Texnologiya | 21:07 / 18.09.2025
4997
2 daqiqa o‘qiladi

Meta sun’iy intellekt va o‘rnatilgan ekranga ega aqlli ko‘zoynaklarni taqdim etdi

Meta Ray-Ban Display ko‘zoynagi o‘ng linzasiga bildirishnomalar, xabarlar, qo‘ng‘iroqlar va ilova belgilarini ko‘rsatadigan, shuningdek, sun’iy intellekt bilan ishlash imkonini beradigan kichkina ekran o‘rnatilgan.

Meta kompaniyasi 17 sentabr kuni Kaliforniyadagi Meta Connect konferensiyasida o‘zining aqlli ko‘zoynaklarining uchta yangi modelini taqdim etdi, deb xabar berdi CNN.

Ular: o‘rnatilgan ekranli Meta Ray-Ban Display, batareya quvvati oshirilgan Meta Ray-Ban Gen 2 va sport bilan shug‘ullanish uchun qulay Oakley Meta Vanguard.

Asosiy voqea Meta Ray-Ban Display ko‘zoynagi bo‘ldi. Uning o‘ng linzasiga bildirishnomalar, xabarlar, qo‘ng‘iroqlar va ilova belgilarini ko‘rsatadigan, shuningdek, sun’iy intellekt bilan ishlash imkonini beradigan kichkina ekran o‘rnatilgan. Foydalanuvchilar mushak signallarini o‘qiydigan Neural Band bilaguzugi orqali ko‘zoynakni boshqarishi mumkin bo‘ladi. Oldingi modellarda bo‘lgani kabi, ko‘zoynakni ovoz bilan ham boshqarish mumkin.

Meta Ray-Ban Display ko‘zoynaklari AQShda 30 sentabrda sotuvga chiqariladi va narxi 799 dollardan boshlanadi (narxga Neural Band bilaguzugi ham kiradi). 2026 yil boshida ko‘zoynaklar Kanada, Fransiya, Italiya va Buyuk Britaniyada savdoga chiqishi kutilmoqda.

Boshqa ikkita ko‘zoynak modeli, Meta Ray-Ban Gen 2 va Oakley Meta Vanguard kamera, mikrofon, quloqchinlar bilan jihozlangan va sun’iy intellekt bilan ovozli muloqot qilish imkonini beradi, ammo ularda ekran yo‘q.

Meta Ray-Ban Gen 2 ko‘zoynaklari allaqachon sotuvda mavjud va narxi 349 dollardan boshlanadi. Oakley Meta Vanguard sotuvi 21 oktyabrda boshlanadi, narxi - 499 dollar.

Meta va Ray-Ban hamkorligida ishlab chiqilgan birinchi aqlli ko‘zoynaklar 2021 yilda chiqarilgan.

Mavzuga oid