Jahon | 16:17 / 23.08.2025
6205
6 daqiqa o‘qiladi

“Gideon aravalari-2” - Isroilning G‘azodagi urushida yangi bosqich

Isroil mudofaa vaziri G‘azo shahrini okkupatsiya qilish rejasini tasdiqladi. Rasman 20 avgust kuni boshlangan operatsiya “Gideon jang aravalari – 2” deb nomlandi va Hamasni to‘liq yo‘q qilishni maqsad qilgan. “Geosiyosat” dasturida G‘azo va uning atrofidagi so‘nggi voqealar yuzasidan siyosatshunoslar Shavkat Ikromov va Alouddin Komilov so‘z yuritadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azo atrofidagi vaziyat qanday va Isroilning “Gideon aravalari-2” operatsiyasidan asosiy maqsad nima?

Shavkat Ikromov: 2023 yil oktyabridan buyon G‘azodagi vaziyat tinimsiz yomonlashib bormoqda. Boshlangan harbiy to‘qnashuvlar chuqur gumanitar inqirozga aylangan. Oziq-ovqat tanqisligi, ocharchilik, kasalliklarning tarqalishi va tinimsiz bombardimonlar natijasida qurbonlar soni ortib bormoqda.

Tomonlar o‘rtasida murosaga erishish borasida hech qanday yutuq yo‘q. Misr va Qatar kabi davlatlarning vositachilik urinishlari ham samarasiz bo‘ldi. Bu davlatlar endilikda faol vositachilik rolini o‘ynay olmayapti. 20 dan ortiq G‘arb davlatlari, jumladan, Germaniya, Buyuk Britaniya, Ukraina va Fransiya Isroilga xalqaro jurnalistlar va mustaqil tekshiruvchilarni G‘azoga kiritish talabini qo‘ymoqda. Bu talab ayniqsa G‘arb davlatlari tomonidan kuchli qo‘llanmoqda. Arab yoki musulmon davlatlaridan esa bu borada uncha katta bosim kuzatilmayapti.

Dastlab ocharchilik haqidagi ma’lumotlarga ayrim doiralar ishonchsiz deb qaragan bo‘lsa, yaqinda Isroilning o‘zidagi olimlar va tibbiyot mutaxassislari G‘azoda keng ko‘lamli ocharchilik mavjudligini tasdiqlovchi hisobotlar e’lon qildi.

Isroil armiyasi tomonidan olib borilgan “Gideon aravalari” nomli harbiy amaliyot ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqichi may oyida boshlanib, avgustgacha davom etdi. Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, bu operatsiya muvaffaqiyatli bo‘lmagan, natijada hozir ikkinchi bosqichi boshlandi. Operatsiya nomi diniy manbadan olingan bo‘lib, yahudiylar muqaddas kitobidagi Gideon obraziga tayangan. Bu obraz tarixiy jihatdan dushmanlarga qarshi mutlaqo shafqatsiz kurashni anglatadi.

Dastlabki “Gideon aravalari” operatsiyasidan maqsad – Hamasni yo‘q qilish, tashkilotni harbiy va siyosiy jihatdan zaiflashtirish; G‘azoning ayrim hududlarini nazoratga olish, to‘liq egallash emas, balki strategik hududlarda nazoratni saqlab qolish; oziq-ovqat tarqatish ustidan nazoratni qo‘lga olish edi.

Isroil oziq-ovqat yordamlarini tarqatish paytida Hamas a’zolari tinch aholi qiyofasida yordamlarni egallab olayotgani, shu sababli oziq-ovqat taqsimotini o‘z nazoratiga olishi zarurligini da’vo qildi. Shu sababli markaziy va janubiy hududlarda shtablar tashkil qilinib, taqsimot jarayoniga aralashildi. Ammo ko‘plab holatlarda oziq-ovqat olishga kelgan tinch aholiga qarata o‘q uzildi.

“Gideon-1” operatsiyasidan keyin Isroil G‘azoning 75 foiz hududini egallaganini da’vo qilmoqda. Biroq operatsiyaning samaradorligi borasida Isroil ichkarisida ham katta bahs-munozaralar mavjud. Ayrim harbiylar G‘azoni to‘liq egallash falokatli oqibatlarga olib kelishini aytmoqda. Shunga qaramay, birinchi bosqich muvaffaqiyatsiz deb topilgach, ikkinchi bosqich boshlandi. Bu esa, harbiy harakatlarning hali uzoq davom etishi mumkinligini ko‘rsatadi.

G‘azo aholisini hududdan boshqa davlatlarga ko‘chirish masalasi yana muhokama qilinyapti. Bu qanchalik real amalga oshishi mumkin?

Alouddin Komilov: Falastinliklarni G‘azodan ko‘chirish masalasi uzoq yillar davomida xalqaro darajada tabu, ya’ni ochiq muhokama qilinmaydigan mavzu bo‘lib kelgan. Rasmiy doiralarda bu borada deyarli hech qanday bayonot berilmagan. Biroq 2023 yil 7 oktyabr voqealaridan keyin bu mavzu ko‘proq tilga olinadigan bo‘ldi. Xalqaro tashkilotlar va hukumatlar bu kabi harakatlarga qat’iy qarshi chiqmoqda. Ammo Isroil ichida, ayniqsa Netanyahuning o‘ta o‘ng qanot koalitsiyasi davrida vaziyat boshqacha tus oldi. So‘nggi yillarda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatmoqdaki, 76 foiz isroillik yahudiylar “ko‘ngilli evakuatsiya” (ya’ni falastinliklarning G‘azodan chiqarilishi) g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu fikr hukumatning harbiy operatsiyalarini oqlash va ularni asoslash uchun vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

2025 yil may oyida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, 82 foiz isroilliklar G‘azo aholisi quvg‘in qilinishi kerak, degan fikrni yoqlaydi. 63 foizi gumanitar yordamga qarshi, 47 foizi esa G‘azodagi ocharchilik va boshqa inqiroz haqidagi xabarlarni dezinformatsiya deb hisoblaydi. Isroildagi ko‘plab OAV hukumatga yaqin bo‘lib, G‘azodagi real vaziyatni yetarlicha yoritmaydi. Shu sababli aholining muhim qismi G‘azodagi ocharchilik, gumanitar falokat va quvg‘in haqidagi xabarlarni inkor etadi yoki ularga ishonmaydi.

Xalqaro OAV esa bu masalani faol yoritmoqda. Lekin Isroil ichkarisida bu xabarlarga nisbatan shubhali munosabat bor. Natijada ilgari tabu bo‘lgan falastinliklarni ko‘chirish masalasi endilikda ichki siyosatda tobora real siyosiy yo‘nalishga aylanmoqda.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube’da tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid