Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Yo‘l yurish qimmat va xavfli” - G‘azo ko‘chalaridan reportaj
Falastinlik jurnalist Motaz Tabasi Kun.uz uchun tayyorlagan navbatdagi reportajida G‘azo sektoridagi transport tizimining holati – qamal qilingan hududda odamlar qanday harakatlanayotgani haqida hikoya qiladi.
Vayrona yo‘llar, yoqilg‘i va ehtiyot qismlar tanqisligi sharoitida sektor ichida harakatlanish uchun tirkamalardan keng foydalanilmoqda.
G‘azo sektorida yo‘l endi shunchaki bosib o‘tiladigan masofa emas. U odamlarning har bir qadamiga og‘ir yuk bo‘lib tushadigan kundalik mashaqqatga aylangan. Ko‘chirilganlar yashayotgan chodirlardan tortib, vayron bo‘lgan uylarigacha — hatto oddiy harakatlanishning o‘zi ham holdan toydiruvchi safarga aylangan. Bu yo‘llar odamlarning soatlab vaqtini olmoqda, bemorlar, talabalar va ishchilarning manzillariga vaqtida yetib borishiga to‘sqinlik qilmoqda. Shunga qaramay, odamlar fojiali voqelik ichida hayotni davom ettirishga urinmoqda.

Sumayya Al-Hajjar: Ilgari G‘azo shahriga yarim soatdan oshmay yetib borardim. Hozir esa bunga butun bir kun kerak bo‘ladi. Chunki yo‘llar vayron bo‘lgan, bir joydan boshqa joyga borish juda qiyin. Transport ham qulay emas. Olti yo‘lovchiga mo‘ljallangan mashinaga o‘ttiz kishi chiqadi. Mashinalardan chiqayotgan tutun ham bizga zarar qilmoqda, chunki ayrim mashinalar yonilg‘i o‘rniga o‘simlik yog‘i bilan haydalmoqda. Dizel yoki benzin ishlatadigan mashinalar esa juda kam qolgan.
Muhammad Abu Sablah: Bu ko‘chaning ahvoli juda yomon. Hamma joy chuqur, notekis va vayronalar bilan to‘la. Bu odamlar va yo‘lovchilar uchun xavfli. Mana, qo‘lbola tirkamali arava o‘tib ketayotganda bir ayol va uning o‘g‘li yiqilib tushdi. Boshqa safar esa bir bola yiqilib tushgan, biz uni o‘tib ketayotgan mashinalar orasidan qutqarishga majbur bo‘lganmiz. Bunday hodisalar har kuni sodir bo‘ladi.
Haydovchilar vayron bo‘lgan yo‘llarda mashinani zo‘rg‘a boshqaradi. Ular mashina buzilib qolishidan qo‘rqadi, chunki ehtiyot qismlar juda qimmatlashgan. Ba’zan ishlatilgan qismlarni o‘rnatishga majbur bo‘lishadi. Bu esa xavfni yanada oshirib, yo‘lovchilar xavfsizligiga tahdid soladi. Yonilg‘i tanqisligi va minglab mashinalarning ishdan chiqqani sababli, avtomobilga ulangan tirkamalar yoki hayvonlar tortadigan aravalar kabi oddiy transport vositalari majburiy ehtiyojga aylangan.
Abdulrahmon Namus: Men Dayr al-Balahdan Xon Yunisga oziq-ovqat olish, odamlarni ko‘rish yoki shifoxonaga borish uchun kelaman. Vaziyat juda og‘ir. Qulay transport yo‘q, yo‘llar esa buzilib ketgan. Kattalar ham, bolalar ham, ayollar ham xavfsiz emas. Biz kattalar uchun ham Xon Yunisga kelib, zarur ishlarimizni bitirish juda qiyin bo‘lib qolgan.
Valid Madi, haydovchi: Yo‘l haqi oshib ketdi, chunki motor moyi juda qimmatlashgan. U 800 shekelga, ya’ni taxminan 216 dollarga yetdi. Bitta shinaning narxi esa 3 ming shekel, ya’ni taxminan 811 dollar. Ehtiyot qismlarga kelsak, ilgari 50 shekel, ya’ni taxminan 14 dollar bo‘lgan detal hozir 500 shekelga — taxminan 135 dollarga chiqdi. Tormoz suyuqligi ham ilgari 10 shekel, ya’ni 3 dollar edi, hozir esa 200 shekel — taxminan 54 dollar bo‘ldi. Bu juda katta o‘sish. Yangi hech narsa kirmayapti, bozorda borining hammasi eski zaxiralar. Ilgari 7 shekel, ya’ni 2 dollar bo‘lgan o‘simlik yog‘i hozir 15 shekelga — taxminan 4 dollarga chiqdi. Buning ustiga, eskirgan banknotalar va naqd pul tanqisligi muammosi ham bor.

Joylardagi bu og‘ir ahvolni raqamlar ham tasdiqlaydi. 30 mingdan ortiq transport vositasi shikastlangan, yo‘llarning qariyb 90 foizi esa Isroil urushi oqibatida vayron bo‘lgan. Natijada aholining kundalik harakati katta sinovga aylangan. Bu yerda transport inqirozi endi shunchaki xizmat ko‘rsatishdagi muammo emas. Bu aholining har kuni boshidan kechirayotgan og‘ir insoniy voqeligidir. Yonilg‘i tanqisligi va yo‘llarning xarob ahvoli sharoitida harakatlanish murakkab vazifaga aylangan. Transport topishning o‘zi esa bemorlar, ko‘chirilganlar va oddiy odamlarni holdan toydiradigan sinov bo‘lib qolmoqda. Odamlarning eng katta tashvishi esa manzilga tirik va omon yetib borishdir.
Mavzuga oid
20:05
Ko‘rinmas front: Isroil va Eronning kiber urushi
11:00
Parij isroillik vazirga qarshi sanksiyalar joriy qildi
21:08 / 09.06.2026
Dunyoda mojarolar soni Ikkinchi jahon urushidan beri eng yuqori darajaga ko‘tarildi - tadqiqot
09:13 / 09.06.2026