Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qosh va kiprik laminatsiyasi ularning to‘kilishiga olib keladimi? Mif va haqiqatlar
So‘nggi yillarda go‘zallik salonlarida eng ko‘p buyurtma qilinadigan xizmatlardan biri - qosh va kiprik laminatsiyasi bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu jarayon haqidagi munozaralar esa tinmayapti. Ba’zilar laminatsiyani “mo‘jizaviy” deb ta’riflasa, boshqalar u kiprik va qoshlarning to‘kilishiga olib keladi deb hisoblaydi. Kun.uz mutaxassislar fikri va ilmiy izohlar asosida bu masalaga aniqlik kiritdi.
1-mif: Laminatsiya ildizlarni kuydiradi
Haqiqat: Laminatsiya jarayoni soch tolasi bilan ishlaydi. Follikul (ildiz)ga kimyoviy modda bevosita tegmaydi. Agar texnika to‘g‘ri bajarilsa, ildiz butunlay himoyalangan bo‘ladi.
Bu faoliyat bilan 5 yildan buyon shug‘ullanib kelayotgan Dildora Xudoyberdiyevaning aytishicha, shikastlanish faqat noto‘g‘ri usulda ishlanganda, ya’ni kimyoviy modda ildiz zonasiga tegib ketganda yuz berishi mumkin.
2-mif: Laminatsiyadan so‘ng sochlar ko‘proq to‘kiladi
Haqiqat: Kiprik va qoshlarning tabiiy to‘kilish sikli mavjud. Har bir tola 1–3 oyda yangilanadi. Agar laminatsiya paytida allaqachon to‘kilishga tayyor turgan tolalar tushsa, bu kimyoviy ta’sir bilan bog‘liq emas.
Mutaxassisga ko‘ra, “Ko‘pchilik laminatsiyadan keyin kipriklari ko‘proq to‘kilayotgandek his qiladi, aslida bu — tabiiy yangilanish jarayoni”.
3-mif: Laminatsiyani qanchalik tez-tez qilsangiz, shunchalik chiroyli bo‘ladi
Haqiqat: Juda tez-tez, ya’ni 4 haftadan kam muddat oralig‘ida laminatsiya qilish tavsiya etilmaydi. Buning oqibatida soch tolalari qurib, mo‘rtlashishi mumkin. Optimal interval — 6–8 hafta.
Mutaxassis fikricha, bu vaqt ichida tolalar to‘liq tiklanadi va keyingi jarayonga tayyor bo‘ladi.
4-mif: Uy sharoitida ham bemalol laminatsiya qilish mumkin
Haqiqat: Laminatsiyada ishlatiladigan moddalarning konsentratsiyasi yuqori bo‘lgani sababli, tajribasiz odamning ularni qo‘llashi natijaga putur yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, ko‘z shilliq qavati yoki teriga zarar yetkazish xavfi mavjud.
Shu bois mutaxassislar uy sharoitida laminatsiya qilishdan qat’iyan tiyilish kerakligini ta’kidlaydi.
Mutaxassislar tavsiyasi:
- Laminatsiya faqat malakali ustalar tomonidan bajarilishi kerak.
- Jarayondan keyingi birinchi 24 soatda kiprik yoki qoshlarni ho‘llamaslik kerak.
- Kimyoviy jarayonlar orasida yetarlicha interval (6–8 hafta) saqlash zarur.
- Laminatsiyadan keyin namlovchi va oziqlantiruvchi moylar bilan parvarish qilish tavsiya etiladi.
Laminatsiya — to‘g‘ri bajarilganda xavfsiz va samarali natija beradigan jarayon. Eng muhimi, tez-tez takrorlamaslik, sifatli materiallardan foydalanish va jarayonni professionalga topshirishdir. Shunda qosh va kipriklaringiz sog‘lom, mustahkam va jozibador bo‘lib qoladi.