Jahon | 10:51 / 01.10.2025
3947
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Zelenskiy va Putin o‘rtasida shaxsiy uchrashuv o‘tkazilishini talab qilmoqda

AQSh armiyasi qo‘mondonligi bilan oldida chiqish qilgan Tramp Putin va Zelenskiyni urushni tugatish uchun kuchlarni birlashtirishga chaqirdi. U yana bir bor Putindan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.

Foto: Evan Vucci/AP Photo/picture alliance

AQSh prezidenti Donald Tramp vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish uchun Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiyning shaxsiy uchrashuvi zarurligini yana bir bor ta’kidladi. Ular Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish uchun kuchlarni birlashtirishi kerak, dedi Tramp 30 sentabr, seshanba kuni Virjiniyadagi Kuantiko harbiy bazasida AQSh armiyasining yuqori qo‘mondonligi oldida.

Amerika prezidentining so‘zlariga ko‘ra, natijaga faqat «kuchli pozitsiyadan» erishish mumkin. Tramp Rossiya qirg‘oqlari yaqinida «bir-ikki suvosti kemasini» joylashtirishga buyruq bergani haqida ogohlantirdi va AQSh yadro arsenalini modernizatsiya qilishini eslatdi. U AQSh bundan foydalanmasligiga umid bildirdi. Donald Tramp, shuningdek, Vladimir Putindan Ukrainadagi harbiy harakatlarni tezda to‘xtatishini kutgani uchun hafsalasi pir bo‘lganini yana bir bor ta’kidladi.

Tramp G‘azo sektori va Ukrainadagi janglar uning ma’muriyati vositachiligi va mojarolarni bartaraf etish harakatlariga qaramay davom etayotganini tan oldi. U, shuningdek, Falastinning HAMAS guruhini AQSh taklif qilgan G‘azo sektori bo‘yicha tinchlik kelishuviga rozi bo‘lishga chaqirdi. «HAMAS rozi bo‘lishi kerak, agar rozi bo‘lmasa, ularga juda qiyin bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Donald Tramp va mudofaa vaziri Pit Xegset yuqori martabali harbiylar oldida chiqish qilar ekan, qurolli kuchlarda mafkuraviy siljish va ehtimoliy urushga tayyorgarlik zarurligi haqida gapirdi. Amerika prezidenti tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olishiga ham ishonch bildirdi.

Mavzuga oid