Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y bergan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Maktab direktorlarining maoshi oshadi

1 sentabrdan maktab direktorlarining oyligi oshiriladi. Bu haqda davlat rahbarining joriy yil mart oyida qabul qilingan farmonida ko‘zda tutilgan.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab:

  • maktab direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga;
  • maktab direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshiriladi.

I va II guruhga kiruvchi bog‘cha direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari tegishlicha III va IV guruhdagi maktab direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi (ya’ni oshiriladi).

Shuningdek, 1 sentabrdan menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktoriga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik 30 foiz qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.

Ish beruvchilar ayrim majburiyatlardan qutuldi

4 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimiga oid farmon imzolagandi. Unga ko‘ra, uchta sohadagi kichik biznes xodimlarni Face-ID orqali ishga olishi mumkin bo‘ladi, ish beruvchilar ayrim majburiyatlardan qutuladi, xodimni norasmiy ishlatganlik uchun jazo kuchayadi hamda ishsizlik nafaqasini to‘lash shartlari qat’iylashadi.

Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab:

  • 50 nafargacha xodimi bo‘lgan xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) orqali