Jahon | 12:20 / 14.09.2025
11240
5 daqiqa o‘qiladi

Boltiqbo‘yiga hujum bo‘lsa 5-modda ishga tushadimi?

Boltiqbo‘yi davlatlari xavfsizligi bugun Yevropadagi eng dolzarb masalalardan biri. Rossiya dronlarining Polsha hududiga kirishi umumiy xavotirni kuchaytirdi, biroq G‘arb manbalari Rossiyaning NATOga bevosita hujumi ehtimoldan yiroq ekanini ta’kidlamoqda.

Mintaqadagi vaziyat esa NATO xavfsizlik arxitekturasini jiddiy savol ostiga qo‘ydi: “5-modda ishga tushadimi?”

“Geosiyosat”da tahlilchilar NATO va Rossiyaning ehtimoliy to‘qnashuv xavfini muhokama qilishdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Boltiqbo‘yi davlatlarining havo hududini yopish va cheklovlar joriy etishga asoslari bormi?

Anvar Yo‘ldoshev: Yo‘q, hozircha Rossiya NATO davlatlariga bevosita hujum qiladi degan aniq ma’lumot yo‘q. G‘arb manbalari ham bu fikrni tasdiqlamaydi. Biroq kecha Polsha hududiga dronlarning kirib kelishi umumiy xavotirni kuchaytirdi. Shuningdek, Rossiyaning Ukrainadagi hozirgi ustunligi ham Yevropada qo‘shimcha tashvish uyg‘otmoqda. Shu bois, “Rossiya keyinchalik NATO davlatlariga, ayniqsa Boltiqbo‘yi mamlakatlariga hujum qilishi mumkin”, degan xavotirlar yangramoqda. Biroq G‘arb davlatlari vakillari: “Rossiya bugun ham, yaqin besh yil ichida ham hujum qilmaydi, ammo ehtimol 10 yil ichida xavf tug‘ilishi mumkin”, degan ehtiyotkorona fikrlarni bildirmoqda.

Shaxsan mening fikrimcha, bu xavotirlar asosli emas. Rossiya, xalq urushdan, davlat ham iqtisodiy bosimdan charchagan. Hozir mamlakat ichki iqtisodiyotini saqlab qolishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Shu sababli, yaqin yillarda Rossiyaning NATO davlatlariga qarshi keng ko‘lamli urushi kutilmaydi.

Na katta, na kichik davlatlarga qarshi harbiy tajovuz ehtimoli ko‘rinmayapti. Xususan, Ozarboyjon, Qozog‘iston yoki Boltiqbo‘yi mamlakatlari Estoniya, Latviya va Litvaga nisbatan ham yaqin orada hujum kutilmaydi. Rossiya NATOga hujum qilmaydi, bu mumkin emas. Estoniya butunlay NATO a’zosi va agar unga hujum qilinsa, 5-modda ishga tushadi; ya’ni boshqa ittifoqchilar zudlik bilan yordamga keladi. Rossiya buni juda yaxshi tushunadi, shuning uchun Estoniya, Latviya, Litva yoki hatto Moldovaga qarshi keng ko‘lamli hujum amaliy tomondan mutlaqo absurd.

Shuhrat Rasul: Rossiyaning Ukrainadagi muvaffaqiyatsizligi uni kichik va tez erishiladigan g‘alabaga intilishga undashi tabiiy. Boshlang‘ich maqsad Kiyev yoki Lvovni egallash bo‘lgan, ammo hozirgi holatda Rossiya bu yutuqlarga erisha olmadi; Donbassdagi operatsiyalarni ham tez tugatolmayapti va ekspertlarning bahosiga ko‘ra, hozirgi tempda yana yillab davom etadi. Shu sababli Moskva o‘z pozitsiyasini kuchaytirishi uchun unga kichikroq bo‘lsa ham g‘alaba kerak. Moldova yoki kichikroq Boltiqbo‘yi davlatlariga nisbatan provokatsiyalarni tashkil qilishi mumkin. Polshaga qarshi keng ko‘lamli hujum imkoniyati kam, ammo kichik va zaifroq davlatlarga bosim o‘tkazish orqali siyosiy shantaj qilish strategiyasi mantiqqa to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, Rossiyaning strategiyasi katta g‘alaba o‘rniga kichik, tez natija bera oladigan operatsiyalar orqali o‘z pozitsiyasini mustahkamlash bo‘lishi mumkin.

Estoniyaning armiyasi taxminan 10 ming, Moldovaniki esa 12 ming askardan iborat. Nazariy jihatdan, agar Rossiya Estoniyaga bostirib kirsa, bu kuchlarni yengishi mumkin. Biroq bu faqat ehtimoliy ssenariy sifatida tilga olinmoqda. Biz “albatta, shunday bo‘ladi” demayapmiz. Bu fikrlar hozirgi kunda dunyo matbuotida muhokama qilinayotgan va harbiy analitiklar tomonidan bildirilayotgan taxminlardir.

Bugungi kunda NATOning 5-moddasi haqiqatan ham ishga tushadimi yoki yo‘qmi, bu savol ochiq qolmoqda. Chunki Yevropa va AQSh siyosatida turli qarashlar mavjud. Masalan, Tramp bir necha bor Boltiqbo‘yini “bosib olaver” mazmunidagi gaplarni aytgan. Hozir esa Trampning o‘zi dronlar masalasida “adashgan bo‘lishi mumkin” deb voqealarni xaspo‘shlashga urinmoqda.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid