O‘zbekiston | 12:18 / 02.08.2025
3532
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 8 ta davlatdagi deportatsiya markazlarida saqlanayotgan ayollar va bolalarni qaytaradi

Tashqi ishlar vazirligi, Migratsiya agentligi va mamlakatning xorijiy davlatlardagi 30 dan ortiq diplomatik vakolatxonalari mas’ullari ishtirokidagi onlayn muloqotda “Vatanga qaytarish” xayriya aksiyasini samarali tashkil qilish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Foto: Migratsiya agentligi

Unga ko‘ra, elchixona va konsulliklar 7 avgustga qadar xorijiy davlatlarning deportatsiya markazlaridagi o‘zbekistonlik fuqarolarni aniqlaydi va ro‘yxatni Migratsiya agentligiga taqdim etadi.

15 avgustgacha shaxsiy ma’lumotlari yetarli bo‘lmaganlar uchun zarur hujjatlarni tayyorlab, ikkinchi ro‘yxatni agentlikka yuboradi.

Migratsiya agentligi taqdim etilgan ro‘yxat asosida 1-3 ish kuni ichida aviachiptalarni xarid qiladi.

Fuqaro migratsiya agentligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilsa, agentlik xodimlari 1-2 soat ichida bog‘lanadi va hujjatlarni masofaviy qabul qiladi. Arizani 1 kun ichida ko‘rib chiqib, 2 kun muddatda yo‘l chipta bilan ta’minlaydi.

Mahalliy hokimliklar, Bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitalari, vatanga qaytarilgan fuqarolarni ruhiy, ijtimoiy va iqtisodiy moslashtirish ishlarini amalga oshiradi.

Aksiya joriy yil 30 iyuldan 30 avgustgacha davom etadi. Birinchi navbatda Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, BAA, Saudiya Arabistoni, Hindiston, AQSh va Janubiy Koreyada deportatsiya markazlarida saqlanayotgan ayollar va bolalar qaytariladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid