O‘zbekiston | 17:46
545
6 daqiqa o‘qiladi

Xonobod, Angren va Termiz transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 iyul kuni transport-logistika tizimini rivojlantirish va mamlakat tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish, Transafg‘on temir yo‘li loyihasini jadallashtirish mamlakatning mintaqaviy va xalqaro transport tizimidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.

Ushbu yirik loyihalar ishga tushishi natijasida O‘zbekiston Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘lagining asosiy bo‘g‘iniga aylanadi. Mazkur yo‘nalish an’anaviy yo‘nalishlarga nisbatan yuk tashish vaqtini 3 barobargacha qisqartirib, 8 kungacha tushirish imkonini beradi. Shuningdek, Pokistonning Karachi va Gvadar portlari orqali Hind okeaniga, qariyb 2 milliard aholi yashaydigan Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun eng tezkor yo‘l ochiladi.

Taqdimotda bu boradagi imkoniyatlardan hali to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi. Xitoy va Yevropa o‘rtasida yillik tovar aylanmasi 800 milliard dollarni, yuk tashish hajmi esa 120-150 million tonnani tashkil etadi. Agar O‘zbekiston yiliga qo‘shimcha 15-20 million tonna xalqaro tranzit yukini qabul qila olsa, 400-600 million dollar qo‘shimcha daromad, logistika markazlari va terminallar qurilishiga 3 milliard dollar xorijiy investitsiya, 50 mingta barqaror ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu iqtisodiyot o‘sishiga qo‘shimcha 1,5-2 foizlik sur’at berishi mumkin.

Biroq hozircha O‘zbekistonning ushbu tranzit aylanmasidagi ulushi 1-2 foizdan oshmayapti. 2025 yilda tranzit yuk tashish hajmi 15,3 million tonnani tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 54 foiz o‘sgan bo‘lsa-da, mavjud salohiyat bundan ancha yuqori.

Tahlillarga ko‘ra, chegara o‘tkazish punktlari ko‘p bo‘lishiga qaramay, ularning aksariyati xalqaro yuklarni tezkor qabul qilish va rasmiylashtirish quvvatiga ega emas. Mamlakatda xalqaro talabga mos 27 ta logistika markazi mavjud bo‘lib, ularning umumiy quvvati 27,2 million tonnani tashkil etadi. Biroq faqat bittasi yuqori toifaga ega. Avtomatlashgan “A” toifadagi omborlar jami ehtiyojning 10-15 foizini qoplaydi, zamonaviy muzlatkichli va bojxona omborlari yetishmaydi.

Shuningdek, logistika markazlari asosan Toshkent shahri va uning atrofida joylashgani, konteynerlashtirish ulushi pastligi, davlat organlari va xususiy logistika markazlari o‘rtasida axborot tizimlari to‘liq integratsiya qilinmagani, sohada raqamlashtirish darajasi yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Taqdimotda Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistika sohasiga ixtisoslashtirish taklif etildi.

Xonobod shahri “Xitoy yo‘li darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy – Kavkaz – Yevropa, Xitoy – Markaziy Osiyo – Transafg‘on hamda Xitoy – Markaziy Osiyo – Eron tranzit yo‘laklariga xizmat qiladi. Angren shahri, Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari tranzit va tashqi savdo yuklarini oraliq taqsimlash markazlari sifatida rivojlantiriladi.

Olot tumani “O‘rta yo‘lak darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy – Kavkaz – Yevropa hamda Xitoy – Markaziy Osiyo – Eron yo‘nalishlariga, Termiz tumani esa “Transafg‘on yo‘lagi darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Transafg‘on – Pokiston transport yo‘lagiga ixtisoslashadi.

Ushbu hududlarda logistika markazlari tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga har bir hududda 50 gektardan, jami 300 gektar yer maydoni taklif etiladi. Bu maqsadlar uchun har yili 200 million dollarlik imtiyozli va kam foizli kredit liniyalarini yo‘naltirish nazarda tutilmoqda. Logistika markazlari uchun tashqi infratuzilma budjet hisobidan barpo etiladi.

Shuningdek, Qibray va Termiz tumanlarida bojxona terminali hamda avtoturargohlar qurish, Xonobod shahrida xalqaro temir yo‘l chegara o‘tkazish punktini barpo etish, Yangiyo‘l tumanidagi temir yo‘l stansiyasini kengaytirish, Ohangaron tumanida “A” toifadagi yirik logistika markazini qurish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Taqdimotda raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Logistika markazlarida terminallarni boshqarish va omborni boshqarish tizimini joriy etish, ularni “E-logistika” platformasiga integratsiya qilish, avtotransport vositalarini onlayn kuzatish, avtotransport raqamlarini aniqlash va elektron hisobga olish tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.

Chegara o‘tkazish punktlarida “yagona to‘xtash” (one stop) tamoyilini joriy qilish orqali yuklarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.

Sohada xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun logistika markazlariga zamonaviy uskunalar, omborxona va yuk ortish-tushirish texnikalari, agregat va ehtiyot qismlarni olib kirishda bojxona boji hamda majburiy sertifikatlash talablarini yengillashtirish taklif qilindi.

Prezident transport-logistika tizimi mamlakat eksport salohiyati, investitsiyaviy jozibadorligi va hududlar rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Mutasaddilarga xalqaro transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, logistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish, sohani raqamlashtirish va xususiy sektor uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid