O‘zbekiston | 17:57 / 23.09.2025
2346
4 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Markaziy Osiyo davlatlarining III parlamentlararo forumida ishtirok etdi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Bishkek shahrida «Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari: mintaqani har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha samarali yechimlar» mavzusidagi Markaziy Osiyo davlatlarining III parlamentlararo forumida ishtirok etdi.

Foto: Oliy Majlis Senati

Forumning maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror iqtisodiy o‘sish, migratsiya jarayonlarini tartibga solish va raqamli muhitni rivojlantirish borasida parlamentlararo hamkorligini mustahkamlashdan iborat.

Forumda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston parlamentlari rahbarlari va delegatsiyalari ham qatnashdi.

Tadbirda Tanzila Norboyeva nutq so‘zlab, mintaqada parlamentlararo hamkorlikning yangi istiqbollariga doir muhim takliflarni ilgari surdi. Davlatlar o‘rtasida shakllanayotgan o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhiti nafaqat iqtisodiy hamkorlik, balki madaniy-gumanitar aloqalarga ham kuchli turtki berayotgani alohida ta’kidlandi.

Kun tartibi doirasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yoshlar bandligi va migratsiya masalalari, shuningdek raqamli xavfsizlik va mintaqaviy standartlarni ishlab chiqish kabi muhim yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Forum doirasida migratsiya, mehnat oqimi, iqtisodiy barqarorlik va fuqarolar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan mavzu bilan bog‘liq sessiya bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda mehnat migrantlari huquqlarini ta’minlash va ular faoliyati uchun xavfsiz sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Sessiya doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha quyidagi tashabbuslar ham bildirildi: migratsiya qonunchiligini uyg‘unlashtirish, xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish va implementatsiya qilish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish va xavfsiz mehnat migratsiyasi mexanizmlarini yaratish.

Sessiyalar ishida Qonunchilik palatasi deputatlari Nodira Jonibekova va Odiljon Iminov ishtirok etdi. Ular O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, raqamli transformatsiya va jadal texnologik rivojlanish sharoitida milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan qonun ijodkorligi sohasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Forumda yoshlar bandligini ta’minlash hamda sun’iy intellekt cohasida huquqiy bazani takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, raqamli suverenitet, kiberxavfsizlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, Internetdagi tahdidlardan yoshlarni asrash borasida qo‘shma harakatlarni kuchaytirishga doir takliflar bildirildi.

Muhokama davomida sun’iy intellekt texnologiyalarining davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi o‘rni va imkoniyatlari haqida ham fikr almashildi.

Forum yakuni bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarining parlamentlararo hamkorligi va tashabbuslarining yo‘nalishlari belgilab berilgan Bishkek deklaratsiyasi qabul qilindi.

Shuningdek, 23 sentabr kuni forum doirasida Senat raisi Tanzila Norboyeva Tojikiston Oliy Majlisi raisi Rustami Imomali va Qirg‘iziston Jogorku Keneshi to‘rog‘asi Nurlanbek Shakiyev bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tojikiston parlamenti rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik yuksak darajada ekanini qayd etdi. Yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda parlamentlararo hamkorlik alohida o‘rin egallashi ta’kidlandi.

Qirg‘iziston Jogorku Keneshi to‘rog‘asi bilan uchrashuv chog‘ida esa ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlashda parlament nazorati institutining rolini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid