20 yoshgacha bo‘lgan ayollarda farzand ko‘rish holatlarining oshishi — jamiyat, iqtisod, sog‘liqni saqlash va madaniyat nuqtayi nazaridan ayrim salbiy jihatlarga ega. Onalikka tayyorlik: jismoniy va ruhiy jihatdan yetuk bo‘lishi kerak. Agar faqat jismoniy jihatdan tayyor bo‘lsa-yu, ruhiy jihatdan tayyor bo‘lmasa buning oqibati yomon bo‘lishi mumkin.

Ona bo‘lish — bu nafaqat biologik jarayon, balki katta mas’uliyat va hayotni boshqarish qobiliyati ham. Masalan, biologik jihatdan ayollar odatda 18–25 yoshda reproduktiv jihatdan mos hisoblanadi. Ammo 20 yoshgacha farzand ko‘rish ayollar uchun qanchalik to‘g‘ri? Ularni qanday muammolar kutishi mumkin?

Bu yoshda jismonan tayyor bo‘lishga qaramay, gormonal muvozanat, jamiyat bosimi va sog‘liqqa yetarli e’tibor berilmasligi oqibatida onalik va bola sog‘lig‘i xavf ostida qoladi. Bolada kam vazn, tug‘ma kasalliklar va erta tug‘uruq xavfi yuqori bo‘ladi. Ko‘p hollarda yosh onalar ta’lim olishni yarim yo‘lda tashlab qo‘yadi, bu esa ularning moliyaviy mustaqilligi va shaxsiy rivojlanishini cheklaydi. Erta onalik ishga joylashish imkoniyatini cheklaydi. Bu nafaqat ayolning, balki oilaviy daromad darajasiga ham ta’sir ko‘rsatadi – bu nafaqat ayollar uchun, balki mamlakat uchun ham iqtisodiy zarar hisoblanadi.

O‘zbekistonda vaziyat qanday?

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda 15–19 yoshli qizlar o‘rtasida onalik holatlari soni o‘sgani kuzatilmoqda. Bu tendensiya qishloq joylarda ayniqsa keng tarqalgan, ko‘pincha bu erta turmushlar an’anaviy qadriyatlar va ma’lumot yetishmasligi bilan bog‘liq bo‘ladi. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 yoshgacha farzand ko‘rganlar soni 2015 yilda 33156 nafar bo‘lsa, 2024 yilda 52058 nafar ayollar shu yoshga qadar bolali bo‘lishgan. Erta turmush holatlarining aniqlanishi, choralar ko‘rilishiga qaramay bu tendensiya rivojlanishdan to‘xtamayotganini raqamlar ko‘rsatib turibdi. Xo‘sh, 20 yoshgacha farzand ko‘rishning nimasi yomon, bundan jamiyat qanday zarar ko‘ryapti deyishingiz mumkin. Kun.uz bundan 2 yil avval o‘tkazgan surishtiruvda ham bu dolzarb muammo sifatida ta’kidlangan edi. Unda erta turmush holatlari asosan voha tomonlarda oddiy holatga aylanganini, shar’iy nikoh asosida turmush qurib, 16-17 yoshda farzandli bo‘layotgan qizlar ko‘pligi haqida manbalarimiz gapirib berishgan edi. Yaqinda ham Surxondaryoda 15 yashar qizning turmushga berilgani aniqlandi