Jahon | 18:32
1137
8 daqiqa o‘qiladi

«Kuchliroq NATOda kuchliroq Yevropa» – Anqaradagi sammit qanday o‘tdi?

Turkiyada yakunlangan NATOning ikki kunlik sammiti xuddi bir-biriga qarama-qarshi ikki xil tadbir kabi taassurot qoldirdi.

Turkiyaning Anqara shahrida yakunlangan NATOning ikki kunlik sammiti xuddi bir-biriga qarama-qarshi ikki xil tadbir kabi taassurot qoldirdi, deb yozmoqda New York Times.

Birinchisi — o‘zining NATOdagi hamkasblariga qaratilgan tinimsiz shikoyat va e’tirozlari va haqoratlari, kayfiyatini oldindan aytib bo‘lmaydigan hamda uchrashuv davomida Eronga qarshi yangi havo zarbalarini berish haqidagi kutilmagan qarori bilan axborot maydonini butunlay egallab olgan prezident Donald Trampga tegishli bo‘ldi. Odatdagidek, ushbu sammitda ham Trampning nishonlari ko‘p bo‘ldi: alyansning o‘zi, uning ayrim yetakchilari, ularning Trampga nisbatan sodiqlik ko‘rsata olmagan turli muvaffaqiyatsizliklari, ispanlar va eronliklar.

«Ikkinchi sammit» esa – bevosita alyansning o‘ziga tegishli edi. Unda harbiy xarajatlarni oshirish, transatlantik sanoat hamkorligini kuchaytirish hamda Ukrainaning qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha majburiyatlarga sodiqlikni namoyish etildi.

2026-07-09 18.10.24

Ushbu sammit NATOning yangi qiyofasi sari tashlangan sokin va barqaror qadam bilan ajralib turdi. Aynan Tramp xohlayotgan NATO shakli: ya’ni unda yevropaliklar qit’aning an’anaviy mudofaa tizimi uchun asosiy mas’uliyatni o‘z zimmalariga oladi. Bu esa AQSh bor e’tibori va resurslarini kuchayib borayotgan Xitoy tahdidiga qaratishiga imkon beradi.

«Katta mehr»

Tramp tadbirda – Eron bilan urushda uni qo‘llashmagani, Ispaniya bilan barcha savdo aloqalarini uzmoqchi ekanini va Grenlandiyani AQSh nazorat qilishi kerakligini aytib, ko‘pchilikning «dilini xira qildi».

O‘z ittifoqchilariga eski tanqidlar to‘lqinini yo‘llaganiga qaramay Tramp yakunda jurnalistlarga: «U yerda (zalda) katta mehr bor edi. Katta birdamlik bor edi», deb aytdi. «Biz ajoyib vaqt o‘tkazdik va o‘ylaymanki, bu ulkan muvaffaqiyat bo‘ldi», dedi Tramp keyinroq o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

2026-07-09 18.37.51
Foto: Reuters

NATO yetakchilari esa o‘z bayonotlarida alyans shartnomasining 5-moddasiga sodiqliklari «mustahkam» ekanini ta’kidladi: «Birlikka qilingan hujum — barchaga qilingan hujumdir», deya qayd etildi.

Tadbirda asosan Trampni tinchlantirib o‘tirgan NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ham: «Ushbu sammitdan keladigan xabar oddiy: NATO o‘z vazifasini bajaradi», deya bayonot berdi.

Eronga berilgan zarbalar va NATOning ehtimoliy roli

Associated Press'ning yozishicha, aksariyat hollarda AQShning harbiy zarbalari prezident mamlakat ichida bo‘lgan vaqtda buyurilardi. Shu bois, Trampning NATO yetakchilari kechki ovqatidan so‘ng ko‘p o‘tmay Eronga qarshi javob zarbalari berishga ruxsat berish qarori noodatiy bo‘ldi.

Tramp ittifoqchilar unga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochiq ushlab turishda yordam bermaganidan achchiq nolib keladi. Qizig‘i shundaki, Ryutte alyansning kelajakda ushbu urushda rol o‘ynashini inkor etmadi.

2026-07-09 18.10.43
Foto: Reuters

«Tabiiyki, Eron NATO hududidan tashqarida», dedi Ryutte va qo‘shimcha qildi: «Agar foydasi tegsa, NATO har doim rol o‘ynashga tayyor. Ammo hozircha kelgusi kunlar va haftalarda nima bo‘lishini kuzataylik».

NATO o‘zini transatlantik hududni himoya qilishga qaratilgan mudofaa ittifoqi sifatida ko‘radi. Uning ushbu hududdan tashqaridagi oxirgi harakati — Afg‘onistonga aralashuvi tartibsizlik bilan yakunlangan edi. Shu sababli yevropalik ittifoqchilar boshqa biron bir urushga tortilishni istashmayapti.

