Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Markaziy Osiyo va Ozarboyjon yetakchi ayollari ustuvor vazifalarni muhokama qildi
O‘zbekiston raisligida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarboyjon yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Foto: Oliy Majlis Senati
21 aprel kuni “Markaziy Osiyo va Ozarboyjon ayollari: ustuvor vazifalar va qo‘shma harakatlar” mavzusidagi mazkur tadbir onlayn shaklda tashkil etildi.
Majlisda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarboyjon parlamentlari vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, jumladan BMTning mintaqaviy tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva tadbirni ochib, muloqotning xalqaro maydondagi nufuzi izchil ortib borayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur platforma konstruktiv muloqot, ilg‘or tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qayd etilishicha, muloqotga 2020 yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan asos solingan bo‘lib, so‘nggi yillarda barcha Markaziy Osiyo davlatlarida uning majlislari o‘tkazilib kelinmoqda. Joriy yilda esa muloqotga yana O‘zbekiston raislik qilmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston raisligi doirasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Xususan, tadbirkor ayollar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, biznes-forumlar tashkil etish, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik tajribasini almashish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Buxoro shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Osiyo xotin-qizlari forumi doirasida “Ilm-fanda ayollar yetakchiligi” mavzusida anjuman tashkil etish, hamda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Yosh parlament a’zolarining 12-global forumi doirasida xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Majlis ishtirokchilari mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro ishonchni oshirish va xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.






Mavzuga oid
18:48 / 20.04.2026
Rossiya armiyasiga yollangan o‘zbekistonliklar soni 4,8 mingdan oshdi – OAV
09:15 / 17.04.2026
Qozog‘iston endi qozoq tilini yaxshi bilmaydiganlarga doimiy yashash guvohnomasini bermaydi
11:00 / 16.04.2026
Toshkentda oltinchi “INNOPROM. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi o‘tkaziladi
07:35 / 16.04.2026