Jahon | 22:39 / 15.08.2025
9244
9 daqiqa o‘qiladi

«Rossiyaning bir qo‘li band edi» – Tramp-Putin kelishuvi Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?

Putin va Trampning kutilayotgan uchrashuvi nafaqat global geosiyosat, balki Markaziy Osiyo taqdiriga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Alyaskada o‘tadigan bu muloqot Rossiya, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi strategik muvozanat, Zangezur yo‘lagi kabi dolzarb masalalarni ham qamrab oladi. Savol shuki: bu uchrashuv mintaqa mustaqilligini mustahkamlaydimi yoki yangi ta’sir doiralariga bo‘lib berish jarayonini boshlab beradimi?

“Geosiyosat”da tahlilchilar mazkur mavzuni muhokama qilishdi.

Putin bilan Tramp uchrashuvi O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga qanday ta’sir qiladi?

Fazliddin Madiyev: Albatta, ta’siri bor. Chunki biz global integratsiyaga faol qo‘shilayotgan davlatmiz. Zangezur masalasi so‘nggi paytda tez-tez tilga olinmoqda. Shuningdek, Putinning telefon diplomatiyasi ham kuchaydi, O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlar bilan aloqalar jadallashdi. Bu geosiyosiy o‘zgarishlar bizning ham ta’sirchan davlatga aylanayotganimizdan dalolatdir. Rossiya bizning eng yaqin savdo-iqtisodiy hamkorimiz bo‘lib, ijtimoiy hayotimiz ham ko‘p jihatdan u bilan bog‘liq. Shu bois hech kim Rossiyadek yirik davlatni yo‘qotishni xohlamaydi. AQSh uchun asosiy tashvish Rossiyaning Xitoy singari innovatsion jihatdan tez rivojlanishi. Chunki bunday holat real xavf tug‘diradi. Hozircha AQSh uchun yagona jiddiy raqib Xitoy bo‘lib qolmoqda. Katta davlatlar Hindiston, Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar esa tabiiyki bizga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Shuni ta’kidlash kerakki, bu vaziyat bizning xalqaro munosabatlar va geosiyosiy maydondagi vaznimizni oshiradi. Zangezur koridori tufayli deyarli AQSh bilan “qo‘shni” bo‘ldik va bu bizga Xitoy, Rossiya hamda Amerika o‘rtasida muvozanat saqlashni o‘rganish uchun noyob imkoniyat yaratmoqda. Ayniqsa Qozog‘iston va O‘zbekiston bunday yondashuv bo‘yicha o‘tgan yili birgalikda bayonot bergan edi: tashqi siyosatda pozitsiyani birgalikda belgilash. Agar Rossiya yoki Xitoydan bosim bo‘lsa, AQSh tomonini qo‘llash, aksincha AQSh bosim o‘tkazsa, Xitoy va Rossiya tomonini tanlab muvozanatni saqlash imkoniyati mavjud.

Jahongir Akramov: Tramp va Putinning uchrashuvi, shubhasiz dunyo taqdiridagi eng yirik geosiyosiy voqealardan biridir. Rossiya iqtisodiy jihatdan orqada bo‘lsa-da, MDH hududida yirik davlat maqomini saqlab qolgan. Hatto Obama ham 2014 yilda uni “mintaqaviy kuchli davlat” deb atagan. Shu sabab bu uchrashuv jiddiy geosiyosiy kutilmalarni yuzaga keltiradi. Xatar shundaki, tarixdagi XIX asr Vena kongressi yoki 1945 yil Yalta va Potsdam konferensiyalarida bo‘lgani kabi, ta’sir doiralari bo‘lib olinishi mumkin. Bu holatda Markaziy Osiyo ham qaysi davlat, qaysi yirik kuch ta’siriga o‘tishi masalasi ko‘tarilishi ehtimoli bor. Natijada, mintaqa tashqi siyosatidagi mustaqillik kamayishi mumkin. Markaziy Osiyo uchun yirik davlatlarning o‘zaro raqobat va qarama-qarshilik holatini saqlab qolish ko‘proq imkoniyat yaratadi. Masalan, 2022 yil Rossiya-Ukraina urushi boshlangach, MDH hududida chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish jarayonlari faollashdi. Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘zaro chegara masalalarini hal qilishga muvaffaq bo‘ldi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo integratsiyasi va Turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik ham jonlandi. Biroq, yirik davlatlar o‘zaro kelishib olsa mintaqaning birlashgan holda qarshi chiqish imkoniyati keskin kamayadi.

Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘pvektorli siyosati ijobiy holat va bunga intilish lozim. Biroq hozircha Rossiya mintaqadagi eng katta ta’sir kuchiga ega davlat Ukrainadagi urush tufayli sezilarli darajada cheklangan edi. Bu, obrazli aytganda, uning “bir qo‘li band” bo‘lishi mintaqa uchun foydali vaziyat yaratdi.

Masalan, hozir Ozarboyjon-Armaniston shartnomasi to‘liq kuchga kirmagan. Yevropa davlatlari ham Ukrainadagi urushning tez tugashini shoshilinch xohlamayotgani bejiz emas, bu ularga qurollanish va harbiy tayyorgarlik uchun vaqt bermoqda. Besh yil ichida, taxminan 2028-2030 yillarda, Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha Rossiya bilan teng harbiy darajaga chiqishni maqsad qilgan; bu borada 80 milliard dollarlik yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu orada Rossiya atrofidagi boshqa davlatlar ham ichki muammolarini hal qilib, temiryo‘l kabi yirik infratuzilma loyihalarini ishga tushirish imkoniga ega bo‘ladi. Zangezur yo‘lagi ham hali ishga tushmagan, 2026 yilgi referendumdan keyin faollashishi kutilmoqda. Agar bu amalga oshsa, Rossiya imkoniyatlari keskin oshib, Ukrainaga sarflangan xarajatlarning bir qismini boshqa siyosiy texnologiyalarga yo‘naltirib, possovet hududidagi ta’sirini kuchaytirishi mumkin. Shu bois buni muhim xavf deb bilaman.

Alyaskadagi uchrashuvdan qanday natijalarni kutish mumkin?

Jahongir Akramov: Avvalo, bu uchrashuv har qanday holatda ham Putin uchun diplomatik g‘alaba bo‘lishi mumkin. Uchrashuv hali bo‘lmagan bo‘lsa-da, G‘arbning uch yarim yillik izolyatsiya siyosati samarasiz tugagani ko‘rinmoqda. Tramp amalda Putinni diplomatik reabilitatsiya qilish jarayonini boshlab berdi. Rossiya esa buni Bayden davridagi izolyatsiya urinishlarining muvaffaqiyatsiz yakuni sifatida talqin qilishi mumkin. Shu bilan birga, bu uchrashuv AQSh prezidenti uchun katta siyosiy xavf. Chunki u AQSh tarixida birinchi marta amaldagi ittifoqchisiga hujum qilayotgan davlat rahbarini o‘z yurtida qabul qilmoqda. Bu 2022 yildan beri davom etayotgan agressiyaning jazolanmasligini anglatishi mumkin. Tramp esa Putinni qizil trap bilan kutib olishga tayyor. Bunday holat xalqaro tartibotga rahbarlik qiluvchi AQShning bu agressiyani oqlash yoki ko‘z yumishini ko‘rsatadi. Bu esa Trampning shaxsiy siyosiy yondashuvi bilan milliy manfaatlar o‘rtasidagi farqni ochib beradi.

Tarixda yirik davlat rahbarlari betaraf hududlarda uchrashgan, 1945 yil Yalta, Potsdam, 1955 yil Jyeneva, 1972 yil Niksonning Xitoyga tashrifi. Biroq hozirgi holat o‘ziga xos: AQSh de-fakto ittifoqchisiga qarshi urush olib borayotgan Rossiya rahbarini o‘z hududida, ramziy ma’noga ega Alyaskada qabul qilmoqda. Alyaska 1867 yilda Rossiyadan sotib olingan, ham geografik, ham tarixiy jihatdan alohida ahamiyatga ega hudud. Delegatsiya tarkibi ham uchrashuv maqsadlarini ko‘rsatadi. Rossiya tomonidan mudofaa va moliya vazirlari, iqtisodiy masalalar bo‘yicha mutaxassislar, jumladan Anton Siluanov va Kirill Dmitriyev qatnashadi. Bu, Arktika imkoniyatlari va iqtisodiy loyihalar orqali Trampni o‘zaro manfaatlarga jalb etish rejasidan dalolat beradi. AQSh tomonidan esa J.D.Vens va Marko Rubio kabi yirik siyosatchilar ishtirok etadi.

Muhim mavzulardan biri 2026 yil fevralida “Strategik qurollarni cheklash shartnomasi” tugaydi. Tomonlar bu kelishuvni uzaytirib, “Tinchlik tashabbusi” sifatida ko‘rsatishga urinishi mumkin. Bu ham Tramp, ham Putin uchun siyosiy yutuq bo‘ladi.

Uchrashuv bo‘yicha ehtimoliy uchta ssenariy mavjud:

  1. Sharsiz o‘t ochishni to‘xtatish- eng maqbul, ammo ehtimoli juda past. Bu Putinning talablaridan orqaga chekinishini anglatadi va Tramp uchun katta g‘alaba bo‘lar edi.
  2. Kelishuvsiz yakun - hech qanday qo‘shma bayonot bo‘lmaydi. Bu holda Putinni diplomatik muvaffaqiyatsizlikda ayblashlari mumkin.
  3. Qisman kelishuv - Putin Tramp talablarining bir qismini qabul qilgandek bo‘lib, o‘z shartlarini qo‘shadi. Bu eng ehtimolli variant. Trampning mojaroni yetarlicha tushunmasligi Putinga qo‘l kelishi mumkin.

Biroq bu uchrashuvdan Yalta yoki Potsdam darajasidagi natijani kutish asossiz. Chunki hozirgi xalqaro muhitda Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Hindiston, Turkiya kabi ko‘plab ta’sirli o‘yinchilar mavjud. Shuningdek, AQSh ichida ham bunday uchrashuvga qarshilik bo‘ladi. Xulosa qilib aytganda, bu uchrashuv katta muzokaralar jarayonining faqat boshlanishi yirik siyosiy ringdagi birinchi raund bo‘lishi mumkin.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid