Jahon | 14:32 / 02.10.2025
3763
11 daqiqa o‘qiladi

Yordam flotiliyasini to‘xtatayotgan Isroil, o‘lim jazosini tiklamoqchi bo‘lgan Japarov va AQShda “shutdown” – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil flotiliya kemalarini qo‘lga olmoqda

Isroil kuchlari G‘azoga yo‘l olgan Global Sumud flotiliyasining ichida 200 kishi bo‘lgan 13 ta kemasini to‘xtatdi. Yana 30 ta kema urushdan vayron bo‘lgan G‘azo tomon suzishda davom etmoqda.

Tarmoqda e’lon qilingan bir nechta videolarda turli kemalarda bo‘lgan odamlar o‘z pasportlarini ko‘rsatib, ularni majburan Isroilga olib ketishganini aytib, o‘z missiyalari zo‘ravonliksiz, humanitar maqsad ekanini aytgan.

Tashkilotchilar chorshanba kungi reydni «urush jinoyati» deb atadi. Ularning aytishicha, harbiylar agressiv usullar, jumladan, suv purkagichlardan foydalangan, ammo hech kim jarohatlanmagan. «Bir nechta kemalar xalqaro suv hududida Isroil okkupatsion kuchlari tomonidan noqonuniy ravishda to‘xtatilib, bosib olindi», deyiladi tashkilotchilar bayonotida.

Kemalar anklavdan taxminan 70 dengiz mili uzoqlikda to‘xtatildi, bu hududni Isroil kemalarning yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun nazorat qilmoqda. Tashkilotchilar aloqa signallari o‘chirilganini, jumladan, ba’zi kemalardagi jonli video uzatish ham to‘sib qo‘yilganini bildirishdi.

Isroil tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan videoda flotiliyaning eng mashhur yo‘lovchisi, shved iqlim faoli Greta Tunberg askarlar o‘rab olgan kema palubasida ko‘rinadi. «XAMAS-Sumud flotiliyasining bir nechta kemalari xavfsiz tarzda to‘xtatildi va yo‘lovchilari Isroil portiga olib ketilmoqda. Greta va uning do‘stlari xavfsiz va sog‘lom», deyiladi Isroil bayonotida.

Tibbiyot vositalari va oziq-ovqat olib ketayotgan Global Sumud Flotiliyasida 40 dan ortiq fuqaroviy kema bo‘lib, ularda qariyb 500 dan ortiq huquq faollari, turli davlatlar parlamentlari a’zolari, jurnalist va huquqshunoslar bor.

Flotiliya Isroilning G‘azo blokadasiga qarshi eng yuqori darajadagi ramz sifatida qaralmoqda. Uning O‘rta yer dengizi bo‘ylab yo‘li xalqaro e’tiborni tortdi: Turkiya, Ispaniya va Italiya o‘z fuqarolari yordamga muhtoj bo‘lib qolsa, himoya taqdim qildi. Lekin Isroil chegarasiga yaqinlashgach, bu davlatlar harbiylari ortga chekindi.

Tashkilotchilar flotiliya «har qanday to‘siqlarga qaramay davom etadi» deya qat’iyat bildirdi.

Putin ham xorijiy aktivlarni milliylashtirmoqchi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatdagi xorijiy kompaniyalarning aktivlarini ommaviy milliylashtirish va tezkor sotishga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi. Bu haqda hukumatga yaqin manbaga tayanib Bloomberg nashri xabar berdi. Hujjat jadallashtirilgan xususiylashtirish tartibini joriy qiladi va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning xorijdagi aktivlarini musodara qilishga qaror qilgan taqdirda qo‘llanishi mumkin.

Agentlik manbasiga ko‘ra, farmon ham Rossiya, ham xorijiy aktivlarni tezkor sotish imkoniyatini ko‘zda tutadi. Rossiyada faoliyat yuritayotgan kompaniyalar sirasiga UniCredit, Raiffeisen Bank International, PepsiCo va Mondelez International kiradi.

Shu kunlarda Yevropa Ittifoqi yetakchilari muzlatilgan Rossiya zaxiralari kafolati ostida Ukrainaga 140 milliard yevro miqdorida kredit berish rejasini kelishib oldi. Bu qaror AQSh Kiyevga to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy yordam berishni to‘xtatib, Yevropani asosiy donor sifatida qoldirganidan keyin Rossiya Markaziy banki aktivlaridan foydalanish masalasini qayta ochdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Yevropa Ittifoqi rejasini «Rossiya mulkini noqonuniy tortib olish, o‘g‘irlik» deb atadi. Putin avvalroq G‘arbning bunday qadamlari «global moliyaviy tartibni buzishi» haqida ogohlantirgan edi.

Isroil G‘azo shahri qurshab olinganini aytdi

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats qo‘shinlar G‘azo shahrini deyarli to‘liq qurshab olganini ma’lum qildi. Tinch aholiga shaharni tark etib, sektordan janubga chiqib ketish uchun oxirgi imkoniyat berilmoqda. Isroil harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, buni amalga oshirishga imkon berayotgan so‘nggi yo‘l — Roshid qirg‘oq yo‘li — kun oxirigacha yopiladi.

Katsning aytishicha, Roshid yo‘li yopilgach, G‘azo shahri atrofidagi halqa deyarli butunlay yopiladi va shaharni tark etmoqchi bo‘lganlarning barchasi Isroil armiyasi nazorat punktlari orqali o‘tishga majbur bo‘ladi.

«Bu G‘azo aholisi uchun janubga to‘sqinliksiz chiqib ketib, Hamasni izolyatsiyada qoldirishning oxirgi imkoniyatidir», - dedi Isroil mudofaa vaziri. Uning ogohlantirishicha, shaharda qolganlar harbiylar tomonidan «terrorchilar va terrorga yordam beruvchilar» sifatida qaraladi.

Bu bayonot AQSh, Isroil va xalqaro vositachilar Hamasning AQSh tomonidan taklif qilingan, Isroil esa o‘tgan dushanba kuni ma’qullagan urushni to‘xtatish rejasiga javobini kutayotgan bir paytda yangradi.

Chorshanba kuni Hamas rahbariyatiga yaqin falastinlik manbalar AFP agentligiga aytishicha, Tramp rejasiga nisbatan guruh ichida bo‘linish yuzaga kelgan.

Bir tomon bu rejani qabul qilish kerak, deb hisoblamoqda, chunki Trampning shaxsan o‘zi ham, bir qator arab vositachilari ham kelishuv ijrosiga kafolat bermoqda. Boshqalar esa bu rejani kelajakda har qanday Falastin qarshiligini deyarli imkonsiz qilib qo‘yadigan xavf sifatida ko‘rmoqda. Hamasning yakuniy javobi «ikki-uch kun ichida» e’lon qilinishi kutilmoqda.

Manbaga ko‘ra, Hamas muzokarachilari “qurolsizlantirilishi va G‘azodan chiqarilishi haqidagi bandlarga o‘zgartirishlar kiritishni istamoqda».

Qirg‘iziston o‘lim jazosini qaytarmoqchi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov pedofillar, shuningdek, ayollarni zo‘rlab, keyin o‘ldirganlik uchun o‘lim jazosini joriy etishni buyurdi.

«Prezident administratsiyasi Huquqiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i Murat Ukushevga qonunchilikka bolalar, qizlar va ayollarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar tayyorlashni topshirdi. Xususan, gap bolalarni zo‘rlash, shuningdek, ayollarni zo‘rlab, keyin o‘ldirish uchun o‘lim jazosi to‘g‘risidagi normani joriy etish haqida ketmoqda», dedi Alagozov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Japarov sentabr oyi oxirida zo‘rlangan va bo‘g‘ib o‘ldirilgan 17 yoshli qorako‘llik qiz hodisasiga shunday munosabat bildirgan. Jinoyatda gumonlanuvchi Bishkekda qo‘lga olindi, u 1984 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan erkak bo‘lib chiqdi.

Qirg‘izistonda o‘lim jazosi 1998 yilda, bunday hukmlarni ijro etishga moratoriy e’lon qilingandan so‘ng to‘xtatildi, ammo sudlar uzoq vaqt davomida o‘lim jazosini qo‘llashni davom ettirdi. O‘lim jazosi 2007 yilda to‘liq bekor qilindi va umrbod qamoq jazosi bilan almashtirildi.

O‘lim jazosini qaytarish uchun mamlakatning Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish va referendum o‘tkazish talab etiladi.

AQSh Qatarga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Qatarga har qanday qurolli hujum Qo‘shma Shtatlar tinchligi va xavfsizligiga tahdid sifatida baholanishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatda aytilishicha, Vashington Qatarning hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun «barcha zarur choralarni» - diplomatik, iqtisodiy va kerak bo‘lsa harbiy choralarni ko‘radi.

Farmon Isroilning Dohadagi nishonlarga bergan zarbasidan ko‘p o‘tmay e’lon qilindi. 9 sentabr kuni amalga oshirilgan raketa zarbasi oqibatida bir necha kishi, jumladan, Qatar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘ldi. Hodisa Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Vashingtonga tashrifiga to‘g‘ri keldi.

Isroil zarbadan afsusdaligini bildirdi: U Tramp vositachiligida Qatar rasmiylari bilan aloqa o‘rnatib, rasman uzr so‘radi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday kafolatlar ilgari hech bir arab davlatiga berilmagan, shuning uchun bu qadam noyobdir.

AQShda «shutdown»

1 oktyabr kuni AQShda boshlangan «shutdown»dan prezident Donald Tramp hukumatning federal ishchi kuchini qayta shakllantirish va muxoliflarini jazolash uchun imkoniyat sifatida foydalanmoqda. APʼning yozishicha, u ommaviy ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilmoqda va Demokratlar uchun muhim bo‘lgan dasturlarda «qaytarilmas» qisqartirishlarni taklif qilmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt so‘zlariga ko‘ra, odatdagidek xodimlarni vaqtincha ta’tilga chiqarish o‘rniga, ishdan bo‘shatishlar «yaqin orada» boshlanadi. Menejment va budjet boshqarmasi Nyu Yorkdagi metro va Gudzon tunnel loyihalari uchun ajratilgan 18 milliard dollarlik infratuzilma mablag‘larini muzlatib qo‘ydi. Bu shtat AQSh Kongressining har ikki palatasidagi eng yuqori martabali demokrat rahbarlarning vatani hisoblanadi.

Tramp o‘zining budjet direktori faoliyatidan mamnunligini yashirmadi. «U budjetni siz boshqa hech qanday yo‘l bilan qila olmaydigan darajada qisqartira oladi», - dedi prezident hafta boshida Budjet boshqarmasi direktori Rass Vout haqida.

Payshanba «shutdown»ning ikkinchi kuni bo‘lsa-da, allaqachon keskinlik oshib ketdi. Oson yechim yo‘qligi sabab qarama-qarshilik oktyabr oyiga cho‘zilishi mumkin. Bu esa ishda qolayotgan federal xodimlarning maoshsiz qolishiga olib keladi.

Shutdown — AQSh siyosatida hukumatning vaqtinchalik faoliyatini to‘xtatishini bildiradi. Asosiy ma’nosi AQShda hukumatning barcha xarajatlarini moliyalashtirish uchun Kongress budjet yoki vaqtinchalik moliyalashtirish qonunini qabul qilishi kerak. Agar Kongress va prezident o‘z vaqtida kelishuvga erisha olmasa, davlat idoralari mablag‘siz qoladi. 

Mavzuga oid