Jahon | 10:55 / 19.08.2025
15397
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Vashingtonda «sokin g‘alaba»ga erishdi – The Telegraph

Trampga zarur darajada hurmat va xushomadni ko‘rsatish, shu bilan birga raqiblariga bosim o‘tkazadigan pozitsiyani egallash Ukraina va ittifoqdoshlarning Vashingtondagi kichik g‘alabasi sifatida ta’riflandi.

Foto: Aaron Schwartz / CNP / Keystone Press Agency / Global Look Press

Vashingtondagi uchrashuvda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va uning ittifoqchilari AQSh prezidenti Donald Tramp bilan munosabatlardagi pozitsiyalarini tiklab oldi. Oqibatda Rossiya prezidenti Vladimir Putin kutilmaganda qiyin ahvolga tushib qoldi, deb yozdi The Telegraph.

Nashrning ta’kidlashicha, Zelenskiy bu safar kiyimni to‘g‘ri tanladi. O‘tgan safar, fevral oyida Oval kabinetdagi uchrashuvda Zelenskiyning kiyimi amerikaliklarni g‘azablantirgandi. Biroq, bu safar u o‘z yaxlitligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi va aprel oyida Papa Fransiskning dafn marosimida bo‘lgani kabi qora pidjak kiyib oldi.

«Tramp xursand bo‘ldi va hayratda qoldi. Qolaversa, o‘tgan safar keskin savol bergan muxbir uning yangi kiyimini maqtaganida, Zelenskiy bunga munosib javob qaytardi. Siz hamon o‘sha kostyumda ekansiz, dedi u istehzoli jilmayib. Men o‘zgardim. Siz o‘zgarmabsiz, dedi u. Hamma kulib yubordi. Muxbir pichoq zarbasini sezmagan ko‘rinadi, biroq qolganlar shamani tushundi»,  deb yozdi nashr.

Qayd etilishicha, Zelenskiy va yevropaliklarning taktikasi shunday bo‘lgan: Trampga zarur darajada hurmat va xushomadni ko‘rsatish, shu bilan birga raqiblariga bosim o‘tkazadigan pozitsiyani egallash.

Shuningdek, yana bir usul – Zelenskiy rafiqasining maktubini birinchi xonimga yetkazish ham qo‘llandi. Bu Melaniyaning Putinga bolalarni himoya qilishga chaqirib yozgan maktubiga ishora edi.

«Bu sizga emas, rafiqangizga»,  dedi Ukraina rahbari o‘zini iliq kutib olgan Trampga maktubni topshirar ekan.

«Bu g‘oya bo‘yicha ham, sahnalashtirish bo‘yicha ham ideal edi: Qo‘shma Shtatlarning qo‘llab-quvvatlash ishorasidan prezident uchun juda shaxsiy tarzda foydalanish. Psixologik nuqtayi nazardan bu Trampni o‘z tomoniga og‘dirish uchun o‘ylab topilgani aniq»,  deb yozdi nashr.

Ta’kidlanishicha, umumiy manzara Ukraina uchun ideal bo‘lmasa-da, Alyaskadagi sammit bilan solishtirganda, Yevropa alyansi muhim strategik yutuqlarga erishdi. Bundan tashqari, Zelenskiy, Tramp o‘tgan safar nohaq ayblaganidek, AQSh prezidentini o‘ziga to‘sqinlik qilishdan ko‘ra, tinchlikka chin dildan qiziqishiga ishontirganga o‘xshaydi.

Bu, ehtimol, bugungi kundagi eng muhim yutuqqa yo‘l ochdi: Tramp xavfsizlik kafolati sifatida Amerika qo‘shinlarini kiritish imkoniyatini istisno qilishdan bosh tortdi. «Ular [Yevropa] birinchi mudofaa chizig‘i, chunki ular o‘sha yerda... lekin biz ham ularga yordam bermoqchimiz. Biz ishtirok etamiz»,  dedi u.

Bundan tashqari, Tramp Zelenskiy va Putin uchrashuviga tayyorgarlikni boshlaganini e’lon qildi va bu Ukraina va ittifoqchilarning yana bir g‘alabasi ekanini tasdiqlaydi.

«Uchrashuv Putinning Zelenskiyni qonuniy davlat rahbari sifatidagi maqomini jimgina tan olishini anglatardi, bu esa, albatta, rossiyaliklarga yoqmaydi»,  deb yozdi nashr.

The Telegraph fikriga ko‘ra, dushanbani Ukrainaning tinch diplomatik g‘alabasi sifatida qayd etish mumkin.

«Putin so‘nggi haftalarda birinchi marta bosim ostida qolgan bo‘lishi mumkin. Agar u o‘z hokimiyatiga bo‘lgan bu tajovuzlarga bitimni yoki kelajakdagi har qanday muzokaralarni buzish bilan javob qaytarsa, o‘zini aybdor tomon sifatida ko‘rsatishi mumkin. Bu esa urushga chek qo‘ymoqchi bo‘layotgan Oq uy tomonidan javob choralari ko‘rilishiga olib kelishi mumkin»,  deb yozdi The Telegraph.

Mavzuga oid