Iqtisodiyot | 19:17 / 03.09.2025
7084
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya iqtisodiyotida turg‘unlik. Budjetning naq yarmi harbiy xarajatlarga ketyapti

Rossiya iqtisodiyoti kutilganidan ham tezroq sekinlasha boshladi. Joriy yildagi iqtisodiy o‘sish prognozi 1,2 foizgacha pasaytirildi. Bu energetika sektoridan kelayotgan daromadlarning keskin kamayishi fonida yuz beryapti. Birinchi yarim yillikda «Rosneft», «Tatneft», «Lukoyl» va «Gazprom Neft»ning sof foydasi 2-3 barobarga qisqarib ketgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rekord darajadagi harbiy xarajatlar

Germaniya Xalqaro xavfsizlik muammolari instituti ilmiy xodimi Yanis Klyugening tahlillariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida Rossiya budjetidan harbiy xarajatlarga ajratilgan mablag‘ 8 trln 484 mlrd rublni tashkil etib, mutlaq rekord o‘rnatgan.

Bu miqdor o‘tgan yillarning mos davriga nisbatan sezilarli darajada ko‘p: 2024 yilga nisbatan 31 foizga, 2023 yilga nisbatan 95 foizga, 2022 yilga nisbatan esa 3 barobarga.

Klyugening qayd etishicha, joriy yilning birinchi va ikkinchi choraklarida Rossiya armiyasi va qurol ishlab chiqarishga kuniga o‘rtacha 46,9 mlrd rubl sarflagan. Taqqoslash uchun, bu – Rossiyaning ayrim mintaqalari, jumladan Qorachoy-Cherkesiya va Oltoy Respublikasining yillik budjetidan ham yuqori.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin keltirgan raqamlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 6 oyida davlat budjeti daromadlari 17,5 trln rubldan oshgan. Bu esa soliq to‘lovchilar hisobidan federal budjetga tushgan har ikkinchi rubl armiya va qurol xaridiga sarflanayotganini anglatadi.

Reuters'ning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Kreml Ukrainadagi tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatli yakunlansa ham, 2026 yilda harbiy xarajatlarni qisqartirishni rejalashtirmayapti.

Neft daromadlari karrasiga qisqardi

Birinchi yarim yillikda Rossiyaning neft kompaniyalari daromadlari ham keskin qisqargan. Bloomberg'ning yozishicha, mamlakatda neft ishlab chiqarishning uchdan bir qismini nazorat qiluvchi «Rosneft»ning sof foydasi 773 mlrd rubldan 245 mlrd rublga yoki 68 foizga kamaygan. Kompaniya bosh direktori Igor Sechinning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va AQSh sanksiyalari kuchaygani sababli Rossiya neftiga qo‘shimcha chegirmalar berishga to‘g‘ri kelgan, rublning mustahkamlanishi esa eksport qiluvchilarning daromadiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Boshqa yirik ishlab chiqaruvchilar «Lukoyl» va «Gazprom Neft»ning sof foydasi 2 barobardan ko‘proqqa, «Tatneft»niki esa qariyb 3 barobarga qisqarib ketgan.

Daromadning keskin kamayishida G‘arb sanksiyalari va cheklovlari qanchalik rol o‘ynagani aniq emas. Rossiyaning asosiy eksport nefti Urals bahosi yilning birinchi yarmida barreliga o‘rtacha 58 dollardan sotilgan. Bu o‘tgan yilga qaraganda 13 foiz past narx. Shu bilan birga, yil boshidan iyun oxirigacha rubl dollarga nisbatan qariyb 23 foizga mustahkamlandi. Natijada ishlab chiqaruvchilar sotilgan har barrel neft uchun rublda kamroq daromad olishgan.

Igor Sechinning ta’kidlashicha, Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani uzoq vaqt yuqori darajada ushlab turishi – rublning haddan tashqari mustahkamlanishiga olib kelgan. Bu esa ham davlat budjetiga, ham eksportchi kompaniyalarga zarar keltiryapti. Bundan tashqari, neft kompaniyalarning qarzlarni qaytarish xarajatlari oshib, moliyaviy barqarorligi yomonlashgan va investitsiya imkoniyatlari kamaygan.

Umuman olganda, davlat budjeti daromadlarining uchdan bir qismini ta’minlaydigan Rossiya neft-gaz sektori murakkab davrni boshidan o‘tkazyapti. Sanksiyalar, tanker yetishmovchiligi va logistika muammolari eksportni qiyinlashtirib qo‘ygan.

Budjet taqchilligi

Mixail Mishustinning birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha taqdim qilgan hisobotida keltirilishicha, budjet taqchilligi YaIMning 3,4 foizni tashkil etgan. Bu joriy yil uchun prognoz qilingan 1,7 foizlik defitsitdan 2 barobar yuqori. Bunga asosiy sabab sifatida neft-gaz daromadlarining kamayishi ko‘rsatilgan. O‘z navbatida, energetikaga aloqador bo‘lmagan sektorlardan keladigan daromad keskin oshgani qayd etilgan.

Yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’ati ham dastlabki kutilmalardan past bo‘lishi mumkin. Interfax'ning hukumatdagi manbalariga tayanib yozishicha, iqtisodiy o‘sish 2025 yilda 1,2 foizni tashkil etishi mumkin – bu avvalgi 1,5 foizlik prognozga nisbatan kam. O‘z navbatida, budjet tanqisligi ham yil yakuni bo‘yicha 1,7 foizdan yuqori bo‘lishi kutilyapti.

Doston Ahrorov,
Kun.uz

Mavzuga oid