Jahon | 09:50
1025
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tinchlik muzokaralarini kechiktirishi mumkin - FT

Rossiya Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha mazmunli tinchlik muzokaralarida kamida 2027 yil fevraligacha ishtirok etishi ehtimoldan yiroq. Bu haqda Financial Times nashri Moskvadagi yopiq diplomatik muhokamalardan xabardor manbasiga tayanib xabar berdi. Nashrga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026 yil oxiriga qadar Donetsk viloyatining qolgan qismini to‘liq nazoratga olishni maqsad qilgan.

Foto: REUTERS

Financial Times yozishicha, mazkur baholash Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning avvalroq bildirgan ma’lumotlari, shuningdek, Ukraina razvedkasi ma’lumotlaridan xabardor hamda Rossiya rahbariyati bilan muloqot qiluvchi bir nechta manbalarning ma’lumotlariga asoslangan.

Nashrning yozishicha, Rossiya delegatsiyasi avvalgi tinchlik muzokaralari davomida AQSh vakillariga Vashington Ukraina tomonini keng ko‘lamli yon berishlarga ko‘ndirishi lozimligini bildirgan. Bu haqda muzokaralarda qatnashgan yuqori lavozimli ukrainalik amaldorlar ma’lum qilgan.

Manbalarga ko‘ra, uch tomonlama — Rossiya, Ukraina va AQSh ishtirokidagi muzokaralarning yoz oxiriga qadar qayta tiklanishi ehtimoli past baholanmoqda.

Financial Times bilan suhbatlashgan Moskvadagi manbaning ta’kidlashicha, Rossiya uchun eng maqbul ssenariy AQShning Ukrainani muayyan shartlarga rozi qilishi hisoblanadi.

«Rossiya tomoni hozircha hech qanday yon berishga ishora qilayotgani yo‘q. Ular avvalgi maqsadlarini takrorlashda davom etmoqda. Amaldagi muzokara pozitsiyasi esa muzokaralarni boshlash uchun deyarli hech qanday asos qoldirmayapti», — degan manba.

Nashr, shuningdek, Ukrainaning Rossiya hududlariga uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirayotgan hujumlari so‘nggi oylarda misli ko‘rilmagan darajaga yetganini qayd etadi.

Polshaning Rochan Consulting tahliliy markazi ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 2026 yil may oyining o‘zida Ukraina Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga 16 ta muvaffaqiyatli zarba bergan. Bu bir oy ichida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yil boshidan buyon Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari kamida 194 marta dronlar hujumiga uchragan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 11 barobar ko‘pdir.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida Rossiya va Ukrainaning Rossiya nazoratidagi hududlari ustida qariyb 70 ming ukrain droni tutib qolingan. Shu bilan birga, ularning qariyb yarmi oxirgi ikki oy hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Financial Times ta’kidlashicha, dronlar sonining keskin ortishi Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimiga katta bosim yuklamoqda va energetika hamda harbiy infratuzilma obektlarini himoya qilishni ancha qiyinlashtirmoqda.

Nashrning ukrainalik yuqori lavozimli manbalarga tayanib yozishicha, AQSh razvedkasi tomonidan taqdim etilayotgan ma’lumotlar Ukraina dronlarining nishonlarga aniqroq zarba berishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Vashington dronlar uchun havo mudofaasi tizimlarini aylanib o‘tish mumkin bo‘lgan eng maqbul yo‘nalishlarni tanlashda yordam bergan.

Bundan tashqari, Ukrainada dronlar ishlab chiqarish hajmining sezilarli darajada oshirilishi va ularni boshqarish tizimlarining takomillashtirilishi ham hujumlar intensivligini kuchaytirishga xizmat qilgani qayd etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid