O‘zbekiston | 17:00 / 08.09.2025
14060
8 daqiqa o‘qiladi

Trampning Mirziyoyevga qo‘ng‘irog‘i Pekindagi uchrashuvlardan keyin bo‘lgani bejiz emas - siyosatshunoslar

5 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Ular shu oy oxirida Nyu Yorkdagi BMT sammiti doirasida bevosita uchrashishi ham mumkin. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar bu mavzu borasida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp suhbatida nimalra muhokama qilindi?

Anvar Yo‘ldoshev: 5 sentabr kungi telefon orqali muloqot, OAV xabarlariga ko‘ra, AQSh tomonining tashabbusi bilan amalga oshgan. Unda Tramp O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholagan. O‘zbekiston prezidenti ham Trampning tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etgan.

Suhbat davomida turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Muloqotda iqtisodiy aloqalarga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo aylanmasi hozircha yuqori emas. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 860–865 million dollarni tashkil etgan. Umuman olganda, AQShning Markaziy Osiyo bilan savdo hajmi uning tashqi savdo aylanmasining atigi 0,01 foizini tashkil etadi. Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy tashqi savdosida AQShning ulushi 2 foizga teng bo‘lib, uning asosiy qismi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston 2025 yilda AQSh bilan savdo hajmini 25 foizga oshirishni rejalashtirgan.

Shuningdek, xavfsizlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalari ham ko‘tarildi. Bu muloqot kelgusida hukumat komissiyalari va turli delegatsiyalar faoliyatini yanada jonlantirish uchun muhim asos bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov: Amerikaning Markaziy Osiyoga qarashi doimo geosiyosiy raqobat prizmasi orqali shakllanib kelgan. Zbignev Bjyezinskiy “Buyuk shaxmat doskasi” asarida ham Markaziy Osiyoda ikki muhim davlat Qozog‘iston va O‘zbekiston borligini, lekin asosiy e’tibor aynan O‘zbekistonga qaratilishi kerakligini ta’kidlab, bunga asos bo‘luvchi qator omillarni sanab o‘tgan.

So‘nggi kunlarda Pekinda muhim uchrashuvlar o‘tkazildi va oradan ko‘p o‘tmay Trampning qo‘ng‘iroq qilgani bejiz emas. Yaqin kunlarda Markaziy Osiyo yetakchilari BMT Bosh assambleyasida qatnashish uchun Nyu Yorkka borishi rejalashtirilgan. Odatda sentabr oyida davlat rahbarlari ushbu anjumanda ishtirok etadi. Shu munosabat bilan AQSh tomoni uchrashuv tashabbusi bilan chiqqan bo‘lishi mumkin. Bu uchrashuv davlat rahbarlari darajasida, 5+1 shaklida yoki ikki tomonlama formatda o‘tishi mumkin.

Vashington uchun Markaziy Osiyoda bir necha muhim omillar mavjud. Birinchidan, Rossiyaning mintaqadagi ta’sirini jilovlash. Ikkinchi masala – Afg‘onistondagi xavfsizlik muammolari edi. So‘nggi yillarda esa Xitoyning mintaqadagi ta’sirini oshirib yubormaslik muhim vazifalardan biriga aylangan. Markaziy Osiyo geosiyosiy chorrahada joylashgani bois strategik hudud sifatida qaraladi. Shu sabab garchi O‘zbekiston bilan AQShning iqtisodiy aloqalari uncha katta bo‘lmasa-da, Vashington uni geosiyosiy nuqtayi nazardan yuqori baholaydi.

AQSh mintaqadagi “ko‘p vektorlilik” siyosatini qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan aloqalarni yuqori darajada ushlab turishga intiladi. Trampning mintaqa haqida shaxsan chuqur bilimi bo‘lmasa-da, uning maslahatchilari bu hududning muhimligini doim eslatib kelishadi.

