Jahon | 19:39 / 01.09.2025
6549
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Yevrokomissiya rahbari samolyotining GPS signalini o‘chirib qo‘yganlikda ayblandi

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning samolyoti Bolgariyaga qo‘nayotganda GPS so‘ndiruvchi tizimlar ta’siriga tushib qoldi.

Foto: Getty images

CNN xabariga ko‘ra, hodisa 31 avgust kuni, samolyot Plovdivga qo‘nayotganda sodir bo‘lgan. Vaziyatdan xabardor manbaning so‘zlariga ko‘ra, navigatsiya tizimlari ishdan chiqqan va uchuvchilar qog‘oz xaritalardan foydalanishga majbur bo‘lgan.

«Aeroport atrofidagi butun hudud GPS signalisiz qoldi. Bir soatlik aylanishdan so‘ng, uchuvchi samolyotni qo‘lda qo‘ndirishga qaror qildi. Bu so‘zsiz aralashuv edi», dedi suhbatdoshlardan biri.

The Financial Times gazetasining uch rasmiy shaxsga tayanib yozishicha, hodisa Rossiyaning aralashuv operatsiyasi sifatida baholanmoqda.

Bolgariya havo harakatini boshqarish xizmati hodisa faktini tasdiqladi.

«2022 yil fevral oyidan boshlab GPS signallarini o‘chirish va simulyatsiya qilish holatlari sezilarli darajada oshdi. Ushbu to‘siqlar signallarni to‘g‘ri qabul qilishni buzadi va aviatsiya hamda yerusti tizimlari uchun jiddiy operatsion muammolarni keltirib chiqaradi», deyiladi xabarda.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov FT’ga bergan izohida ayblovlarni rad etib, «ma’lumotlaringiz noto‘g‘ri», dedi.

Harbiylar va maxsus xizmatlar tomonidan strategik obektlarni himoya qilish uchun an’anaviy ravishda qo‘llaniladigan GPS-so‘ndirish va signallarni almashtirish fuqarolik infratuzilmasini buzish uchun tobora ko‘proq qo‘llanilmoqda. Skandinaviya va Boltiqbo‘yi davlatlari rasmiylari Moskvani navigatsiya tizimlarini muntazam ravishda o‘chirib qo‘yishda bir necha bor ayblagan. Yevropa hukumatlari bunday hodisalarning ko‘payishi samolyot halokatlariga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda, chunki ular parvoz paytida samolyotlarni «ko‘r qiladi».

Ursula fon der Lyayyen Varshavadan Plovdivga Bolgariya bosh vaziri Rosen Jyelazkov bilan uchrashish va mudofaa korxonalariga tashrif buyurish uchun yo‘l olgan edi. Ushbu tashrif Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi sharoitida mudofaa tayyorgarligini kuchaytirish maqsadida Yevropa Ittifoqining frontoldi mamlakatlari bo‘ylab safarining bir qismi bo‘ldi.

Mavzuga oid