Jahon | 07:04 / 06.08.2025
1229
2 daqiqa o‘qiladi

«Mediazona»: Rossiyada Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga donatlar bo‘yicha 76 ta ish ochildi

«Mediazona» tadqiqotiga ko‘ra, 2022 yilning yozidan 2025 yilning avgustigacha Rossiyaning 38 ta hududida Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga donatlar bo‘yicha kamida 76 ish ochilgan.

Foto: ura.ru

2022 yilning yozidan 2025 yilning avgustigacha Rossiyaning 38 ta hududida – Kaliningraddan tortib Magadan viloyatigacha – Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga (FBK) donatlar bo‘yicha kamida 76 ish ochilgan. Bu haqda "Mediazona"ning 4 avgust, dushanba kuni o‘tkazilgan tadqiqotida aytilgan.

«Aslida, gap federal kampaniya haqida ketyapti», deb ta’kidlaydi jurnalistlar. Ta’qibga uchraganlar orasida nafaqat taniqli faollar, balki jamoat arboblari ham bor.

Hududlarda, odatda, ular jarimaga tortiladi — 100 mingdan 600 ming rublgacha. Moskvada deyarli har doim haqiqiy muddatlar beriladi — 3 yil koloniya, deya aniqlik kiritadi nashr.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, FBK haqida eslatma, xususan, WORLD.FBK.IN saytining qisqartirilgan manzili ko‘rinishida bank ko‘chirmalariga kiritilgan, ular orqali Stripe'da donatlar yig‘ilgan. Bu xavfsizlik kuchlariga pul o‘tkazganlarni aniqlash imkoniyatini berdi.

So‘nggi paytlarda — 2025 yil boshidan buyon ta’qiblar kuchaygan: birgina dastlabki olti oyning o‘zida sudlarda 34 ta shunday holat qayd etilgan. Ishlar soni bo‘yicha Moskva birinchi (11), Krasnodar o‘lkasi ikkinchi (6) va Kaliningrad viloyati uchinchi (5) o‘rinda turadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid