Jahon | 15:39 / 04.09.2025
10768
6 daqiqa o‘qiladi

Isroil AQSh yordamisiz qancha yashaydi?

Isroilning urush olib borishi ko‘p hollarda AQShning qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq deb qaraladi. Ammo raqamlar va tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Isroil iqtisodiy va harbiy jihatdan mustaqil salohiyatga ega. Biroq psixologik omil hal qiluvchi: arab davlatlari Isroil ortida AQSh turishini bilganidan unga bevosita hujum qilmaydi. Shu sababli AQShning chekinishi vaziyatni tubdan o‘zgartirishi mumkin. Bu haqda “Geosiyosat”da tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromov so‘z yuritadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shavkat Ikromov: Agar Qo‘shma Shtatlar bir kunda bu urushdan chiqib ketsa, ya’ni Isroilni harbiy, moliyaviy, siyosiy va g‘oyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatsa urush darhol tugaydi deb o‘ylaydi. Biroq masalani raqamlar orqali tahlil qilsak bu unchalik to‘g‘ri emas.

AQShning Isroilga yillik yordami 3,8 milliard dollarni tashkil etadi (2024-2025 yillar statistikasi). Isroilning yalpi ichki mahsuloti 500 milliarddan, yillik budjeti esa 100 milliarddan ortiq. Demak AQSh yordami Isroil YaIMning 1 foizidan, budjetining esa 1,5 foizidan ham kam. Shunday ekan, Isroil faqatgina AQSh yordamiga tayanib yashayapti, deb bo‘lmaydi. Uning iqtisodi mustaqil va mintaqadagi eng qudratli iqtisodiyot hisoblanadi. Harbiy nuqtayi nazardan ham Isroil Yaqin Sharqda eng kuchli davlatdir. U o‘z qurol-yarog‘ining katta qismini o‘zi ishlab chiqaradi, harbiy sanoati intellektual salohiyatga tayangan. Faqat ayrim texnik tizimlar, jumladan “Temir gumbaz”, AQShning razvedka va texnik ko‘magiga ehtiyoj sezadi. Mutaxassislar fikricha, agar AQSh yordamni to‘xtatsa, Isroil bir yildan ortiq mustaqil ravishda bunday tizimlarni to‘liq ishlata olmaydi. Xalqaro darajada esa AQShning chiqishi BMT uchun katta burilish bo‘ladi. Veto huquqidan foydalanish imkoniyati yo‘qolgach, Isroilga qarshi qat’iy qarorlar va sanksiyalar qabul qilinishi osonlashadi. Yevropa davlatlari ham Isroilni yakkalatishga intiladi, biroq bu jarayon sekin kechadi, chunki Yevropada Isroil lobbisi kuchli.

Mintaqa miqyosida arab davlatlari va Eron omili muhim. Lekin tarix shuni ko‘rsatadiki, arab davlatlari 1948 yildan buyon Isroil masalasida keskin choralar ko‘rmagan. Eron va Turkiya esa zudlik bilan jiddiy qadam tashlashi ehtimoldan yiroq. Xulosa shuki, AQShning qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi Isroilni darhol urushni to‘xtatishiga asos bo‘lmaydi. Biroq xalqaro bosim kuchayishi, Yevropa va BMTning choralar ko‘rishi ehtimoli ortadi. Isroil esa o‘z diplomatiyasi orqali yangi ittifoqchilar topishga urinadi.

Kamoliddin Rabbimov: Isroil masalasida eng muhim omil psixologik faktor. Arab davlatlari Isroilga bevosita hujum qilmaydi, chunki uning ortida AQSh turishini yaxshi biladi. Tarixga nazar tashlasak, Isroil va arab davlatlari o‘rtasida bir necha bor urushlar bo‘lgan. O‘sha paytda Sovuq urush davri edi: AQSh Isroilni texnologik va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatladi, arab davlatlarini esa Sovet Ittifoqi qo‘lladi. 1967 yilgi urush ham bunga yaqqol misol. Bugun esa mintaqa rahbarlari shunday fikrda: “Agar Isroilga tegsak, AQSh darhol barcha qudrati bilan aralashadi.” Shu bois, agar AQSh Isroilni tashlab qo‘ysa, Isroilning uzoq vaqt bardosh berishi qiyin bo‘ladi. Chunki mintaqadagi bir qator davlatlarning iqtisodiy va harbiy salohiyati Isroildan yuqori. Masalan, Turkiya: aholisi, hududi, armiyasi va resurslari jihatidan Isroildan ancha kuchli. Yaqinda Eron ham “Temir gumbaz”ni yorib o‘tdi. Turkiya xohlasa, Isroilni qisqa fursatda jiddiy zaiflashtira oladi. Iqtisodiy ko‘rsatkichlarga qarasak, Isroil YaIM qariyb yarim trillion dollar atrofida. Saudiya Arabistonining YaIM esa bir trillionga yaqin, Turkiyaniki ham shuncha. Demak, ko‘p davlatlarning iqtisodiy imkoniyatlari Isroildan ikki baravar yuqori. Isroilning kuchi ko‘proq AQShning cheksiz texnologik, razvedka va harbiy yordami evaziga shakllangan. Ronald Reagan davrida (1980-yillar oxirida) AQSh Isroilni NATOdan tashqari “asosiy ittifoqchi” maqomida tan olgan edi. Ya’ni NATO a’zoligiga kiritmagan bo‘lsa-da, unga deyarli shunday kafolatlarni bergan. Shu sababli agar ertaga AQSh hokimiyatiga boshqa rahbar kelib, “Isroilni himoya qilmaymiz” desa, Isroil og‘ir bosim ostida qoladi. Hatto urush boshlanmasdan ham mamlakat o‘zini xavfsiz his qilmay qolishi mumkin. Yana bir masala: “Agar AQShdan yuz o‘girsa, Isroil boshqa hamkor topadimi?” degan savol. Bu deyarli mumkin emas. Na Xitoy, na Rossiya, na Yevropa Ittifoqi AQShning o‘rnini bosib, Isroilga homiy bo‘la olmaydi.

Suhbatni batafsil YouTube’da tomosha qiling.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid