Jahon | 15:25 / 04.10.2025
6389
5 daqiqa o‘qiladi

G‘azo bo‘yicha muzokaralar: Hamas nimani so‘rayapti?

Hamas guruhi AQSh taklif qilgan rejaning ayrim shartlarini qabul qildi. Qurolsizlanish masalasi – muzokaralar stolidagi asosiy mavzulardan. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida professor Farhod Karimov ayni jarayonlar yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Agar Hamas Tramp talab qilganidek qurollarni tashlasa va sektor boshqaruvi texnokratik guruhga topshirilsa, G‘azo ham G‘arbiy sohil singari Isroil tomonidan bosib olinmaydimi?

— G‘azo port shahar, strategik jihatdan muhim bo‘lib, turizm va tranzit uchun qulay joy hisoblanadi. Bu hudud katta geosiyosiy va geoiqtisodiy loyihalarning bir bo‘lagi sifatida ham ko‘riladi. Masalan, bir paytlar Bayrutning port shahar sifatidagi ahamiyati oshib ketgan edi, portlash qilishdi, boshqa qilishdi, xullas oldingi funksiyasini yo‘qotishdi. Maqsad – boshqa joyda Bayrutga muqobil port yaratish edi. Isroilda “mana shu rejani G‘azoni olmasdan qilolmaymiz” degan qarash bor.

Shu kabi omillar Hamasning bu takliflarga shubha bilan qarashiga olib kelyapti: “Biz hukumatni topshiradigan odamlar kim, Falastinda tug‘ilgan va arabcha gapiradigan bo‘lishi mumkin, lekin ertaga ular kimga ishlaydi?” degan savol bor Hamasda. Agar yangi rahbariyat Isroil manfaatlariga xizmat qilsa yoki de-fakto assimilyatsiyaga uchrasa, G‘azoning mustaqil funksiyasi yo‘qolishi mumkin.

Shuningdek, qarshilik harakatining infratuzilmasi va qurollari masalasi ham muhim: qurollar va infratuzilma topshirilganidan keyin, qarshilikni tiklash imkoniyati kamayadi.

AQShning rejasida qurolini tashlagan Hamas a’zolariga G‘azoni erkin tark etish imkoniyati berilishi ko‘zda tutilgan. Lekin keyinchalik ularga va G‘azoda qolgan, o‘z vaqtida Hamasga xayrixoh bo‘lgan shaxslarga “ov” e’lon qilinishi mumkinmi?

— Bunday bo‘lishi ehtimoli juda ham katta. Chunki ular qayergadir borib, yana faoliyatini davom ettirishi mumkin. Shu sabab Hamas a’zolarida: “Hozir taslim bo‘lsam, oxir-oqibat baribir yo‘q qilishadi” degan fikr bor.

Aslini olganda, Hamas a’zolari ham farishta emas: ular vaziyat shu darajaga kelguncha juda ko‘p nomuvofiq ishlarni qilishdi. 7 oktyabr voqealarini eslashning o‘zi kifoya. Siyosiy institutlar orqali ham ishlash mumkin edi, lekin u yo‘lni tanlashmadi. 2006 yildan beri radikal kayfiyatga o‘tib olishdi. Bu degani, butunlay mustaqillikdan voz kechish kerak degani ham emas.

Hamas qurolni tashlamasdan hokimiyatni texnokratlarga topshirsa, u Hizbullohga o‘xshab qoladimi?

Farhod Karimov: Hizbulloh modeli ham bir variant sifatida tilga olinmoqda. Agar shunday bo‘lsa, rasmiy hukumat mavjud bo‘lsa-da, uning ichida harbiylashgan tashkilotning o‘z mulki va hududlari bo‘lib, “davlat ichida davlat” holati yuzaga keladi. Bunday tuzilma ichki siyosiy ziddiyatlarni kuchaytiradi va tashqi aralashuv uchun bahona yaratadi.

Har qanday davlatning o‘z armiyasi bo‘lishi kerak. Hamas qurolni tashlashdan oldin kim tomonidan va qanday kafolat bilan Falastinning o‘z armiyasi shakllantirilishini so‘ramoqda. Ular arab-musulmon hamjamiyati shafeligida Falastin qurolli kuchlari tashkil etilishi kerak, deb hisoblamoqda. Ya’ni mintaqaviy kafolatlarni xohlayapti. So‘ralayotgan kafolatlarga ko‘ra, arab-musulmon dunyosi Falastin to davlat bo‘lib shakllanguncha, uni Isroildan himoya qilishi kerak. Mana shu holatda biz qurolni tashlaymiz, deyapti.

Lekin ikkinchi masala bor: Isroilga nisbatan hozir arab davlatlarining pozitsiyasi yumshagan. AQSh Qatar va boshqa davlatlar bilan siyosiy muloqotlar olib bordi, ayrimlar kechirim ham so‘radi. Umuman, arab hamjamiyati hozir kafolat berishga shoshilmayapti. Ya’ni hozirgi rejalar faqat takliflardan iborat bo‘lib qolyapti, bunga qo‘shimcha amalga oshirish mexanizmi va kafolatlar ham kerak.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid