Jahon | 11:46 / 24.09.2025
5727
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya ikki shart bilan Falastinni tan olishga tayyor

Falastin davlatini tan olish barcha garovga olinganlarni ozod qilish va HAMASni hokimiyatdan chetlashtirish bilan amalga oshishi mumkin, dedi Italiya bosh vaziri Jorja Meloni.

Foto: Benjamin Girette/ AP

Italiya ikki shart bajarilsa, Falastinni davlat sifatida tan olishi mumkin: garovga olingan barcha isroilliklarni ozod qilish hamda AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchilik guruhi sifatida belgilangan — HAMAS vakillarini hokimiyat lavozimlaridan chetlashtirish. Bu haqda Italiya bosh vaziri Jorja Meloni 23 sentabr, seshanba kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi sessiyasi chog‘ida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.

Italiyaning ANSA axborot agentligidan iqtibos keltirgan Meloniga ko‘ra, siyosiy bosim birinchi navbatda Isroilga emas, balki HAMASga nisbatan qo‘llanishi kerak, chunki HAMAS urushni boshlagan va garovga olinganlarni ozod qilishdan bosh tortish orqali uning tugashiga to‘sqinlik qilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 80-sessiyasi arafasida bir qancha davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Portugaliya, Fransiya va Belgiya Falastin davlatchiligini tan olishini e’lon qildi. Umuman olganda, BMTga a’zo 193 davlatdan 150 dan ortig‘i Falastinni davlat sifatida tan olgan.

Qo‘shma Shtatlar, aksincha, Isroil kabi tan olishga mutlaqo qarshi. AQSh prezidenti Donald Tramp BMT Bosh assambleyasida so‘zlagan nutqida shunday dedi: «Hozir, go‘yo mojaroning davom etishini rag‘batlantirgandek, BMTning ba’zi a’zolari Falastin davlatini bir tomonlama tan olishga intilmoqda. HAMAS terrorchilarining vahshiyliklari uchun mukofot juda katta bo‘ladi. Bu dahshatli vahshiyliklar, jumladan, 7 oktyabr voqealari uchun mukofot bo‘ladi». Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham xuddi shunday bayonotlar bilan chiqqan.

Mavzuga oid