Shuhrat Rasul: Geografik sabablar tufayli O‘zbekiston AQSh bilan intensiv iqtisodiy aloqalar o‘rnatishi oson emas. Chunki AQShdan tovarlarni yetkazib kelish uchun bir necha okean va davlatlardan o‘tishga to‘g‘ri keladi, bu esa tannarxni oshirib, logistik xarajatlarni qimmatlashtiradi. Natijada Amerika mahsulotlari mintaqa bozorida raqobatbardosh bo‘la olmaydi. Xuddi shunday, O‘zbekiston mahsulotlari ham AQSh bozorida Meksika yoki mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari bilan raqobatlasha olmaydi.

Biroq O‘zbekistonning geosiyosiy ahamiyati beqiyosdir. Bugungi kunda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida strategik hamkorlik mavjud. Xuddi shunday hamkorlik kelishuvini AQSh Qozog‘iston bilan ham imzolagan. Demak, AQSh Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati bilan aloqalarini strategik darajaga ko‘targan. Mintaqa uchun bu hamkorlikning asosiy urg‘usi, avvalo, xavfsizlik bilan bog‘liq.

2017 yil 16 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrif buyurib, o‘sha vaqtda birinchi prezidentlik muddatida bo‘lgan Donald Tramp bilan uchrashgan edi. O‘sha uchrashuvda ular o‘rtasida do‘stona munosabatlar shakllangan. Trampning ikkinchi prezidentlik davrida ham O‘zbekiston bir necha bor tilga olindi. Bundan tashqari, yaqinda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida nodir metallar bo‘yicha memorandum imzolandi. Xuddi shunday shartnoma qo‘shni Qozog‘iston bilan ham tuzildi. Agar AQShning yirik kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya kiritadigan bo‘lsa, savdo-iqtisodiy aloqalar ham sezilarli yuksalishi mumkin.

O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham tashqi siyosatida hech bir kuch markaziga ustuvorlik bermasdan, ko‘p vektorli siyosat yuritmoqda. Bu esa mintaqaning barqarorligi va hayotiyligini ta’minlovchi asosiy omil hisoblanadi. Tramp birinchi ma’muriyatida davlat kotibi bo‘lgan Mayk Pompeo O‘zbekistonga tashrifida Vashington O‘zbekistonning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishini ta’kidlagan. Shuningdek, Qoraqalpog‘istondagi separatistik harakatlar vaqtida AQSh O‘zbekiston hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlagan.

Prezident Mirziyoyev AQSh prezidentini O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelishga taklif qildi. Bu taklif ikkinchi marta kiritildi. Birinchisida “ko‘rib chiqamiz” javobi berilgan edi. Balki yaqin kelajakda, Tramp prezidentligi davrida O‘zbekistonga rasmiy tashrif amalga oshirilishi mumkin.

Oybek Sirojov: Bu yerda asosiy e’tibor qo‘ng‘iroqning qachon amalga oshirilgani va u qaysi yirik geosiyosiy voqeadan keyin yuz berganiga qaratilishi lozim. Odatda, katta siyosiy tadbirlardan so‘ng, bu tadbir G‘arb tomonidan tashkillashtirilgan bo‘lsa, Rossiya yoki Xitoy vakillarining O‘zbekistonga yoki Markaziy Osiyoga tashrifi yoki buning aksi kuzatilardi. Lekin bu safar muhim jihat shundaki, davlat rahbarining o‘zi qo‘ng‘iroq qilmoqda. Bu bir tomondan O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeyi oshib borayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, mintaqadagi stavkalar ham tobora yuqorilab borayotganini anglatadi.

Xitoy o‘z tashabbuslarini e’lon qilmoqda. Shunga javoban, Amerika Qo‘shma Shtatlari ham qarshi choralar ko‘rishi va Markaziy Osiyoni muvozanat hududi sifatida alohida e’tiborga olishi tabiiy.

Shuningdek, 23-27 sentabr kunlari Nyu Yorkda BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu doirada turli uchrashuvlar o‘tkazilishi mumkin.

Yana bir muhim masala shuki, so‘nggi davrda Yevropa va O‘zbekiston tomonidan G‘azo va Falastin masalasi ko‘tarilmoqda. Kutilayotgan uchrashuvlarda ushbu masalaga ham alohida urg‘u berilishi ehtimoldan xoli emas.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid