Jahon | 00:19 / 25.08.2025
5714
3 daqiqa o‘qiladi

1990-yillarda Germaniya Rossiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga qarshi chiqqan – OAV

GFRning o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Folker Ryue Moskvaning alyansga kirishi NATO uchun “o‘lim haqidagi guvohnoma” bo‘ladi deb hisoblagan.

Foto: PA

1994 yilda Boris Yelsin AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Bill Klinton bilan Rossiyaning NATOga a’zo bo‘lishi masalasini muhokama qilgan, biroq Germaniya hukumati Moskvaning alyansga kirishiga qarshi chiqqan. Bu haqda Der Spiegel jurnali maxfiy hujjatlarga tayanib yozmoqda

Mazkur hujjatlarga ko‘ra, Bill Klinton Moskvani alyansga qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. Germaniyaning Vashingtondagi elchisi Tomas Matussek bu “AQShning rasmiy pozitsiyasi” ekanligi haqida xabar bergan.

O‘sha yil yanvarida AQSh davlat kotibining o‘rinbosari Stroub Tolbott NATOning Bryusseldagi qarorgohida yig‘ilgan elchilarni Klintonning pozitsiyasidan xabardor qilgan. 

"Rossiyaning NATOga a’zo bo‘lishi haqida gap ketganida Germaniya hukumati o‘zini beton kabi tutgan", - deb yozadi Der Spiegel.

GFRning o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Folker Ryue Moskvaning alyansga kirishi NATO uchun “o‘lim haqidagi guvohnoma” bo‘ladi deb hisoblagan.

Bonndagilar voqealarning bunday rivojlanishi NATO ichidagi qarama-qarshilikni kuchaytirib yuborishi va tashkilotning qo‘llari bog‘lanib qolishidan xavotirlangan. Bundan tashqari, NATO “Rossiyaning beqarorligidan sug‘urta” hisoblanib, Moskva unga a’zo bo‘ladigan bo‘lsa, bu maqom yo‘qqa chiqishidan cho‘chigan.

Shuningdek, Moskva NATOga qo‘shiladigan bo‘lsa, G‘arb askarlari “Rossiyani Xitoy va Mo‘g‘uliston chegaralarida himoya qilishlariga to‘g‘ri keladi” degan xavotir ham bo‘lgan.

"Bonn hattoki ishonchli demokratik Rossiyaga ham alyansda o‘rin bo‘lmaydi, degan fikrda qat’iy turgan", - deyiladi maqoladi.

Yevropaning qolgan mamlakatlari ham bu fikrga qo‘shilgan.

1994 yil noyabrda Germaniya federal kansleri idorasi, TIV va IIV xodimlaridan iborat ishchi guruh GFRning xorijdagi barcha vakolatxonalariga dasturiy hujjat tayyorlab jo‘natgan. Unda Ukraina va Belarus kabi Rossiya ham " G‘arbiy Yevropa ittifoqi (mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha tashkilot – 2011 yilgacha faoliyat olib borgan)ga ham, NATOga ham a’zo bo‘la olmasligi" ta’kidlangan.

"O‘sha vaqtlarda Rossiya tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Andrey Kozirev germaniyalik hamkasbi Klaus Kinkeldan Rossiya nima uchun NATOga a’zo bo‘la olmasligini so‘raganida, Kinkel hozircha alyans  Moskvani o‘z safiga qabul qilishga tayyor emasligini aytgan", deb yozadi Der Spiegel.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid