Jahon | 22:38 / 27.08.2025
36580
5 daqiqa o‘qiladi

ChatGPT amerikalik yigitga o‘z joniga qasd qilishda yordam berdi

O‘smirning ota-onasi chat-botni «o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha instruktorga aylanganini» ta’kidlab, OpenAI kompaniyasi va uning bosh direktori Sem Altmanni sudga berdi.

Foto: BBC

ChatGPT bilan muloqotdan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan amerikalik 16 yoshli o‘smirning ota-onasi chat-botni ishlab chiqqan OpenAI kompaniyasi va uning bosh direktori Sem Altmanni sudga berdi. Bu haqda Reuters va NBC News yozdi.

O‘smir ota-onasining fikricha, kompaniya o‘tgan yili GPT-4o neyrotarmog‘ining yangi modelini ishga tushirganida ongli ravishda tijoriy foydani xavfsizlikdan ustun qo‘ygan.

San-Fransisko (Kaliforniya shtati) sudiga berilgan da’voga ko‘ra, 16 yoshli Adam Reyn bir necha oy davomida ChatGPT bilan o‘z joniga qasd qilish masalasini muhokama qilganidan keyin 11 aprel kuni bunga qo‘l urgan.

Adamning ota-onasi Metyu va Mariya Reyn so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li o‘z joniga qasd qilgandan so‘ng ular uning telefonidan hodisa sabablarini topishga harakat qilgan.

«Biz Snapchat ilovasidagi muhokamalarni yoki internetdagi qidiruv tarixini tekshirdik. Yoki qandaydir g‘alati sektani qidiryapmiz, deb o‘yladik», dedi o‘smirning otasi. Oilaning ta’kidlashicha, ular ChatGPT’ni ochmaguncha o‘z savollariga javob topolmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, Adam Reyn hayotining so‘nggi haftalarida ChatGPT’dan insoniy muloqot o‘rnini bosuvchi vosita sifatida foydalangan, u bilan muammolarni muhokama qilgan va uy vazifasini bajarishda yordam so‘ragan.

Oxir-oqibat chat-bot «o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha instruktorga aylandi», dedi o‘smirning ota-onasi. «Agar ChatGPT bo‘lmaganida, u tirik qolardi. Men bunga 100 foiz aminman», dedi Metyu Reyn.

Da’vo arizasida aytilishicha, ChatGPT Adamga «o‘z joniga qasd qilish usullarini o‘rganishda faol yordam bergan». O‘smir «yaqinda o‘z joniga qasd qilishini» aytganida, chat-bot «suhbatni yakunlamagan va favqulodda yordam protokolini ishga tushirmagan», deyiladi da’vo arizasida. Bundan tashqari, da’vogarlarning ta’kidlashicha, ChatGPT o‘lim oldidan «vidolashuv xatini yozishda yordam taklif qilgan». O‘smir o‘z joniga qasd qilishidan bir necha soat oldin ChatGPT’ga o‘z joniga qasd qilish rejasini yuklagan va bunday usul ish beradimi, deb so‘ragan. Bunga javoban chat-bot uni «takomillashtirishga» yordam berishni taklif qilgan, deyiladi da’vo arizasida.

O‘smirning ota-onasi OpenAI kompaniyasini o‘limga sabab bo‘lishda, chat-botdagi nuqsonlarda, shuningdek, ChatGPT bilan bog‘liq xavflar haqida ogohlantirmaganlikda ayblamoqda. Da’vogarlar OpenAI kompaniyasidan ChatGPT foydalanuvchilarining yoshini tekshirishni, o‘z-o‘ziga zarar yetkazish usullari haqidagi so‘rovlarni rad etishni va foydalanuvchilarni psixologik qaramlik xavfi haqida ogohlantirishni talab qilmoqda.

OpenAI kompaniyasi yigitning o‘limidan qayg‘uda ekanini bildirdi va ChatGPT inqirozli vaziyatlarda odamlarni yordam liniyasiga yuborish kabi ehtiyot choralarini ko‘rishini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, bunday choralar chat-bot bilan qisqa muddatli suhbatlarda yaxshi samara beradi, «uzoq muddatli suhbatlarda» esa «ishonchsizroq» bo‘lishi mumkin.

«Biz ChatGPT inqirozli vaziyatlarda ko‘proq yordam ko‘rsatishi, favqulodda xizmatlarga kirishni osonlashtirishi, odamlarga ishonchli aloqa o‘rnatishga yordam berishi va o‘smirlar himoyasini kuchaytirishi ustida ishlayapmiz», deb ta’kidladi kompaniya.

Kompaniya ota-onalarga farzandlari ChatGPT’dan qanday foydalanayotgani haqida ko‘proq ma’lumot olish imkonini beruvchi «ota-ona nazorati» funksiyalarini joriy qilmoqchi ekanini bildirdi. Ammo Adam Reynning o‘z joniga qasd qilish holati bayonotda tilga olinmadi.

Mavzuga oid