Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh apellyatsiya sudi Trampning aksariyat tariflarini «noqonuniy» deb topdi
Tramp ikkinchi prezidentlik muddatiga kelgach tariflarni AQSh tashqi siyosatida siyosiy bosim vositasi sifatida qo‘llay boshladi. AQSh Federal okrug apellyatsiya sudi - aprel oyida joriy qilgan «o‘zaro» tariflar va 3 davlatga qo‘yilgan alohida tariflarni noqonuniy, deb topdi. «Tramp asos qilgan «Favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun»ni qabul qilgan Kongress - prezidentga cheksiz tarif vakolati berishni ko‘zlamagan», deyiladi sud hujjatida.
Foto: NYT
Vashingtonda joylashgan AQSh apellyatsiya sudi bo‘lingan tarkibda juma kuni Donald Trampning aksariyat tariflari noqonuniy ekanini hukm qildi. Bu haqda xabar bergan Reutersʼning yozishicha, ushbu qaror Trampning tariflarni xalqaro iqtisodiy siyosatning asosiy vositasi sifatida qo‘llashini zaiflashtiradi.
Sud tariflarning 14 oktyabrgacha kuchda qolishiga ruxsat berdi, shunda Tramp ma’muriyati AQSh Oliy sudiga shikoyat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
«Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatida tariflarni AQSh tashqi siyosatining tayanchiga aylantirdi. Ularni siyosiy bosim vositasi sifatida qo‘llab, AQShga mahsulot eksport qiladigan davlatlar bilan savdo shartnomalarini qayta ko‘rib chiqdi. Tariflar Tramp ma’muriyatiga savdo hamkorlaridan iqtisodiy yon berishlar olishda qo‘l keldi, biroq moliya bozorlarida beqarorlikni ham kuchaytirdi», deyiladi xabarda.
Tramp qarorni «yuqori darajada partiyaviy» sud qarori deya tanqid qildi. «Agar bu tariflar bekor qilinsa, mamlakat uchun mutlaq falokat bo‘ladi», deb yozdi u. Shunga qaramay, u qaror bekor qilinishini taxmin qildi va Oliy sud yordamida tariflar mamlakatga foyda keltirishini aytdi.
AQSh Federal okrug apellyatsiya sudining 7 ga 4 ovoz bilan qabul qilingan qarori Trampning savdo urushi doirasida aprel oyida joriy qilgan «o‘zaro» tariflari, shuningdek fevral oyida Xitoy, Kanada va Meksikaga qo‘yilgan alohida tariflarning qonuniyligini ko‘rib chiqdi. Sud qarori boshqa huquqiy asoslarda joriy qilingan tariflarga, masalan, Trampning po‘lat va alyuminiy importiga qo‘ygan tariflariga taalluqli emas.
Tramp bugunga qadar joriy qilgan bojlarini — 1977 yilda qabul qilingan Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun (IEEPA) bilan asoslagan. Ushbu qonun prezidentga favqulodda vaziyatlarda «noodatiy va favqulodda» tahdidlarga qarshi choralar ko‘rish vakolatini beradi.
Sud esa «qonun prezidentga milliy favqulodda vaziyatda bir qator choralar ko‘rish vakolatini berishini, biroq bu choralar orasida tariflar yoki soliqlarni joriy etish aniq ko‘rsatilmaganini» bildirgan. «IEEPA'ni qabul qilgan Kongressning prezidentga cheksiz tarif vakolati berishni ko‘zlagani ehtimoldan yiroq» deya sud qaroridan iqtibos keltirmoqda nashr.
Apellyatsiya sudi qarori ikki ish doirasida ko‘rib chiqildi: besh kichik amerikalik biznes va 12 ta demokratlar boshchiligidagi shtat IEEPA tariflarga ruxsat bermaydi deb da’vo qilgan. AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, soliq va tariflar bo‘yicha vakolat Kongressga tegishli, prezidentga bunday vakolat topshirilsa, u aniq va cheklangan bo‘lishi kerak.
Tarixan ushbu qonun — AQSh dushmanlariga nisbatan sanksiyalar joriy etish yoki ularning aktivlarini muzlatish uchun ishlatilgan. Tramp esa uni tarif joriy etish uchun qo‘llagan birinchi prezident bo‘ldi. U buni savdo nomutanosibligi, AQSh ishlab chiqarishining susayishi va narkotiklarning chegaradan oqib kirishi bilan izohladi. Adliya vazirligi esa qonun importni «tartibga solish» yoki butunlay to‘sib qo‘yish orqali tariflarga ham yo‘l beradi deb ta’kidladi.
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
07:38