Jahon | 13:21 / 03.10.2025
7033
9 daqiqa o‘qiladi

Afrikani egallayotgan “Z” avlod namoyishlari, poytaxtini ko‘chirmoqchi bo‘lgan Eron va Trampga javob qaytargan Putin – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil flotiliyaning barcha kemalarini to‘xtatdi

2 oktyabrga kelib Isroil armiyasi G‘azoga yordam olib ketayotgan taxminan 40 ta kemaning deyarli barchasini to‘xtatdi va ularda bo‘lgan 450 dan ortiq xorijiy faollarni hibsga oldi. Buning ortidan xalqaro maydonda qoralash va norozilik namoyishlariga duch keldi.

Kemalardan jonli efir olib borilgan kadrlarda qurollangan isroillik askarlar kema bortiga chiqayotgani, yo‘lovchilar esa qutqaruv jiletlari kiyib, qo‘llarini ko‘targan holda o‘tirgani ko‘rsatildi. Isroil tashqi ishlar vazirligi tarqatgan videoda esa eng mashhur yo‘lovchi — Greta Tunberg askarlar qurshovida kema palubasida o‘tirgani aks etgan.

Tashkilotchilarga ko‘ra, flotning yana bir kemasi — Marinette esa hamon G‘azo tomonga suzib bormoqda. Isroil tomoni u ham yaqinlashganda qo‘lga olinishini bildirdi.

Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishchilar Yevropa, Osiyo va Amerika qit’asining o‘nlab katta shaharlarida ko‘chaga chiqishdi.

Isroil tashqi ishlar vazirligi bayonotida flotiliyadan qo‘lga olinganlarning barchasi Ashdod portiga olib chiqilgani, «hammasi xavfsiz va sog‘lom» ekani bildirildi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroil tajovuzini tanqid qilib, bu Isroil hukumati tinchlik umidini o‘stirish niyatida emasligini ko‘rsatadi, dedi.

Anadolu nashriga ko‘ra, Istanbul bosh prokuraturasi kemalarda hibsga olingan 24 nafar turkiyalikka oid tergov ishini boshladi. Janubiy Afrika prezidenti Kiril Ramafosa flotiliyada sobiq prezident Nelson Mandelaning nabirasi ham borligi uchun fuqarolarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

Hamas ham o‘z bayonotida faollarni qo‘llab-quvvatlab, Isroilning flotiliyani to‘xtatishini «jinoyat» deb atadi va jamoatchilikni norozilik namoyishlariga chorladi.

Putin Trampga javob qaytardi

Vladimir Putin «Valday» xalqaro munozara klubi yig‘ilishida nutq so‘zlab, AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya «qog‘oz yo‘lbars» ekani haqidagi bayonotiga javob qaytardi va Amerika yetakchisi tomonidan berilgan tavsif noto‘g‘ri ekanini aytdi.

«Men aytdim-ku, Rossiya bu yillar davomida Ukraina bilan emas, balki deyarli barcha NATO a’zolari bilan urushmoqda. Agar biz NATO bloki bilan urushayotgan bo‘lsak va shu bilan birga oldinga ishonch bilan siljiyotgan bo‘lsak, u holda NATO haqida nima deyish mumkin? U nimani anglatadi?» dedi Putin.

U bunday gaplarga xotirjam munosabatda ekanini ta’kidlab, ular «istehzo bilan» aytilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

«Mana, u hamsuhbatiga: «bu qog‘oz yo‘lbars-ku», dedi. Xo‘sh, keyin nima bo‘ladi? Unda boringlar va qog‘oz yo‘lbarsni bir yoqli qilinglar... Lekin ko‘ryapsizmi, hammasi boshqacha kechmoqda», dedi Putin.

Bundan tashqari, Putin Rossiya bilan «o‘chakishmoqchi» bo‘lganlarni ogohlantirdi. «Rossiya hech qachon zaiflik ko‘rsatmaydi, agar kimdir u bilan «o‘chakishmoqchi» bo‘lsa, javob oladi. Agar kimdadir harbiy sohada biz bilan tenglashish istagi paydo bo‘lsa, marhamat, o‘zini sinab ko‘rsin», dedi u.

Bu so‘zlar Putinning Donald Tramp bayonotiga birinchi ommaviy munosabati bo‘ldi. 23 sentabr kuni Amerika yetakchisi Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Ukraina o‘zining barcha hududlarini qaytarib olishga qodir, chunki Rossiya jiddiy iqtisodiy muammolarga ega «qog‘oz yo‘lbars» bo‘lib chiqdi, deb yozgan edi.

OpenAI dunyodagi eng qimmat kompaniya bo‘lib chiqdi

Chat GPT yaratuvchisi bo‘lgan OpenAI dunyodagi eng qimmat xususiy kompaniyaga aylandi. Uning qiymati 500 milliard dollarga baholanmoqda.

