Jahon | 08:15 / 17.09.2025
1694
2 daqiqa o‘qiladi

Sikorskiy: Ukraina polyaklarni Rossiya dronlariga qarshi kurashishga o‘rgatadi

Ukrainalik mutaxassislar Polshadagi NATO o‘quv markazida Rossiya havo hujumlariga qarshi turish uchun mashg‘ulotlar o‘tkazadi, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy, deb yozadi The Guardian.

Radoslav Sikorskiy Foto: Kay Nietfeld/dpa/picture alliance

Polshaning uchuvchisiz uchoqlar bilan kurashish guruhlari kelgusida Rossiya Federatsiyasi tomonidan harbiy bosqinchilik harakatlari sodir bo‘lgan taqdirda tajriba orttirishga yordam berish uchun ukrainalik mutaxassislar tomonidan o‘qitiladi. «Ukrainaliklar rus dronlariga qarshi kurashda eng yaxshi jihozlarga ega, ular Rossiya armiyasiga qarshi kurashda ancha chuqurroq va zamonaviyroq tajribaga ega», — dedi Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy. Uning so‘zlarini Britaniyaning The Guardian gazetasi keltirdi.

Mashg‘ulotlar NATOning Polshadagi o‘quv markazida bo‘lib o‘tadi, u yer Ukrainadan ko‘ra «xavfsizroq», dedi Sikorskiy. «G‘arbdagi jamoatchilik va hukumatlar zudlik bilan tushunishi kerakki, aynan ukrainaliklar bizni Rossiyaga qarshilik ko‘rsatishga o‘rgatadi, aksincha emas», — deya qo‘shimcha qildi Polsha TIV rahbari.

Shu kuni avvalroq Sikorskiy Germaniyaning Frankfurter Allgemeinen Zeitung gazetasiga bergan intervyusida Polsha va NATO ittifoqchilari Ukraina hududi ustidagi havo nishonlarini tutib olish masalasini ko‘rib chiqishi kerakligini aytib, xuddi shu fikr bir yil avval muhokama qilinganini eslatib o‘tdi. «Texnik jihatdan biz NATO va Yevropa Ittifoqi sifatida buni amalga oshirishga qodir bo‘lardik, ammo bu Polshaning yolg‘iz o‘zi qabul qilishi mumkin bo‘lgan qaror emas, balki faqat ittifoqchilari bilan birgalikda», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi RAR axborot agentligi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid