Jahon | 21:47 / 25.09.2025
8876
3 daqiqa o‘qiladi

NATOdagilar chegaralarini buzib kirayotgan Rossiya samolyotlarini urib tushirish bo‘yicha yakdil fikrda emas

Tech. Sgt. Michael Battles / USAF / Scanpix / LETA

NATO a’zolari ittifoq mamlakatlari havo chegaralarini buzgan Rossiya harbiy samolyotlarini urib tushirish kerakmi yoki yo‘qligi haqida yakdil fikrga ega emas. Bu masala seshanba kuni Estoniya tashabbusi bilan chaqirilgan Shimoliy Atlantika kengashining favqulodda yig‘ilishida muhokama qilindi, deb yozadi CNN.

Telekanal manbalari ma’lum qilishicha, ba’zi davlatlar, xususan, Polsha va Estoniya yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotda Rossiya Federatsiyasi tomonidan havo hududini buzib kirish holatlariga kuch bilan javob qaytarilishi aniq belgilanishini xohlagan. Shu bilan birga, Germaniya va Janubiy Yevropa davlatlari bunday ta’rif istalmagan eskalatsiyaga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan.

Yakunda murosali formulirovka qabul qilingan. Bayonotning rasmiy matnida aytilishicha, NATO va uning ittifoqchilari xalqaro huquqqa muvofiq «o‘zini himoya qilish va har qanday yo‘nalishdagi har qanday tahdidlarni qaytarish uchun barcha zarur harbiy va noharbiy vositalardan» foydalanadi. «Biz o‘zimiz tanlagan usulda, vaqtda va yo‘nalishda javob berishda davom etamiz», – deyiladi hujjatda.

Telekanal manbalari ta’kidlashicha, ushbu epizod alyansning Rossiya harakatlariga munosabat bildirish masalasida konsensusga erishishi qanchalik qiyinligini ko‘rsatadi.

So‘nggi bir necha hafta ichida Rossiya dronlari va samolyotlari tomonidan NATO mamlakatlari havo hududini buzish bilan bog‘liq bir qator hodisalar kuzatildi. Xususan, 10 sentabrga o‘tar kechasi Polshaga 20 dan ortiq dron uchib kirgandi, ularni qarshi olish uchun Polsha va ittifoqchilarning qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarildi, bir necha dron urib tushirildi. 13 sentabr kuni esa Rossiya droni Ruminiya hududiga uchib kirdi, yana qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarildi, biroq bir necha daqiqadan so‘ng dronning o‘zi mamlakat havo hududini tark etdi.

19 sentabr kuni Estoniya Rossiyaning uchta qiruvchi samolyoti havo hududini buzib o‘tgani va Estoniya osmonida 12 daqiqa qolib ketganini ma’lum qildi. Shu kuni Polsha Rossiyaning ikkita qiruvchi samolyoti Boltiq dengizidagi burg‘ilash platformasi ustidan past balandlikda uchib o‘tganini ma’lum qildi.

CNN’ning NATOdagi manbasi fikricha, Rossiya shu yo‘l bilan alyans mudofaasidagi zaif nuqtalarni o‘rganmoqda, shuningdek, tashkilot o‘z a’zolarini himoya qilish uchun nima qila olishini tekshirmoqda.

Mavzuga oid