Jahon | 10:54 / 18.08.2025
26851
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy urushni «deyarli darhol» to‘xtatishi mumkin – Tramp

Oq uy rahbari bunga erishish uchun ikkita shart borligini aytdi.

Foto: Julia Demaree Nikhinson / AP / Scanpix / LETA

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan oldin TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida post joylab, Zelenskiy Rossiya bilan urushni «deyarli darhol» to‘xtatishi mumkinligini aytdi va shartlarni keltirdi.

«Ukraina prezidenti Zelenskiy istasa, Rossiya bilan urushni deyarli darhol to‘xtatishi yoki urushni davom ettirishi mumkin. Hammasi qanday boshlanganini eslang. Obama bergan Qrimni qaytarib bo‘lmaydi (12 yil oldin, bitta ham o‘q uzmasdan!). Ukraina NATO a’zosi bo‘lmaydi. Ba’zi narsalar hech qachon o‘zgarmaydi», deb yozdi u.

Tramp, shuningdek, Oq uyda «katta voqea» kutib turganini aytdi.

«Hech qachon bir vaqtning o‘zida bunchalik ko‘p Yevropa yetakchilari birga bo‘lmagan. Ularni qabul qilish men uchun katta sharaf», deb yozdi u.

Shuningdek, u ba’zi senatorlar va siyosatchilarga tashlanib, ularni Alyaskada Vladimir Putin bilan uchrashuvni noto‘g‘ri baholashda va Ukrainadagi urushni tugatishga to‘sqinlik qilishda aybladi.

«Bu urushni tugatish mumkin, hozir, ammo Kris Merfi, Jon Bolton va boshqalar kabi ahmoq odamlar bu vazifani ancha murakkablashtirmoqda», deb yozdi AQSh prezidenti.

Tramp uchrashuv yakunlari bo‘yicha «Putin o‘zi istagan hamma narsani olgani» haqidagi bayonotlarga izoh berar ekan, aslida «hech kim hech narsa olmaganini» aytdi.

18 avgust kuni Oq uyda Donald Tramp, Vladimir Zelenskiy va bir qator Yevropa yetakchilari ishtirokida uchrashuv rejalashtirilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev va Yevropa AQSh va Rossiya yetakchilari Alyaskadagi uch soatlik suhbat chog‘ida nimaga kelishib olganini hali ham to‘liq tushunmayapti. Shuning uchun Tramp ularga shaxsan izoh berishi kutilmoqda.

Mavzuga oid