«Patriot»lar va F-35'lar masalasi

Trampning aytishicha, AQSh Rossiyaning raketa hujumlariga qarshi turish uchun Ukrainaga o‘zining «Patriot» havo mudofaa tizimlarini xorijda ishlab chiqarish litsenziyasini beradi. Bu beshinchi yilga qadam qo‘ygan urushda ushbu texnologiyaga juda muhtoj bo‘lgan Ukraina uchun ulkan g‘alabadir.

2026-07-09 18.10.55
Foto: Reuters

«Biz ularga «Patriot»larni ishlab chiqarish huquqini beramiz. Buni qanday qilishni o‘rgatamiz», dedi Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvda. «O‘ylaymanki, ular buni juda tez ishlab chiqara olishadi».

«Patriot» tizimlari qimmat, ularga talab yuqori va ishlab chiqarish uchun uzoq vaqt talab etiladi. Zelenskiy yillar davomida ulardan ko‘proq berilishini, yaqinda esa Ukraina buni o‘zi ishlab chiqarishiga ruxsat so‘rab kelayotgandi.

Sammit mezboni – Turkiya uchun quvonarli pallada esa Tramp Turkiyaga nisbatan AQSh sanksiyalarni bekor qilishini ma’lum qildi. Bu orqali turklarga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotish imkoniyati ochiladi. Anqara 2019 yilda Rossiyaning C-400 raketa mudofaa tizimlarini sotib olgani uchun F-35 dasturidan chiqarib tashlangan edi.

2026-07-09 19.08.52
Foto: Getty Images

Tramp bilan yaqin munosabatlar o‘rnatgan prezident Erdo‘g‘an bu xabardan keyin mamnuniyat bilan «bosh barmog‘ini yuqoriga ko‘rsatib», ajoyib ishorasini qildi.

Ukraina uchun yirik kredit

«Patriot» haqidagi e’londan tashqari, Tramp Zelenskiyga nisbatan o‘zining odatiy tanqidiy ohangini chetga surib, uning urushni yakunlash harakatlarini yuqori baholadi. Tramp Ukraina prezidenti urushda «ajoyib ish qilganini» va «juda samarali bo‘lganini» aytdi.

Shu bilan birga, NATO yetakchilari Ukraina uchun 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan jami 70 milliard yevrolik harbiy yordam paketini ajratishga kelishib oldi.

Ushbu mablag‘ – Yevropa Ittifoqining Ukrainaga kredit dasturidan har yili ajratiladigan 30 milliard yevro hamda NATO ittifoqchilaridan ajratiladigan 40 milliard yevrodan iborat.

2026-07-09 18.37.54
Foto: AP Photo

NATO diplomatlarining aytishicha, 2026 yil uchun mo‘ljallangan 40 milliard yevroning katta qismi allaqachon yig‘ib bo‘lingan.

Tramp ma’muriyati Ukraina uchun deyarli pul bermay qo‘ygan va Qo‘shma Shtatlar bu paketda ishtirok etmaydi.

Ko‘proq mablag‘ va kuchliroq Yevropa

NATO Bosh kotib Mark Ryutte Yevropa ittifoqchilari va Kanada joriy va o‘tgan yili mudofaa uchun qariyb 300 milliard dollar ko‘proq mablag‘ sarflashini taxmin qildi.

Shuningdek, u mudofaa sanoatining yirik taqdimot tadbirida qurol-yarog‘ va harbiy texnika shartnomalariga sarflanayotgan «o‘n milliardlab» dollarlarni olqishladi.

«Agar ushbu kursida siz o‘tirmaganingizda, bularning hech biri amalga oshmagan bo‘lardi deb hisoblayman», dedi Ryutte Tramp bilan yuzma-yuz suhbatda. Ushbu so‘zlar bilan Ryutte – Trampning yevropaliklarga mudofaa xarajatlarini oshirishiga doir talabini oqlagandek ko‘rindi.

NATO sammitining Anqara deklaratsiyasida yetakchilar alyansda jiddiy transformatsiya boshlanganini qayd etib, «Biz kelajakni barpo etmoqdamiz: kuchliroq NATOda kuchliroq Yevropa», deya bayonot berdi.

2026-07-09 18.10.32
Foto: AP Photo

Shu bilan birga, NATOning navbatdagi sammiti atrofidagi mavhumlik saqlanib qolmoqda.

Bolqon yarim orolida joylashgan Albaniya – 2027 yilda sammitga mezbonlik qilishi kerak edi. Biroq NATOning ayrim a’zolari Albaniyaning mudofaa xarajatlari pastligi sababli u yerda sammit o‘tkazish g‘oyasiga nisbatan sovuq munosabatda bo‘lmoqda. Boshqalar esa Tramp bilan yana bir ziddiyatli uchrashuvdan qochishni xohlashadi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid