Jahon | 20:43 / 03.10.2025
8470
4 daqiqa o‘qiladi

Albaniya bosh vaziri Trampni mazax qilib, Makron va Aliyevni kuldirdi

Albaniya bosh vaziri Trampning Ozarboyjon bilan urush haqidagi gapiga hazil qildi. Makron bilan Aliyev o‘zini kulgidan tiya olmadi.

Foto: AFP via Getty Images

Albaniya bosh vaziri Edi Rama hazillashib, o‘z mamlakati va Ozarboyjon o‘rtasida «Tramp shafeligida tinchlik sulhi tuzilgani» bilan tabriklamagani uchun Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni koyidi. Bu orqali u Tramp yaqinda Armanistonni Albaniya bilan chalkashtirib yuborganiga ishora qilgan.

Bu vaqtda ularning davrasida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ham bor edi.

Bu voqea Kopenhagendagi Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti vaqtida ro‘y bergan, holat videosi X ijtimoiy tarmog‘ida bir qancha akkauntlarda, jumladan, Euronews Albania nashri sahifasida ham joylashtirilgan.

«Siz biz ikkimizdan uzr so‘rashingiz kerak», – deya Makronga murojaat qilgan albanlar bosh vaziri Aliyevni qo‘li bilan ko‘rsatib.

«Chunki siz bizni prezident Tramp Albaniya va Ozarboyjon o‘rtasida tuzgan tinchlik kelishuvi bilan tabriklamadingiz», – degan Rama Makronga yuzlanib.

Shu tariqa, siyosatchilar Ozarboyjon va Albaniya o‘rtasida aslida hech qachon bo‘lmagan «ziddiyat» haqida hazil qilishdi. Gap shundaki, sentabr oyida Tramp brifing chog‘ida Armaniston-Ozarboyjon nizosi haqida gapirmoqchi bo‘lib adashib ketgan va Albaniya va Ozarboyjon o‘rtasida kelishuvga erishgani haqida aytgandi.

«Uzrimni qabul qiling», – deya Albaniya bosh vazirining haziliga qo‘shimcha qildi Makron.

«U chindan ham bu borada ko‘p ish qildi», – deya hazillashishda davom etdi Edi Rama.

Bu vaqtda ularning oldida bo‘lgan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ham ularga qo‘shilib kulgan.

Bu davlat rahbarlari barchaning ko‘z o‘ngida Donald Trampning so‘zlari ustidan ko‘pchilik bo‘lib hazillashishi bo‘yicha ilk holat bo‘lmoqda.

Albaniya NATO a’zosi hamda AQShning Bolqon mintaqasidagi ittifoqchisi sanaladi.

Donald Tramp mamlakatlar nomini chalkashtirib yuborishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Masalan, u avvalroq shu kabi xatoga yo‘l qo‘yib, umuman bir-biriga aloqasi yo‘q bo‘lgan Kambodja va Armaniston o‘rtasidagi urushni to‘xtatgani haqida ham gapirgandi – o‘shanda ham u aslida Armaniston-Ozarboyjon mojarosini nazarda tutgan.

Bu voqeadan keyin Kambodja va Armaniston tashqi ishlar vazirlari BMT Bosh assambleyasi doirasida uchrashib, birgalikda tushgan suratini e’lon qilishgandi.

BMT Bosh Assambleyasi doirasida Kambodja va Armaniston tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi. Bu suratni Kambodja TIV e’lon qilgan.

Joriy yil avgustida Donald Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati boshidan buyon yettita urushni to‘xtatgani haqida gapirib maqtangandi.

Tramp ma’muriyati uni urushlarga barham berayotgani tufayli Tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlash zarurligini aytmoqda.

U nazarda tutgan urushlarda harbiy harakatlar bir necha kun davom etgan bo‘lsa-da, ular ko‘p yillik keskinlikning natijasi edi va ba’zi tinchlik shartnomalari haqiqatan ham amalda ishlaydimi yoki yo‘qmi, bunisi noma’lum.

Mavzuga oid