Jahon | 14:06 / 25.08.2025
1709
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Kiyev AQSh bilan Rossiyaga uzoq masofadan zarba berishni muhokama qilmayapti

Volodimir Zelenskiy WSJ gazetasining AQSh Kiyevga Rossiyaga uzoq masofali qurollar bilan zarba berishga ruxsat bermasligi haqidagi da’vosini na tasdiqladi, na inkor etdi. Ukraina buning uchun o‘z qurollaridan foydalanadi, dedi prezident.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerikaning The Wall Street Journal (WSJ) gazetasining Pentagon bir necha oy davomida Ukrainaning Rossiyaga zarba berish uchun uzoq masofali raketalardan foydalanishiga to‘sqinlik qilayotgani haqidagi da’vosini na tasdiqladi, na inkor etdi. Bu haqda Zelenskiy 24 avgust, yakshanba kuni Ukraina Mustaqilligining 34 yilligini nishonlash uchun Kiyevga kelgan Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

"Bugungi kunda biz mahalliy ishlab chiqarilgan uzoq masofali qurollardan foydalanamiz (Rossiya Federatsiyasiga zarba berish uchun). Rostini aytsam, oxirgi paytlarda Qo‘shma Shtatlar bilan bunday masalalarni muhokama qilmaganmiz. Bir vaqtlar bizning energetika sektorimizga berilgan zarbalarga javoban bizning zarbalarimiz haqidagi turli xil signallar yo‘llangan", deya javob qaytardi Zelenskiy bir kun oldin chop etilgan WSJ maqolasiga izoh berib.

Oxirgi oylarda Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) tomonidan Rossiya hududiga uzoq masofali raketalar bilan zarbalar berilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina harbiylari bunday hujumlar uchun uzoq masofali hujumkor dronlardan foydalangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid