Jahon | 07:15 / 03.09.2025
4243
2 daqiqa o‘qiladi

Bundesver bosh inspektori: Putinning rejalari faqat Ukrainadan iborat emas

Quadriga 2025 mashg‘ulotlari doirasida Germaniya yana bir bor NATO bo‘yicha hamkorlar bilan birgalikda sharqiy qanot himoyasini mashq qilmoqda. Manyovrlar to‘xtatuvchi omilga aylanishi kerak, dedi Karsten Broyyer.

Karsten Broyyer Foto: L. Balandžio / BNS

Quadriga 2025 yirik manyovrlari doirasida Germaniya Qurolli kuchlari (Bundesver) 13 ta hamkor davlat bilan birgalikda inqiroz va urush davrida Boltiq dengizi mintaqasini mudofaa qilishni mashq qilmoqda. Mashg‘ulotlardan ko‘zlangan maqsad to‘xtatuvchi omilni kuchaytirish va jangovar tayyorgarlikni oshirishdan iborat, dedi Bundesver bosh inspektori (bu lavozim GFR barcha qurolli kuchlari qo‘mondoni lavozimiga teng) Karsten Broyyer Berlinda manyovrlarning boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

General Broyyer Boltiq dengizi mintaqasiga tahdid solayotgan «Rossiyaning tajovuzkor xatti-harakatiga» ishora qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin «bizga qaramoqda, uning rejalari Ukrainadan tashqarida», deya ogohlantirdi u. Bundesverda Rossiya hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida hech qanday ma’lumot bo‘lmasa-da, harbiylar hozirlik holatida. «Bundesver mashg‘ulot o‘tkazishi, mashq qilishi va yana mashq qilishi kerak», dedi Karsten Broyyer.

Bosh inspektorning ta’kidlashicha, ushbu harbiy mashg‘ulotlar 12-16 sentabr kunlari Belarusda o‘tkaziladigan Rossiya-Belarus «Zapad-2025» manyovrlari bilan o‘z vaqtida qisman mos keladi. «Biz eskalatsiyani qo‘zg‘atmaslikni, tiyib turishni istaymiz», dedi u va odamlarni bu borada Rossiya dezinformatsiyasining «hiylalariga berilmaslikka» chaqirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid