Jahon | 14:21 / 13.08.2025
1907
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada o‘qituvchilarga migrant bolalarning «jinoyatlarga moyilligini» aniqlash uchun ularni kuzatish tavsiya etildi

Uslubiy qo‘llanmada bunday moyillikni ko‘rsatadigan belgilar sanab o‘tilgan - masalan, madaniy shok, til to‘sig‘i, yomon o‘zlashtirish, oilaning qashshoqligi va yomon maishiy sharoitlar.

Foto: Komsomolskaya pravda / PhotoXPress.ru

Rossiya Ta’lim vazirligi maktab o‘qituvchilari uchun «jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan voyaga yetmagan chet el fuqarolari bilan ishlashni tashkil etish bo‘yicha» uslubiy tavsiyalar chiqardi. Hujjat Sverdlovsk viloyati va boshqa ayrim hududlar Xalq ta’limi vazirligi saytida e’lon qilingan.

Pedagoglarga chet ellik bolalarning jinoyat va huquqbuzarliklarga moyilligini aniqlash uchun ularning fikrlarini kuzatib borish tavsiya etiladi. Uslubiy qo‘llanmada bunday moyillikni ko‘rsatadigan belgilar sanab o‘tilgan - masalan, madaniy shok, til to‘sig‘i, yomon o‘zlashtirish, oilaning qashshoqligi va yomon maishiy sharoitlar.

O‘qituvchilarga o‘quvchilarning «tarixiy xotiraga, an’anaviy rus qadriyatlariga, davlat ramzlariga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lish yoki ochiqdan-ochiq inkor etishidan dalolat beruvchi fikrlariga, shu jumladan yozma ishlarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi.

Shuningdek, pedagoglar «siyosiy, ijtimoiy, diniy mavzulardagi suhbatlar sonining keskin ko‘payishiga, ular davomida keskin fikrlar bildirilib, milliy, diniy va siyosiy toqatsizlik belgilari namoyon bo‘lishiga», shuningdek, «o‘smirda diniy radikalizm, ekstremizm, jinoiy submadaniyat atributlari va ramzlari bo‘lgan, kelib chiqish mamlakatiga mansubligini yaqqol ta’kidlaydigan va boshqa millat va konfessiya vakillarini haqorat qiladigan kiyim va buyumlarning mavjudligiga» e’tibor qaratishi kerak.

Destruktiv xulq-atvorning oldini olish uchun «Rossiya ma’naviy-axloqiy qadriyatlari bilan tanishtirishga, Rossiya qonunchiligi asoslarini, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni, jamiyatda o‘zini tutish madaniyatini o‘rganishga qaratilgan umumiy xarakterdagi tadbirlarni» o‘tkazish tavsiya etiladi. Metodikada, shuningdek, ota-onalar bilan ishlash va «idoralararo hamkorlik», shu jumladan ijtimoiy xizmatlar, xavfsizlik kuchlari, tibbiyot muassasalari va migrantlar bilan ishlaydigan nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha maslahatlar mavjud.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid