O‘zbekiston | 20:06 / 29.09.2025
6511
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident davlat va jamoat arbobi Ismoil Jo‘rabekov vafoti tufayli ta’ziya bildirdi

Atoqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov shu yil 28 sentabr kuni 94 yoshida vafot etdi.

Ismoil Jo‘rabekov

Prezident Shavkat Mirziyoyev taniqli davlat va jamoat arbobi Ismoil Jo‘rabekov vafoti tufayli hamdardlik va ta’ziya bildirdi.

Atoqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov shu yil 28 sentabr kuni 94 yoshida vafot etdi.

U 1931 yil 12 sentabrda Samarqand shahrida ishchi oilasida tug‘ildi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim oldi. Mehnat faoliyatini 1955 yilda Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi 8-jamoa xo‘jaligida muhandis-gidrotexnik sifatida boshladi. Keyinchalik Sug‘orish markazi boshlig‘i, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Samarqand viloyati qurilish-montaj boshqarmasi boshlig‘i, «Suvqurilish» tresti boshqaruvchisi, suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri kabi lavozimlarda ishladi.

Jo‘rabekov 1985 yilda O‘zbekiston SSR Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Mustaqillikning ilk yillarida bosh vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritdi: ijro hokimiyati institutlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, mahalliy hokimliklar ishini muvofiqlashtirish, qishloq xo‘jaligida islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatdi.

Jo‘rabekov Davlat suv nazorati boshlig‘i, prezidentning Davlat maslahatchisi lavozimlarida ham faoliyat olib bordi. Keyinchalik suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida xizmat qildi.

U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlandi.

«Taniqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon ustozi Ismoil Jo‘rabekovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», deyiladi ta’ziyada.

Mavzuga oid