tashkiloti qanday ishlayotganini va joylardagi faoliyatini shaxsan o‘z ko‘zi bilan ko‘rishmoqchi.
«Bugun biz G‘azoda besh soatdan ortiq vaqt o‘tkazdik — joylardagi holatni o‘rganib, vaziyatni baholadik. GHF va boshqa tashkilotlar bilan uchrashdik. Tashrifdan maqsad – AQSh prezidentiga G‘azodagi humanitar vaziyat haqida aniq tushuncha berish va aholiga oziq-ovqat, tibbiy yordam yetkazish bo‘yicha reja ishlab chiqishga ko‘maklashish edi», deb yozdi Uitkoff.
Biroq bu falastinliklar qanday tanlangani, kimlar ekani va ularga nimani aytish yoki aytmaslik bo‘yicha bosim bo‘layotgani yoki yo‘qligi haqida ma’lumotlar mavjud emas.
Nashrning yozishicha, aslida tashrifning asosiy maqsadi, AQShning G‘azodagi vaziyat, ayniqsa falastinliklarning ocharchilikdan aziyat chekayotgan holatiga befarq emasligini namoyish etish bo‘lishi mumkin. Chunki oldinroq Trampning o‘zi ham G‘azoda dahshatli ocharchilik borligini tan olgan edi.
AQShning Isroildagi elchisi Mayk Hakabi ular G‘azoda Isroil harbiylari tomonidan brifing o‘tkazilgan va «joylardagi odamlar» bilan muloqot qilganini aytdi.
Hakabi shuningdek, GHF tashkilotini maqtab, bu tashkilot may oyida G‘azoda yordam tarqatishni o‘z zimmasiga olganidan beri har kuni bir milliondan ortiq ovqat yetkazib berayotganini da’vo qildi.
«Sahnalashtirilgan propaganda»
BMTning sobiq Bosh kotibi o‘rinbosari va favqulodda yordam koordinatori Martin Griffitz, bu tashrif «sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkin» deb hisoblashini aytdi.
«Ehtimol, ular kutilmagan narsalarni ko‘rishar. Men bunga ishonmayman, chunki biz allaqachon juda ko‘p narsani ko‘rdik. Ammo bu tashrif katta o‘zgarish olib keladi deb o‘ylamayman. Agar men G‘azoda ochlikdan o‘layotgan ikki million odamdan biri bo‘lganimda, bugun yordam markaziga borishni xohlagan bo‘lardim. Bugun, ehtimol, boshqa kunlarga qaraganda biroz xavf kamroqdir», - dedi Griffitz.
G‘azoda faoliyat yurituvchi ko‘plab xorijiy nashrlar muxbirlari va huquq faollari ham Uitkoff tashrif buyurgan joyni «sahnalashtirilgan propaganda tomoshasi» deya baholamoqda.
«Bugun Amerika yordam markazlarida shunchaki «insonparvarlik yordami» degan niqob ostida ochiqcha sahnalashtirilgan spektakllar namoyish etilmoqda. Bu markazlarga Trampning vakili Stiv Uitkoff ham tashrif buyurdi. Hammasi silliq va madaniyatli ko‘rinadi: na zo‘ravonlik, na ko‘zni achishtiruvchi gaz, na o‘q ovozi va na qurbonlar bor, hattoki odamlarning to‘poloni ham yo‘q».
Bu tomoshaning maqsadi aniq — haqiqatni yo‘q qilish, minglab videolarda hujjatlashtirilgan voqealarni rad etish, deydi faollar. Ba’zi manbalarda ushbu yordam faqat Isroil bilan hamkorlik qilayotgan Yosir Abu Shababga sodiq bo‘lgan yollanma jangarilarning oilalarigagina tarqatilganini da’vo qilmoqda.
Bundan tashqari, Uitkoff kelgan vaqtda yordam punktlari atrofida doim turadigan tanklar va snayperlar hududdan olib chiqib ketilgan.
Xon Yunusdagi Nasser shifoxonasida ishlayotgan amerikalik pediatr Tom Adamkevich AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoffni shifoxonaga tashrif buyurishga va ocharchilikning haqiqiy ko‘lamini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga chaqirdi.
American paediatrician Dr Tom Adamkiewicz, currently working at Nasser Hospital in Khan Younis, told Sky News that Donald Trump’s envoy, Steven Witkoff, should visit the hospital to witness the true extent of starvation.
— Middle East Eye (@MiddleEastEye) July 31, 2025
“I would like to have Mr Witkoff come here and talk to me,… pic.twitter.com/HsQu7s7SCp
«Men janob Uitkoffning bu yerga kelishini va yuzma-yuz menga qarab gaplashishini xohlayman. Men unga hammasini ko‘rsataman. Men uni shifoxona tashqarisidagi xavfsiz hududda kutib olaman va shifoxonaga shaxsan o‘zim kuzatib kiraman», - dedi doktor Tom Sky News telekanaliga bergan intervyusida.
«O‘lim tuzog‘i» va umidsiz tashrif
Al-Jazeera nashrining yozishicha, Uitkoffning tashrifi G‘azodagi «ko‘chirilgan, ruhiy zarba olgan va och» odamlar uchun hech qanday umid bermaydi. Bu yerda yashayotganlar «nega u birinchi kuni kelmadi va bu markazlardagi davom etayotgan vahshiyliklarga chek qo‘ymadi?» deya savol bermoqda.
Hayratlanarlisi shundaki, bugun tongdan beri GHF markazlarida hech qanday hodisa qayd etilmadi. Guvohlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda, darvozalar ochilishi bilan, odamlar to‘plangani zahoti o‘q uzilishi boshlanardi.
Al-Jazeera markaziy G‘azodagi Nusayrat qochqinlar lagerida yashovchi falastinlik Ibrohim Mekki bilan suhbatlashdi. U GHF boshqaruvidagi yordam markazida yuz bergan zo‘ravonlik sahnalarini tasvirlab berdi. Mekki Isroil harbiylari tomonidan otib o‘ldirilish xavfi ostida kamida olti soat navbatda turganini, ammo oxir-oqibat atigi bir necha paket makaron bilan qaytganini aytdi.
«O‘q uzish, o‘ldirish, o‘lim, vayronagarchiliklar. Va bularning barchasi nimaga? Faqat ozgina ovqat uchun. Bu tuzoq, o‘yin... Biroz harakatlanishga ruxsat berishadi, so‘ng o‘q ochiladi», - dedi u.
Mekki yordam markazida «ulkan» odamlar to‘plangani, ammo ulardan bor-yo‘g‘i 5 foizigina biror qiymatli narsani olishga muvaffaq bo‘lganini aytdi.
BMT inson huquqlari bo‘yicha idorasining ma’lum qilishicha, may oyidan beri G‘azoda yordam kutayotgan 1 373 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Bu vaqt oralig‘ida oziq-ovqat tarqatishni Isroil va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan GHF tashkiloti o‘z zimmasiga olgan edi.
Shulardan 859 nafari GHF tomonidan boshqariladigan yordam markazlari yaqinida, yana 514 nafari oziq-ovqat konvoylarini kutib turgan paytda o‘ldirilgan.
«Bu o‘ldirishlarning aksariyati Isroil armiyasi tomonidan sodir etilgan», - deyiladi BMT bayonotida.
G‘azoda halok bo‘lganlar soni oshmoqda
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib The Guardian nashrining ma’lum qilishicha, so‘nggi 24 soat ichida Isroilning turli hududlar bo‘ylab uyushtirgan hujumlari oqibatida, kamida 83 nafar falastinlik, jumladan 53 nafar yordam izlovchi, halok bo‘lgan, 554 kishi yaralangan.
2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilning G‘azoda davom etayotgan genotsidi oqibatida esa jami 60 ming 332 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 147 643 kishi yaralangan.
Mavzuga oid
19:38 / 10.06.2026
“Yo‘l yurish qimmat va xavfli” - G‘azo ko‘chalaridan reportaj
12:25 / 29.05.2026
Netanyahu harbiylarga G‘azodagi nazoratni 70 foizgacha kengaytirishni buyurdi
23:08 / 21.05.2026
Parij Falastin xalqiga faxriy fuqarolik bermoqchi
20:09 / 08.05.2026