Kompaniyaning sobiq va hozirgi xodimlari investorlarga taxminan 6,6 milliard dollarlik aksiyalarni sotgan. Dastlab aksiyalarni taxminan 10,3 milliard dollarga sotishga ruxsat bergan, biroq ko‘pchilik biznesning istiqboliga ishonch bildirgan holda bunday qilmaslikka qaror qilgan.

Ilgari kompaniya taxminan 300 milliard dollarga baholangan edi. Aksiyalarni sotish natijasida uning qiymati Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi qiymatidan oshib ketdi. SpaceX taxminan 400 milliard dollarga baholangan bo‘lib, hozir u ro‘yxatda ikkinchi o‘rinda turibdi. Uchinchi o‘rinda esa TikTok egasi bo‘lgan Xitoyning ByteDance kompaniyasi o‘rin olgan.

Bloomberg’ning ta’kidlashicha, OpenAI qiymatining oshishi sun’iy intellekt sohasidagi texnologiya yetakchilari atrofidagi «investitsion qiziqish» ni ko‘rsatadi. Xususan, sentabr oxirida chip ishlab chiqaruvchi Nvidia OpenAI’ga taxminan 100 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritishini va kompaniyaga ma’lumot markazlari uchun chiplar yetkazib berishini e’lon qilgan.

Eron poytaxtini ko‘chirmoqchi

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon mamlakat poytaxtini Tehrondan janubga ko‘chirishdan boshqa chorasi qolmaganini bildirdi. Sabab — shaharning haddan tashqari kengayishi, yetarli suv ta’minotining yo‘qligi va tobora kuchayib borayotgan yer cho‘kishi tahdidi.

Mas’udning aytishicha, u bu taklifni o‘tgan yili oliy diniy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan muhokama qilgan. Taklif qattiq tanqidlarga uchragan bo‘lsa-da, prezident resurslar inqirozi shunchalik chuqurlashganini ta’kidladiki, endi Eron poytaxtni ko‘chirishga majbur.

«Bu hudud Fors ko‘rfazi qirg‘oqlarida joylashgan va ochiq suv yo‘llariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkonini beradi. Savdo va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat bor», dedi prezident Dubayning qarshi tomonida joylashgan Hormozgon viloyatiga tashrifi chog‘ida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronni hozir qiynayotgan muammolar rivojlanish yo‘lini Fors ko‘rfaziga burishni talab qilmoqda. «Tehron, Karaj va Qazvin suv inqiroziga yuz tutmoqda va bu muammoni oddiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmaydi», dedi u.

Tehron bugun 10 milliondan ortiq aholiga ega va butun Eron suv ta’minotining qariyb 25 foizini iste’mol qiladi. Avvallari Tehron suvining 70 foizi to‘g‘onlardan, 30 foizi esa yer osti manbalaridan olinardi. Lekin past yog‘ingarchilik va bug‘lanishning ortishi natijasida to‘g‘onlardan olinadigan suv qisqarib, bosim yer osti suvlariga tushmoqda.

Z avlod namoyishlari

Afrikaning turli hududlari — Hind okeanidan tortib Sahroi Kabirgacha 28 yoshdan kichik «Z avlodi» vakillari yillar davomida hukumatlarning samarasiz boshqaruviga qarshi ko‘chalarga chiqmoqda.

Xususan, Madagaskarda suv va elektr tanqisligiga qarshi bir haftadan kam davom etgan noroziliklardan so‘ng, prezident Andri Rajuelina dushanba kuni televideniyedan chiqib hukumatni tarqatib yuborishini e’lon qildi.

Ammo namoyishlar davom etmoqda. Ko‘pchilik Rajuelinaning o‘zi ham iste’foga chiqishini talab qilmoqda. Hukumatning zo‘ravon munosabati yoshlarni yanada qat’iyatli qilgan. Oldingi namoyishlarda kamida 22 kishi o‘ldirilgani tasdiqlandi, BMT xavfsizlik kuchlarini haddan tashqari kuch ishlatishda aybladi.

Nepaldan tashqari, Osiyoning boshqa davlatlarida ham yoshlar boshchiligidagi namoyishlar bo‘ldi: Filippinda korrupsiyaga qarshi, Indoneziyada siyosatchilarning imtiyozlariga qarshi. Yevropada ham bunday to‘lqin sezildi — Serbiyada bu yil temiryo‘l stansiyasi qulashi va hukumatdagi korrupsiya ortidan yirik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Afrikada Madagaskar yolg‘iz emas. Keniya sharqiy qirg‘og‘ida o‘tgan yildan beri moliyaviy qonun loyihasiga qarshi Gen Z namoyishlari davom etmoqda.

Shimoliy Afrikada esa Marokashda o‘nlab shaharlarda yuzlab minglab yoshlar ko‘chalarga chiqib, so‘nggi yillarda eng yirik hukumatga qarshi mitinglarni o‘tkazmoqda. Ular sog‘liqni saqlash va ta’lim islohotlarini talab qilmoqda, hukumatning 2030 yilgi FIFA Jahon chempionatiga tayyorgarlik uchun stadionlarga sarf qilayotgan mablag‘ini tanqid qilmoqda.

Mavzuga oid