Jahon | 12:22 / 04.10.2025
15030
8 daqiqa o‘qiladi

«Tehron yiliga 30 sm cho‘kmoqda» – Eron prezidenti poytaxtni ko‘chirishga majburligini aytdi

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Tehronda yuz berayotgan suv inqirozi va yer cho‘kishi sababli poytaxtni Fors ko‘rfazi tomonga – Dubayning qarshisiga ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, o‘nlab yillar davomida shakllangan Erondagi inqiroz – suvni cheksiz deb bilgan har bir jamiyat uchun ogohlantirishdir.

Foto:New York Times

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon mamlakat poytaxtini Tehrondan janubga ko‘chirishdan boshqa chorasi qolmaganini bildirdi. Sabab – shaharning haddan tashqari kengayishi, yetarli suv ta’minotining yo‘qligi va tobora kuchayib borayotgan yer cho‘kishi tahdidi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

2 oktabr kuni Fors ko‘rfazi bo‘yidagi Hormozgon viloyatiga tashrif buyurgan Mas’ud Pizishkiyon siyosatshunos olimlar va ekologlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uning aytishicha, poytaxtni ko‘chirish taklifi o‘tgan yili oliy diniy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan muhokama qilingan. Taklif qattiq tanqidlarga uchragan bo‘lsa-da, prezident resurslar inqirozi shunchalik chuqurlashgani sababli Eron poytaxtni ko‘chirishga majbur ekanini bildirdi.

Foto: Eron prezidenti matbuot xizmati

«Bu hudud Fors ko‘rfazi qirg‘oqlarida joylashgan va ochiq suv yo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini beradi. Savdo va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat bor. Agar bu imkoniyatlarga boshqacha qarasak, juda farovon va ilg‘or hudud yaratishimiz mumkin. Mavjud vaziyat bilan kifoyalanib, kelajak uchun ilmiy, aniq va milliy xarita tuzmaslik — bu noto‘g‘ri yo‘ldir», deya Mas’ud Pizishkiyonning so‘zlarini keltirmoqda The Guardian nashri.

Pizishkiyon yig‘ilish o‘tkazgan Eronning janubidagi Hormozgon viloyati xaritada. Tehrondan taxminan ming kilometr janubda – Fors ko‘rfazi bo‘yida joylashgan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Eronni hozir qiynayotgan muammolar rivojlanish yo‘lini Fors ko‘rfaziga burishni talab qilmoqda. Lekin qaysi shahar yangi poytaxt bo‘lishi hozircha ma’lum emas.

«Tehron, Karaj va Qazvin suv inqiroziga yuz tutmoqda va bu muammoni oddiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmaydi. Tehron bugun 10 milliondan ortiq aholiga ega va butun Eron suv ta’minotining qariyb 25 foizini iste’mol qiladi», dedi u

Aslida Mas’uddan avvalgi prezidentlar ham poytaxtni ko‘chirish masalasini ko‘targan edi. Masalan, Hasan Ruhoniy hatto bir nechta variantlarni o‘z ichiga olgan rejani ishlab chiqqan.

Pizishkiyon ham uzoq vaqtdan beri Eronning kuchayib borayotgan suv inqirozi haqida ogohlantirib kelmoqda.

«O‘tgan yili yog‘ingarchilik 140 mm ni tashkil etdi, me’yor esa 260 mm. Ya’ni yog‘in 50-60% kamaygan. Bu yil ham vaziyat shunday og‘ir. 2025 yil uchun ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, yog‘in 100 mm dan ham kam. Suv omborlaridagi suv hajmining kamayishi, ba’zi quduqlarning qurib qolishi, suvni boshqa hududlardan tashish xarajatlarining yuqoriligi bizni yangi yondashuvga majbur qilmoqda. Agar bu hududdan Tehronga suv tashimoqchi bo‘lsak, har bir kub metr uchun xarajat 4 yevrogacha chiqadi», deya qo‘shimcha qildi Eron prezidenti.

Foto: Eron prezidenti matbuot xizmati

Uning aytishicha, mamlakatning ba’zi hududlarida yer yiliga 30 santimetrgacha cho‘kmoqda. «Bu falokatdir va oyoqlarimiz ostidagi suv tugayotganini ko‘rsatmoqda», dedi Mas’ud Pizishkiyon.

Eron – suvni cheksiz deb bilgan har bir jamiyat uchun ogohlantirish

Avvallari Tehron suvining 70 foizi to‘g‘onlardan, 30 foizi esa yerosti manbalaridan olinardi. Lekin past yog‘ingarchilik va bug‘lanishning ortishi natijasida to‘g‘onlardan olinadigan suv qisqarib, bosim yerosti suvlariga tushmoqda. Natijada suvlar so‘rib olingan hududda cho‘kishlar paydo bo‘lmoqda.

Times nashrining suv muammolari bo‘yicha tahlilchisi Nik Kavsarning yozishicha, bu yil yoz davomida Eronning suv inqirozi favqulodda vaziyatga aylandi.

Foto: Getty Images

«Quduqlar qulab tushdi, ba’zi suv omborlari quridi. Tehronda kranlar kunning yarmiga keliboq quruq qoldi. Davlat OAVlari Tehron bir necha haftada suv resurslari talabni qoplay olmaydigan nuqtaga yetishi mumkinligi haqida ogohlantira boshladi», deb yozadi asli eronlik tahlilchi.

Havo haroratining oshishi va elektr uzilishlari fonida millionlab eronliklar jazirama ostida qolib ketdi. Shunday vaziyatda, Eron uchun noyob tarzda prezident Mas’ud Pizishkiyon o‘zining muvaffaqiyatsizligini tan olib, muammoni hal qilgan odamga taxminan 1 million dollar mukofot va’da qildi.

Suv muammosi qayerdan paydo bo‘ldi?

Eron oddiy qurg‘oqchilikka duch kelgani yo‘q. Eron «suv bankrotligi»ni boshidan kechirmoqda, bunda talab ta’minotdan ancha yuqori. Suv xavfsizligining qulashi o‘nlab yillar davomida shakllangan bo‘lib, gidrologiya va ekologik muvozanatni e’tiborsiz qoldirgan to‘g‘onlar, chuqur quduqlar va suvni boshqa havzalardan ko‘chirish kabi megaloyihalarga bo‘lgan «maniya»dan kelib chiqqan.

Foto: Getty Images

Nik Kavsarning tahlillariga ko‘ra, Eronning suv inqirozi asosan Shoh Pahlaviy davrida boshlangan noto‘g‘ri modernizatsiya va keyingi yillardagi noto‘g‘ri siyosatlardan kelib chiqqan. Shoh g‘arbda ko‘rgan yirik to‘g‘onlar va motorli quduqlarni joriy qilib, qadimiy kanat tizimlarini chetga surdi, bu esa yer ostida suv to‘plangan tabiiy qatlamlarining tez qurishiga olib keldi. Islom Respublikasi davrida ham quduqlar soni ikki baravar ko‘payib, yuzlab yangi to‘g‘onlar rejalashtirildi. Rafsanjoniy davrida «suv mafiyasi» shakllanib, resurslardan foyda ko‘rish ustuvor bo‘ldi, natijada daryolar quridi, Urmiy ko‘li yo‘qoldi va unumdor yerlar cho‘lga aylandi. Natijada, bugunga kelib, millionlab odamlar ichimlik suvisiz qolmoqda. Ammo hukumat suv bilan bog‘liq megaloyihalarini davom ettirmoqda.

Foto: New York Times

Yechimlar

Mutaxassisning ta’kidlashicha, Eronga mustaqil va siyosatdan mustasno suv agentligi kerak.

«Mamlakat allaqachon «suv bankrotligi»ga yetdi, yashirin zaxiralar qolmadi. Mutaxassislar suv iste’molini yangilanadigan resurslarning 40% dan oshirmaslikni tavsiya qiladi, aks holda daryo, botqoqlik va yer osti zaxiralari yo‘qoladi. Haqiqiy reja – suv iste’molini tabiiy ta’minotga moslashtirish, suv talabchan ekinlardan voz kechish, «aqlli dehqonchilik»ka o‘tish, tomchilab sug‘orish, suv tejash va qadimiy suvni qayta to‘ldirish usullarini tiklashdir».

Foto: Getty Images

Yana bir katta muammo – Tehrondagi infratuzilma. Nik kavsarga ko‘ra, Tehronning uchdan bir suvi teshik quvurlardan yo‘qolmoqda. Shu sababli sizib chiqishni aniqlash, bosim nazorati, oqova suvni qayta ishlatish kabi aqlli shahar tizimlarini joriy etish kerak.

Bundan ham achinarlisi suv inqirozi Eron chegarasida to‘xtamaydi: Iroq va Afg‘oniston bilan umumiy daryolar bo‘yicha mojarolar mintaqadagi yangi xavfsizlik inqiroziga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa vaziyat yechim o‘laroq, global standartlarni olib kirishni talab qiladi, deydi tahlilchi.

Mavzuga oid