Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qarshi magistral kanali nega yopilganiga mas’ullar izoh berdi
Kun.uz’ga murojaat qilgan qashqadaryolik fuqarolarning ta’kidlashicha, shu kunlarda Qarshi magistral kanali to‘sib qo‘yilgani aholi uchun qiyinchilik tug‘dirgan. Ular tomorqa va chorvalari uchun suvdan foydalanish imkoniyati cheklanganini, ayrim oilalar esa kanal suvini ichimlik uchun ham ishlatib kelganini bildirgan.
Foto: Kun.uz
Holat yuzasidan Kun.uz mas’ul idoralarga murojaat qildi. Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining ma’lum qilishicha, bu holat ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq.
Qashqadaryo viloyati hokimining 12 sentabrdagi farmoyishiga asosan 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida irrigatsiya va gidrotexnik inshootlarda joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Qarshi magistral kanalining PK366+00 qismida joylashgan suv to‘suvchi inshoot 1983 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, 42 yil mobaynida kapital rekonstruksiya qilinmagan. 2005 yildan beri unda to‘liq joriy ta’mirlash ham amalga oshirilmagani sababli bugungi kunda mazkur inshootni joriy ta’mirlashga katta ehtiyoj sezilgan.



“Talimarjon Power Plant 1” MChJning murojaatiga asosan, 16 sentabrdan “Talimarjon” IESda ta’mirlash ishlari boshlangan va bu vaqtda kanaldan texnik suv olinmagani uchun imkoniyatdan foydalanib, kanaldagi yirik suv to‘suvchi inshootda ta’mirlash boshlangan.
27 sentabrdan PK172+00 qismida vaqtinchalik damba qurilib, suv yo‘li quritilgan. Hozirgi kunda avtokranlar yordamida 6 ta yirik darvoza hamda ehtiyot qismlari olib tashlanib, ularda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Mas’ullar ta’mirlash ishlari joriy yilning 1 oktyabriga qadar yakunlanishini, shundan so‘ng damba olib tashlanib, suvning odatiy oqimi tiklanishini ma’lum qildi.
Aholi qo‘shimcha ma’lumot uchun Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va uning tizim tashkilotlariga murojaat qilishlari mumkinligi ma’lum qilindi.
Mavzuga oid
15:31 / 29.11.2025
Qashqadaryo vohasida 2300 yillik qal’a-shahar qoldiqlari topildi
08:10 / 17.11.2025
Qashqadaryo va Samarqandda noqonuniy oltin savdosi fosh etildi
08:22 / 14.11.2025
Qashqadaryoda fuqaroning uyidan 20 kilodan ortiq marixuana musodara qilindi
16:16 / 11.11.2025