Jahon | 11:22 / 19.08.2025
10874
4 daqiqa o‘qiladi

Putin Xerson va Zaporijjyaga da’volaridan voz kechdimi?

Oval kabinetda Ukrainaning Rossiya bosib olgan hududlari aks etgan xarita paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, Tramp, Zelenskiy va Yevropa yetakchilari uchrashuvida hududlar almashinuvi kutilmalardan farqli ravishda asosiy mavzular qatorida bo‘lmagandek taassurot uyg‘ondi. “Geosiyosat”da siyosatshunoslar Putinning Donbass da’vosi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Alyaskadagi uchrashuvdan keyin Rossiya Donbassni to‘liq egallash niyatida ekani mediadagi asosiy mavzulardan biri bo‘lgandi. Lekin Oq uydagi uchrashuvlarda Ukrainaning hududiy yon berish masalasi asosiy mavzuga aylanmagandek.

Shuhrat Rasul: Alyaskadagi uchrashuvda Putin faqat Donbass masalasini muzokaraning markaziy mavzusiga aylantirgan. Holbuki, ilgari Rossiya Xerson va Zaporijjya viloyatlarini ham Konstitutsiyasiga kiritgan va asosiy talab sifatida ilgari surib kelgan edi. Endi esa bu ikki hududni to‘liq Rossiyaga berish Putinning talablaridan chetda qoldi. Bu Rossiyaning dastlabki “besh viloyat” haqidagi da’volaridan orqaga chekinayotganini ko‘rsatadi.

Agar Moskva hanuz besh viloyatni qaytarish talabida qat’iy turganida, ehtimol Tramp muzokaralarda vositachilik qilmagan bo‘lardi. Demak, Tramp va Putin o‘rtasida qandaydir yashirin kelishuvlar bo‘lishi mumkin. Ularning asl mazmuni esa yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarda oydinlashadi.

Putin aytayotgan versiya: Xerson va Zaporijjyada front chizig‘ini muzlatib, Donbassni to‘liq Rossiya nazoratiga o‘tkazish, evaziga rus qo‘shinlari Xarkiv va Sumi viloyatlaridan chiqib ketishi haqidagi taklif juda noproporsional va adolatsiz. Chunki Ukraina Donbassda 6500 kvadrat kilometr hududni nazorat qilmoqda, Rossiya esa Xarkiv va Sumi viloyatlarida bor-yo‘g‘i 1000 kvadrat kilometrni egallagan.

Bektosh Berdiyev: Ayni vaqtda Volodimir Zelenskiy juda murakkab vaziyatda qolmoqda. Yevropa yetakchilari uni qo‘llab-quvvatlayapti, lekin frontdagi holat ularning siyosiy bayonotlaridan ancha farq qiladi. Eng nozik masala – hududlar taqdiri. G‘arb bosim o‘tkazgan taqdirda ham, “hududlar almashinuvi” Ukrainaga maqbul emas. Zelenskiy oldida davlat, xalq va hudud taqdiri turibdi. Shunday murakkab vaziyatda uning eng katta tayanchi – diplomatiya. Ehtimol, barcha bosimlarga qaramay, u o‘z pozitsiyasida qat’iy qolishga harakat qiladi.

Umrbek Yusupov: Hozirda de-yure emas, de-fakto kelishuv haqida gap ketmoqda. Oldimizda turgan 10 kun ichida Yevropa yetakchilari Ukraina uchun asosiy xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqishi kerak, ammo bu muddat juda qisqa. Mark Ryutte ta’kidlaganidek, frontdagi mavjud chegara chizig‘i aniqlanmasdan turib, tinchlikparvar kuchlarni joylashtirishning imkoni yo‘q. Birinchi navbatda o‘t ochishni to‘xtatish zarur. Germaniya va Fransiya yetakchilari ham: “otashkesim bo‘lmasa, keyingi bosqichni tasavvur qilish mumkin emas”, deb ta’kidladi. Demak, ikkala tomon ham o‘q uzishni to‘xtatmaguncha xavfsizlik kafolatlari haqida gapirish befoyda.

Zelenskiy uchun Rossiya bosib olgan hududlarni qonuniy tan olish xalq oldida og‘ir javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin, shu bois u bunday qarorga imzo qo‘ymaydi. Shuning uchun vaqtincha kelishuv taklif qilinmoqda. Hozirgi sharoitda bundan boshqa yo‘l ko‘rinmayapti.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Muallif:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid