O‘zbekiston | 01:50 / 24.09.2025
6240
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar va nizolar davri tarixda qoldi

Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi, yangi Markaziy Osiyoni shaklantirish jarayoni boshlandi, deya bayonot berdi O‘zbekiston prezidenti BMTdagi nutqida. Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonda transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha BMT rezolyutsiyasini qabul qilishga chaqirdi.

Foto: "Minbar ortida" Telegram-kanali

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida Markaziy Osiyo integratsiyasi yo‘lidagi yutuqlar haqida so‘z yuritdi.

“Bundan 8 yil muqaddam ushbu yuksak minbardan turib Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, sheriklik makoniga aylantirishga qat’iy qaror qilganimizni e’lon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlashim mumkinki, biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi.

So‘nggi yillarda mintaqamizda o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi 5 baravargacha ko‘paydi. Biz qo‘shma investitsiya jamg‘armalari, chegara hududlarda savdo va sanoat zonalari, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqdamiz.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylanganini ham umumiy yutug‘imiz sifatida e’tirof etamiz.

Shuni qat’iy ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi. Mintaqamiz o‘zining hamjihatligi, barqarorligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida sub’yekt sifatida mustahkam o‘rin egallamoqda.

Maqsadlarimizga erishish uchun barcha xorijiy sheriklarimiz bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga asosiy e’tibor qaratganmiz. Bu borada BMT tuzilmalari bilan mintaqamizda qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni taklif etamiz. Jumladan, EKOSOS va YuNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, YuNIDO bilan sanoatda yashil texnologiyalar mintaqaviy habini tashkil etish, mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, yashil makon barpo etish va demografik barqarorlikka erishish bo‘yicha dasturlarni qabul qilish tashabbuslari bilan chiqamiz.

Shu bilan birga, Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz”, – dedi Mirziyoyev.

“Afg‘onistonning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhim”

Prezident Afg‘oniston haqida ham so‘z yuritib, afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqirdi.

“Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhimdir.

Biz Afg‘onistonda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchimiz. Ushbu mamlakat orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha tashkilotimizning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz”, – dedi davlat rahbari.

“Ikki xalq uchun – ikki davlat”

Shavkat Mirziyoyev G‘azo bo‘lgasi va Ukrainadagi urushlarni to‘xtatishga ham chaqirdi.

“G‘azo sektoridagi tobora keskin yomonlashib borayotgan gumanitar inqirozni ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqiramiz. Biz BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishning qat’iy tarafdorimiz.

Ukraina atrofidagi vaziyat ham barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda. Bu muammoni diplomatik yo‘llar bilan hal etish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotlar boshlanganini olqishlaymiz”, – dedi O‘zbekiston rahbari.

Mavzuga oid