Jahon | 13:31 / 07.10.2025
4280
10 daqiqa o‘qiladi

Xitoydan Trampga $1 trillionlik taklif, Isroilni ayblagan flotiliya faollari va 14 soatda iste’foga chiqqan Fransiya hukumati – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroilda flotiliya faollariga «noinsoniy sharoit»

6 oktyabr kuni Isroil tomonidan dengizda noqonuniy qo‘lga olingan Greta Tunberg va yuzlab xalqaro faollar deportatsiya qilindi. Dushanba kuni Afinaga yetib kelgan Tunbergni jamoatchilik olqishlar bilan kutib oldi.

«Aniq aytaman — bu yerda genotsid sodir bo‘lmoqda. Xalqaro tizimlar falastinliklarni sotmoqda, ular eng dahshatli urush jinoyatlarining oldini ham ololmayapti», dedi 22 yoshli Tunberg.

Shved faollari esa Tunberg hibsda bo‘lgan paytda «unga Isroil bayrog‘ini kiydirishganini» aytdi. Ular oziq-ovqat va dori vositalaridan ham mahrum etilganini, buyumlari olib qo‘yilganini bildirdi.

«Bizga nisbatan qanchalik yomon muomala bo‘lganini uzoq gapirib bera olaman, ishonavering. Ammo bu hikoya biz haqimizda emas. Bu — Isroil xalqaro huquqni yana buzib, insoniy yordamning G‘azoga kirishiga to‘sqinlik qilayotgani, shu bilan butun xalqni yo‘q qilishga urinayotgani haqida».

Uning so‘zlariga ko‘ra, flotiliya maqsadi — hukumatlar o‘z huquqiy majburiyatlarini bajara olmayotgan bir paytda yordam yetkazish va G‘azodagi ahvolga e’tibor qaratish edi.

Shveytsariya va Ispaniya faollari ham Isroilda hibsda bo‘lgan paytda «insoniy bo‘lmagan sharoitlarga» duch kelganliklarini aytishdi.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni «butunlay yolg‘on» deb rad etdi.

«Barcha hibsdagilarga suv, oziq-ovqat va hojatxonadan foydalanish imkoniyati berilgan. Ular advokat bilan bog‘lanish huquqidan ham foydalangan», - degan Isroil TIV rasmiysi Reutersʼga.

Fransiyadagi eng qisqa hukumat iste’foga chiqdi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ikki yil ichida tayinlagan beshinchi bosh vaziri – Sebastyan Lekornu lavozimda 27 kun ishladi va 6 oktyabr kuni iste’foga chiqdi. U yakshanba kuni tayinlagan hukumati esa atigi 14 soatda iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi.

Kutilmagan va juda tez iste’fo – uning tarafdorlari va muxoliflari hukumatni qulatish bilan tahdid qilganidan so‘ng yuz berdi. Xususan, Fransiyadagi o‘ng radikal «National Rally» partiyasi prezident Emmanuel Makronni darhol parlamentni tarqatib, muddatidan oldin saylov o‘tkazishga chaqirdi. Chap radikal «Bo‘ysunmas Fransiya» partiyasi esa Makronning o‘zini iste’foga chiqishga chaqirmoqda.

Lekornuning 27 kunlik faoliyati — zamonaviy Fransiya tarixidagi eng qisqa umr ko‘rgan hukumat hisoblanadi.

«Ishlash uchun zarur sharoit mavjud bo‘lmasa, bosh vazir bo‘lib qolishning imkoni yo‘q», - dedi Lekornu iste’fosidan so‘ng qilgan qisqa chiqishida. Shuningdek, u hamkasblarini «har doim partiyadan ko‘ra yurt manfaatini ustun qo‘yishga» chaqirdi.

Fransiyada siyosiy beqarorlik 2022 yilgi prezidentlik saylovidan buyon kuchayib bormoqda, chunki hech bir partiya parlamentda mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmagan.

Lekornudan avvalgi ikki bosh vazirlar: Fransua Bayru va Mishel Barne ham parlament tomonidan davlat xarajatlarini qisqartirish harakatlari tufayli lavozimidan ketishga majbur bo‘lgandi.

Xitoy AQSh iqtisodiyoti uchun 1 trillion dollar taklif qildi

Xitoy vakillari AQSh bilan savdo muzokaralarida Amerika iqtisodiyotiga ulkan miqdorda, ammo ma’lum shartlar asosida sarmoya kiritishni taklif qildi.

Bir necha kundan keyin Xitoy raisi Si Jinping prezident Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatda «Xitoy kompaniyalari Amerikaga sarmoya kiritishi» uchun tegishli sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidlagan. Bu shartlar orasida Xitoy kompaniyalarining AQShda amalga oshirishi mumkin bo‘lgan bitimlarga nisbatan milliy xavfsizlik sohasidagi cheklovlarni bekor qilish ham bor.

Bloomberg manbalariga ko‘ra, joriy yil boshida Xitoy vakillari 1 trillion dollarga baholagan keng ko‘lamli investitsiyalar paketiga kiritish taklif qilinmoqda. Hozir gap qanday summalar haqida ketayotgani noma’lum. Ammo Pekin, shuningdek, AQShda qurilgan Xitoy zavodlari o‘z ehtiyojlari uchun olib kiradigan mahsulotlar importiga bojlarni kamaytirishni talab qilmoqda.

AQSh bir necha yildan beri Xitoyning iqtisodiy rivojlanishini turli yo‘nalishlarda cheklashga harakat qilmoqda. Masalan, o‘tgan o‘n yillikda Vashington AQShda Huawei telekommunikatsiya kompaniyasi mahsulotlaridan har qanday foydalanishni taqiqladi va unga qarshi sanksiyalar kiritdi, xitoyliklar uchun AQShda aktivlarni qo‘shib olish va sotib olish bo‘yicha cheklovlar mavjud. Tashqi yo‘nalishda Vashington Xitoyga yuqori texnologiyali chiplar, jumladan, sun’iy intellekt uchun chiplar sotishni cheklagan.

AQSh vakili esa Xitoy — Amerika bilan kelishuvlarda muntazam ravishda aldashini aytib, investitsiyalar bo‘yicha cheklovlarni yumshatishdan qaytardi.

Hamas-Isroil muzokaralari

6 oktyabr kuni Hamas va Isroil delegatsiyalari AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azodagi urushni to‘xtatish rejasini muhokama qilish uchun Misrda bilvosita muzokaralarni boshladi. Muzokaralarda Isroilning qo‘shinlarini olib chiqish talabi va Hamasning qurolsizlanishi masalasi bo‘yicha keskin tortishuvlar bo‘ldi.

Muzokaralar Qizil dengiz sohilidagi Sharm ash-Shayx shahrida Misr, AQSh va Qatar vositachiligida o‘tkazildi. Reutersʼning falastinlik rasmiyga tayanib yozishicha, dushanba kuni kechqurun yakunlangan birinchi sessiyadan so‘ng bugun yana uchrashuvlar rejalashtirilgan.

Hamas garovdagilarni ozod etish, Isroil qo‘shinlarini olib chiqish bosqichlari va muddatlari bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bayon qilgan. Ular, shuningdek, Isroil doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga va to‘liq chiqib ketishga rozi bo‘lishiga ishonch bildirganini so‘ragan. G‘azo shahrida esa muzokaralar tugagan paytda ham portlashlar va uylarning buzilishi tovushlari eshitilib turgan, mahalliy aholiga ko‘ra Isroil hujumlari hali to‘xtamagan, faqat kamaygan. G‘azo sog‘liqni saqlash rasmiylariga so‘nggi 24 soat ichida Isroil zarbalari natijasida 19 kishi halok bo‘lganini bildirdi.

Isroillik xavfsizlik manbasiga ko‘ra esa dastlabki bosqich faqat garovdagilarni ozod etish bilan cheklanadi. Isroil Tramp rejasi doirasida «sariq chiziq» deb ataluvchi chegara ichida chekinishga tayyor, bu esa strategik bufer zonani yaratadi. Keyingi chekinishlar esa Hamasning shartlarni bajarganiga qarab amalga oshiriladi.

Isroil delegatsiyasi tarkibida Mossad va Shin Bet maxsus xizmatlari vakillari, tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchi va garovdagilar koordinatori Gal Xirsh bor. Asosiy muzokarachi, strategik ishlar vaziri Ron Dermer — hafta oxirida muzokaralar rivojiga qarab qo‘shilishi kutilmoqda.

Hamas delegatsiyasiga esa Xalil al-Xayya boshchilik qilmoqda. Bir oy avval Dohada uning o‘g‘li halok bo‘lgandi, o‘zi esa Isroil zarbasidan omon qolgan. AQSh tomonidan maxsus elchi Stiv Uitkoff va Trampning yahudiy kuyovi Jared Kushner ham ishtirok etmoqda.

Hamas manbasiga ko‘ra, eng murakkab masala — Isroil va Tramp rejasi talab qilayotgan qurolsizlanishdir. Hamas «faqat Isroil bosqini tugatilib, Falastin davlati tuzilgandagina» qurolini topshirishga tayyor.

AQSh Ukraina uchun Patriot xaridiga ruxsat berdi

AQSh Kiyevga Patriot havo mudofaa tizimlari va ular uchun raketalar sotib olish imkoniyatini ochdi, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy matbuot anjumanida.

«Amerikaliklar Patriot sotib olish imkoniyatlarini, nafaqat raketalarni, balki tizimlarni ham ochdi. Endi masala faqat pulda. Ya’ni ko‘ryapsizmi, plyuslar ham, minuslar ham bor», dedi u.

Zelenskiyning ma’lum qilishicha, qishda Ukrainani himoya qilish ko‘p jihatdan AQShdan sotib olinadigan havo hujumidan mudofaa raketalariga bog‘liq. Kiyevning ittifoqchilari orasida buni tushunadigan va «Ukrainaning ustuvor ehtiyojlari ro‘yxati» dasturi doirasida moliyalashtiradigan «juda mas’uliyatli davlatlar» bor. U Germaniya, Niderlandiya, Kanada, Shvetsiya, Daniya, Norvegiya, Belgiya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va boshqalarni sanab o‘tdi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev ittifoqchilar bilan ularning qurol sotib olishga hissasi bo‘yicha qayta muzokaralarni boshlagan. «Chunki biz boshqa davlatlarda tezlikni ko‘rmayapmiz. Afsuski. Shuning uchun vaziyat bugungi kunda ushbu davlatlarga bog‘liq», dedi Ukraina prezidenti. Gap aynan qaysi davlatlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi.

Yozda AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga 17 ta Patriot majmuasini yetkazib berishga tayyorligini e’lon qildi, uning so‘zlariga ko‘ra, ular uchun Yevropa davlatlari pul to‘laydi, u bir nechta tizimlarni «juda tez» yetkazishga va’da berdi.

Rossiya Kiyevga qurol yetkazib berilishiga qarshi. Yevropa davlatlari Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlashni davom ettirib, «o‘zlariga zarar bermoqda», deb ta’kidladi TIV.

Mavzuga oid