Bugun siz bilan “5 daqiqa”da jahon adabiyotidagi eng mashhur, eng ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan asarlardan biri – Jorj Oruelning “Molxona” romani haqida gaplashamiz.

“Molxona” 1945 yilda chop etilgan. Asar bir qarashda hayvonlar haqidagi oddiy bir ertakka o‘xshab ketadi. Lekin aslida u katta siyosiy ramzlar, jamiyat qonunlari va inson tabiati haqidagi dahshatli haqiqatlarni ochib beradi.

Asar voqealari molxonada sodir bo‘ladi. U yerda odamlar hayvonlarni ezib, ularning mehnatidan foydalanib yashab kelardi. Bir kuni qari cho‘chqa hayvonlarni yig‘ib, o‘limi oldidan nutq so‘zlaydi. U: “Biz odamlarga xizmat qilib charchadik. Aslida o‘z mehnatimiz bilan yashashimiz mumkin. Odamlarsiz hayot adolatli va farovon bo‘ladi”, deb ularni qo‘zg‘olonga chorlaydi.

Shu orzudan ruhlanib, hayvonlar odamlarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishadi va molxonani egallaydi. Endi ular o‘zlari uchun yangi jamiyat qurishi kerak edi. Hayvonlar “Barcha hayvonlar teng!” degan shior ostida birlashadi.

Ammo mustaqillikka erishilgach, voqealar orzu qilinganidek kechmadi. Hokimiyat qo‘lga kirganidan so‘ng cho‘chqalar, ayniqsa Napoleon ismli cho‘chqa o‘z hokimiyatini mustahkamlay boshladi. Boshlang‘ich adolat va tenglik g‘oyalari sekin-asta yo‘qoldi, yangi zulm boshlandi.

Hayvonlar ishonishni yaxshi ko‘rardi...

Oruelning bu asari jamiyatning eng og‘ir jarayonlarini hayvonlar obrazi orqali ko‘rsatadi. Ayrim lavhalar voqean yurakni titratadi:

Hayvonlarda xotira va zehn yo‘qolib boradi. Bu fojia. Kecha baxtliroqmidi yoki bugun? Shuni anglolmaydi. Ular faqat gapirib turganlarni, amalda tepasiga chiqqanlarnigina eshitar va ishonar edi.

Oziq-ovqat taqsimotida faqat cho‘chqalar va ularning qo‘riqchilari, ya’ni itlar yaxshiroq yashardi. Qolganlar “moslashishga” majbur bo‘lishardi.

Hamma hayvonlar mehnati evaziga kelgan mablag‘ bilan cho‘chqa bolalari uchun maxsus maktablar quriladi. Bu hokimiyatning avloddan-avlodga o‘tishi uchun tayyorgarlik edi.

Hayvonlar ishonishni yaxshi ko‘rardi. Ko‘nishni yaxshi ko‘rardi. Bu fikrlash, qarshi chiqish, haqqini talab qilishdan ancha oson edi.

Eng taniqli obraz – Boksyor. Uning umri mehnat bilan o‘tdi, quvvatsiz qolganida esa nafaqaga chiqish o‘rniga qassobxonaga jo‘natildi.