O‘zbekiston | 20:40 / 30.09.2025
4247
2 daqiqa o‘qiladi

Mehnat inspeksiyasi oyligini ololmayotgan Air Samarkand xodimlari manfaatida sudga murojaat qildi

Bandlik vazirligiga ko‘ra, ish haqlari to‘lanmayotgani bo‘yicha aviakompaniya xodimlaridan o‘nga yaqin ariza kelib tushgan. Mehnat inspeksiyasi ularning iyun-avgust oylarida to‘lanmagan 3 oylik ish haqlarini undirish yuzasidan jami 1,5 mlrd so‘mlik da’volar kiritdi. Suddan kechiktirilgan har bir kun uchun pulli kompensatsiya ham undirib berish so‘raldi.

Foto: Air Samarkand

Air Samarqand aviakompaniyasi o‘z xodimlarining ish haqlarini to‘lamayotgani bilan bog‘liq holatni O‘zbekiston Bandlik vazirligi nazoratga oldi.

Vazirlik matbuot xizmati 30 sentabr kuni bergan xabarga ko‘ra, bugunga qadar Air Samarkand'ning o‘nga yaqin xodimidan ish haqlari to‘lanmayotgani bo‘yicha arizalar kelib tushgan.

“Ularning iyun-avgust oylarida to‘lanmagan 3 oylik ish haqlarini undirish yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan jami 1,5 mlrd so‘mlik da’vo arizalari kiritildi.

Da’vo talabida qonunchilikka asosan kechiktirilgan har bir kun uchun pulli kompensatsiyani qo‘shib hisoblagan holda undirib berishni so‘rab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga murojaat qilingan”, – deyiladi xabarda.

Vatandoshlar mehnat faoliyatlariga doir murojaatlarini 1176 yoki (71)-200-06-00 ishonch raqamlari yoki Telegram'dagi @munosibmehnat_bot orqali qoldirishlari mumkin.

Avvalroq Rossiyaning ellikka yaqin fuqarosi 3 oydan beri Air Samarkand'dan maosh ololmayotgani haqida xabar tarqalgach, kompaniya bayonot bergan va bu muammoni samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq kutilmagan xarajatlar tufayli moliyaviy muammolar yuzaga kelgani bilan izohlagan edi. Ish beruvchi qarzdorlikni tezroq qoplashga “ustuvor vazifa” deb qaralayotganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid