Jahon | 21:18 / 13.08.2025
5930
6 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon va Armaniston tinchlik kelishuviga yaqinmi? Qanday ziddiyatlar va risklar bor?

8 avgust kuni Vashingtonda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan AQSh prezidenti Donald Tramp vositachiligida tinchlik kelishuvi bo‘yicha memorandum imzoladi. Uni ba’zilar “tinchlik munosabatlari borasidagi deklaratsiya” deb ham nomladi. Bu hali tinchlik shartnomasi emas, uni tuzishga tayyorgarlik hisoblanadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Vashingtonda parafirlangan tinchlik bitimi loyihasiga ko‘ra, tomonlar bir-birining hududiy yaxlitligi va rasmiy chegaralarini tan oladi, hududiy da’volar qilmaydi, tinchlik o‘rnatadi va o‘tmishdagi to‘qnashuvlar uchun o‘ch olmaydi.

Ma’lumki, Ozarbayjonning barcha hududlari bir emas. Naxichivon avtonom respublikasi Ozarbayjonning asosiy hududidan ajralib qolgan. Eksklavga borish uchun yo Armaniston orqali, yo Eron orqali o‘tish kerak bo‘ladi. Hozirda Armaniston o‘z hududidan Zangezur koridorining o‘tishiga rozi. Bu koridorni nazorat qilish esa, AQSh kompaniyalari konsorsiumiga beriladi. Zangezur koridori ustidan nazoratni Ozarboyjonga yoki Turkiyaga emas, imkon qadar boshqa, betaraf davlatga berish – Armaniston muxolifati va jamoatchiligining talabi edi. Ushbu nazorat ikki davlatning roziligi asosida AQSh tomoniga beriladigan bo‘ldi.

Xo‘sh, endi bu ikki davlat o‘rtasida tinchlik o‘rnatiladimi? O‘rnatilsa, bu tinchlik qanchalik tez va mustahkam bo‘ladi? Bu savollarga har bir davlat nuqtayi nazaridan alohida, tarixiy-siyosiy rakursda qarash kerak bo‘ladi.

Ozarboyjon shu paytga qadar geosiyosiy masalalarda ikkita muhim tamoyilga, qadriyatga urg‘u berar edi: neytrallik va global qo‘shilmaslik. Rasmiy Boku: “Biz NATOga ham, KXShTga ham intilmaymiz. Mintaqa atrofidagi qudratli davlatlar o‘rtasidagi raqobatda hech kim tarafida bo‘lmaymiz” degan liniyada edi. Biroq, 2024 yilning dekabrida Rossiya tomonidan Ozarbayjon samolyotining urib tushirilishi vaziyatni o‘zgartirdi. Keyingi oylarda Ozarboyjon–RF munosabatlari yanada taranglashdi. Bugun Boku Ukrainaga hatto moddiy yordam berishga intilayotgan davlat bo‘lib ulgurdi. Mana shu fonda Ozarboyjonning tashabbusi bilan Zangezur koridori AQSh tomoniga berilishi – Janubiy Kavkazdagi geosiyosiy vaziyatni neytrallikdan keskinlik tomon buradi.

Xo‘sh, Armanistondagi vaziyat qanday? Ozarboyjonning talabiga ko‘ra, Armaniston referendum o‘tkazib, Konstitutsiyasidagi Qorabog‘ga da’volar borasidagi sha’malarni olib tashlashi kerak. Armaniston tinchlikka intilmoqda. Lekin referendum o‘tkazib kerakli natijani olish oson bo‘lmaydi. Sababi oddiy: bugun Armaniston jamiyatida Qorabog‘ borasida revanshizm kayfiyatlari kuchli. “Imkon topib Qorabog‘ni qaytarib olishimiz kerak” degan kayfiyat keng tarqalgan. Qolaversa, bugun Armaniston jamiyatida reytingi eng yuqori siyosatchi bosh vazir Pashinyan bo‘lsa-da, uning reytingi 13-15 foiz atrofida. Nihoyatda past. Qolgan siyosatchilarning reytingi yanada past. Demak, referendum arman jamiyatini kuchli chayqaydi va siyosiy konsensusga erishish oson bo‘lmaydi.

Kelasi yil iyun oyida Armanistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lishi kerak. Agar bu saylovlarda Pashinyan tarafdorlari kerakli ovozlarni ololmasa, Pashinyan bosh vazir bshchla olmaydi. Va uning loyihalari qadrsizlanadi.

Kavkaz mintaqasida tarixan ta’siri katta bo‘lgan davlatlar bor. Jumladan, Eron, Rossiya va Turkiya. Zangezur koridorining AQShga berilishiga Eron ham, Rossiya ham tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqadi. Shu paytga qadar Zangezur koridori ushbu ikki davlat nigohida “muqobil” loyiha sifatida qabul qilinayotgan edi. Endi esa, AQShga berilishi fonida bu loyiha “bizga qarshi” deb ko‘rila boshlandi. Chunki bu ikki davlat ham Janubiy Kavkazga AQSh/NATO/Isroilning kirib kelishini istamaydi, qattiq qarshilik qiladi.

Nazarimda, hatto Turkiya ham, NATOning a’zosi bo‘lsa-da, Zangezur koridorining AQShga berilishiga ich-ichidan rozi emas. Rasman, Anqara Ozarboyjon–Armaniston kelishuvlarini olqishladi, lekin Janubiy Kavkazga AQSh/Isroilning kirib kelishi – borgan sari mustaqil va ambitsiyali o‘yinchiga aylanib borayotgan Turkiyani xursand qilmaydi. Albatta, Turkiya bu haqda rasmiy bayonotlar berib, Bokuni hurkitmoqchi emas.

Vashingtondagi bayonotlarga ko‘ra, Zangezur koridori AQSh konsorsiumiga 99 yilga berilishi kutilmoqda. Lekin 99 yil ichida mintaqadagi, davlatlar atrofidagi geosiyosiy vaziyat yuz martadan ko‘proq o‘zgaradi.

Tramp bu ikki davlatni yarashuvini o‘zining tarixiy xizmati sifatida ta’rifladi. Uning maqsadi – tinchlik uchun Nobel mukofotini qo‘lga kiritish.

Ozarbayjon–Armaniston o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishi, Zangezur koridorining ishga tushishi – turkiy dunyo, turkiy birlik, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ham juda muhim rol o‘ynaydi. Biroq, hozircha Janubiy Kavkazda to‘liq va barqaror tinchlik o‘rnatilishiga hali ma’lum muddat vaqt va jiddiy urinishlar kerakligi ko‘rinmoqda.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid