Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zangezur: O‘zbekiston uchun yangi strategik imkoniyatmi?
Janubiy Kavkazdagi geosiyosiy jarayonlar O‘zbekiston uchun ham strategik ahamiyat kasb etadi. Zangezur koridorining ochilishi Markaziy Osiyo uchun Rossiya va Eron yo‘llariga muqobil xavfsiz tranzit imkonini beradi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida mavzu yuzasidan professor Farhod Karimov sharhi.
— Ozarboyjon va Armaniston tinchlik kelishuviga yaqinlashgani Janubiy Kavkaz mintaqasi uchun qanday geosiyosiy ahamiyatga ega?
Farhod Karimov: Vashingtonda imzolangan memorandum mintaqada yangi siyosiy muhit shakllanayotganidan va AQShning Janubiy Kavkazga faol kirib kelayotganidan dalolat beradi. 8 avgust kuni Pashinyan va Aliyev uchrashuvida tinchlik shartnomasi muhokama qilindi va dushanba kuni uning loyihasi taqdim etildi. Hujjat 17 banddan iborat bo‘lib, asosiy punktlar quyidagilar: sobiq SSSR parchalanishidan oldingi chegaralarni rasmiy tan olish, demarkatsiya va delimitatsiya jarayonlarini yakunlash hamda hududiy masalalarni yopish.
Eng muhim bandlardan yana biri – Zangezur koridorida AQSh ishtirokini belgilash. Armaniston yurisdiksiyasi bilan tartibga solinadigan bu hududda 99 yil davomida AQSh kompaniyalari investitsiya kiritib, koridorni boshqaradi. Bu esa geosiyosiy muhitni tubdan o‘zgartiradi.
Eron uchun bu juda noqulay, chunki hozirgacha Ozarboyjon bilan Naxichivon o‘rtasida quruqlik aloqasi faqat Eron hududi orqali o‘tadi. Endi esa Eron va Armaniston chegarasi bo‘ylab, Naxichivonni Ozarboyjon bilan bog‘laydigan 38 km yo‘l AQSh nazoratiga o‘tishi – Eronning rolini kamaytiradi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo, Xitoy va Hindiston uchun O‘rta koridorda yangi alternativ yo‘l paydo bo‘ladi. AQSh bu orqali Xitoyning Yevropaga chiqadigan asosiy savdo yo‘lagini nazoratga olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Alyaskada bo‘lib o‘tadigan Rossiya va AQSh prezidentlari uchrashuvida bu masala ham savdolashuv predmeti bo‘lishi kutilmoqda. Rossiya ehtimol Ukraina bo‘yicha o‘ziga maqbul kelishuv evaziga Janubiy Kavkazdagi manfaatlaridan voz kechishga majbur bo‘lishi mumkin. Shuningdek, AQSh tomonidan Rossiyaga Eron bilan harbiy ittifoq tuzmaslik talabi ham ko‘rilishi ehtimoldan xoli emas.
— Kavkazdagi o‘zgarishlar Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston manfaatlariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Farhod Karimov: Zangezur koridori Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega. U yangi alternativ tranzit yo‘lini ochadi. Hozirga qadar mintaqa asosan shimoliy yo‘nalish – Rossiya orqali tashqi bozorlarga chiqardi. Ukraina-Rossiya mojarosi bu yo‘l imkoniyatlarini qisqartirdi.
Ikkinchi yo‘nalish Eron orqali, Bandar Abbos va Chobahor portlaridan o‘tadi. Bu marshrutda esa byurokratik va siyosiy to‘siqlar mavjud bo‘lib, tranzit ustunligi asosan Eron tomonida edi.
O‘zbekiston yaqin yillarda Jahon savdo tashkilotiga kirishni rejalashtiryapti. Mahsulotlarni erkin tashish imkoniyati bo‘lmasa, jahon iqtisodiyoti bilan integratsiya to‘liq amalga oshmaydi. Agar O‘zbekiston va Turkmaniston orqali O‘rta koridor Zangezur yo‘lagi bilan Qora dengiz va Turkiyaga ulanadigan bo‘lsa, bu yangi iqtisodiy imkoniyatlar ochadi, mahsulot tannarxini pasaytiradi, tranzit daromadlarini oshiradi va siyosiy bosimni kamaytiradi.
Zangezur koridori – turkiy davlatlarni bog‘laydigan strategik yo‘l hamdir. Bu yo‘l iqtisodiy hamkorlikni kuchaytiradi va siyosiy yaqinlashuv uchun poydevor bo‘lishi mumkin.
Kaspiy dengizi hozir harbiylashgan hududga aylangan: yaqinda Eron va Rossiya u yerda qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Aslida Kaspiy bo‘yicha xalqaro kelishuvlar mavjud bo‘lib, Rossiya va Eron bilan bir qatorda Qozog‘iston, Turkmaniston va Ozarboyjon ham ulushga ega. Huquqiy jihatdan tranzit uchun to‘siq yo‘q, ammo harbiy mashg‘ulotlar savdo kemalarini to‘xtatishi, bu esa transport muddatini va xarajatlarini oshirishi mumkin.
Eronning asosiy e’tirozi – koridorning AQSh va Turkiya ishtirokida ochilishi. Shu sababli ular Araz yo‘lini, ya’ni Zangezurga parallel, undan bir necha kilometr janubdan – Eron hududidan o‘tadigan marshrutni taklif qilmoqda. Avvaliga bu loyihaga shubha bilan qaralgan, chunki Turkmanistonning pozitsiyasi noaniq edi. Hindiston Chobahor portiga katta sarmoya kiritgach, Eron orqali tranzit ishonchli yo‘l sifatida ko‘rildi. Ammo bugun vaziyat o‘zgardi, Markaziy Osiyo yangi alternativlar izlamoqda. Bu Eron yo‘nalishidan butunlay voz kechish emas, balki qo‘shimcha yo‘nalishlar yaratishdir.
Xitoy bu loyihaga qiziqmoqda, chunki u Sharqiy Turkiston va g‘arbiy sanoat hududlari uchun yangi eksport-import yo‘li bo‘lishi mumkin. Yo‘l ishga tushsa, Rossiya va Xitoy o‘rtasida keskin raqobat bo‘lmaydi, lekin AQShning ishtiroki Pekinga yoqmasligi tabiiy. Shunga qaramay, transport-logistika muammolarini hal qilish uchun bu yo‘l zarur va Xitoy uchun ham katta strategik ahamiyatga ega.
Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
12:12
Venada “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” formatidagi birinchi uchrashuv o‘tkazildi
21:09 / 04.12.2025
Birinchi «Markaziy Osiyo – Yaponiya» sammiti Tokioda o‘tkaziladi
16:03 / 04.12.2025
Markaziy Osiyo uchun beriladigan 12 mlrd yevroning asosiy qismi Trans-Kaspiy koridori uchun sarflanadi – YeI
22:57 / 03.12.2025