Jahon | 15:11 / 06.08.2025
5207
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Putin Trampning Ukraina bo‘yicha ultimatumini e’tiborsiz qoldiradi

Putin Ukrainadagi urushda g‘alaba qozonishiga ishonchi komil, yangi sanksiyalar esa mamlakat iqtisodiyotiga ta’sir qilmaydi, deb yozadi Reuters.

Foto: Mixail Metsel/RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha juma kuni tugaydigan ultimatumini e’tiborsiz qoldiradi, deb xabar berdi Reuters 5 avgust, seshanba kuni Kremlga yaqin uch manbaga tayanib.

Putinning urushda g‘alaba qozonishi va AQSh yangi sanksiyalari Rossiyaga kuchli ta’sir ko‘rsatmasligiga ishonchi komil, deydi agentlik suhbatdoshlari. Ulardan biriga ko‘ra, Putinning maqsadi Ukrainaning to‘rtta viloyati: Donetsk, Luxansk, Zaporijjya va Xersonni to‘liq qo‘lga kiritish. Shundan keyingina u tinchlik kelishuvini muhokama qiladi, deydi Reuters manbalari.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida davom etayotgan muzokaralar mohiyatan mazmundan xoli va faqatgina Trampga Moskva tinchlikka qarshi emasligini bildirishi kerak, deb yozadi agentlik. Reuters agentligining ikki manbasiga ko‘ra, Putin «Trampni g‘azablantirmoqchi emas, u Vashington va G‘arb bilan munosabatlarni yaxshilash imkoniyatini qo‘ldan boy berayotganini tushunadi, biroq uning harbiy maqsadlari muhimroq». Rossiya Bosh shtabi go‘yoki Putinga Ukraina fronti ikki-uch oy ichida qulashini aytgan, deya xabar beradi Reuters manbasi.

Tramp AQSh prezidentining maxsus elchisi Stiven Uitkoff Rossiya rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga borishini bir kun avval ma’lum qilgan edi. Agar Rossiya Ukrainada tinchlik o‘rnatishdan bosh torsa nima bo‘ladi, degan savolga Tramp shunday javob berdi: «Demak, sanksiyalar bo‘ladi. Lekin ular sanksiyalarni aylanib o‘tishga usta. Shunday qilib, nima bo‘lishini ko‘ramiz».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid