Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azo urushining 2 yilligi. Dunyo nega genotsidni to‘xtatolmayapti?
HAMAS harakatining 2023 yil 7 oktyabrdagi “Al-Aqso to‘foni” operatsiyasi Yaqin Sharqdagi geosiyosiy muvozanatni tubdan o‘zgartirdi. O‘tgan ikki yil ichida G‘azodagi qirg‘inbarot nafaqat Isroil–Falastin munosabatlarini, balki butun mintaqaviy xavfsizlik tizimi va global jamoatchilik fikrini ham qayta shakllantirdi.
Kun.uz sana munosabati bilan ekspertlarni “Geosiyosat” dasturiga, tahliliy suhbatga taklif etdi.
— HAMASning 2023 yil 7 oktyabrdagi “Al-Aqso to‘foni” operatsiyasidan maqsad nima edi va guruh bu maqsadlariga qanchalik erishdi?
Kamoliddin Rabbimov: 2023 yil 7 oktyabr kuni yuz bergan voqealar global siyosiy kun tartibini tubdan o‘zgartirdi. O‘sha paytda Rossiya-Ukraina urushi qizg‘in pallada edi. Shunda ko‘plab ekspertlar quyidagi savollarni o‘rtaga tashladi: HAMASga kim yordam berdi? Bu hujum kimga foyda keltiradi?
Dastlabki taxminlar sifatida HAMASga Rossiya yoki Eron yordam bergan bo‘lishi mumkin degan farazlar ilgari surildi. So‘nggi ikki yil ichida Yaqin Sharqdagi siyosiy muhit keskin o‘zgardi. Ungacha vaziyat qanday edi? 1948 yilda Isroil davlati tashkil topganidan so‘ng, aksariyat arab davlatlari uni tan olishdan bosh tortdi. Lekin vaqt o‘tishi bilan Misr va Iordaniya Isroil bilan urushlar va yo‘qotishlardan so‘ng, u bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatishga majbur bo‘ldi.
Donald Trampning birinchi prezidentlik muddatida AQSh tashqi siyosatida Isroil tarafdorligi yanada kuchaydi. Trampning kuyovi Jared Kushner Yaqin Sharq bo‘yicha asosiy rasmiy sifatida faoliyat yuritdi. Bu davrda yana bir nechta arab davlatlari, xususan Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn va Marokash ham Isroilni tan oldi. Keyinchalik, 2023 yilda arab dunyosining eng qudratli davlati – Saudiya Arabistoni ham Isroilni tan olish yoqasida edi.
Aynan shunday siyosiy fonda HAMAS Isroilga hujum uyushtirdi. Bu harakat bir nechta maqsadlarni ko‘zlagan edi:
1. Dunyo hamjamiyatiga Falastin muammosini eslatish;
2. Isroilning mintaqaga integratsiyalashuvi jarayoniga zarba berish;
3. “Ibrohim kelishuvlari”ni to‘xtatish va Falastin davlatining tashkil etilishini yana muhokama markaziga olib chiqish.
HAMAS o‘z harakati orqali mazkur maqsadlarga qisman erishdi. Biroq bu hujum natijasida kutilmagan darajada katta urush boshlandi va bu nafaqat HAMAS, balki G‘azo sektoridagi oddiy fuqarolarga ham og‘ir yo‘qotishlar olib keldi.
Donald Tramp Isroil lobbisining kuchli qo‘llovi bilan 2025 yilda hokimiyatga qaytdi. Isroil bosh vaziri Netanyahu buni xuddi kart-blansh olgandek qabul qildi. Netanyahu – Tramp Oq uyga qaytganidan keyin u bilan eng ko‘p uchrashgan siyosatchi, yaqinda to‘rtinchi marta uchrashdi. Fevral oyidagi uchrashuvda u G‘azo sektorini butunlay bo‘shatish va bu hududni fransuz Riviyerasiga o‘xshash turistik maskanga aylantirish haqida gapirdi. Bu taklif ilgari AQSh rasmiylari tomonidan hech qachon ilgari surilmagan edi. Bu amalda G‘azoni Isroilga berishni anglatar edi.
Trampning hokimiyatga qaytishi ortidan Isroilning harbiy harakatlari yanada keskinlashdi. 2023–2024 yillar oralig‘ida aksar arab davlatlari, jumladan Saudiya Arabistoni ham Isroilni jiddiy tanqid qilmagandi, Isroil o‘zini himoya qilyapti degan yashirin pozitsiyada edi. Lekin keyinchalik, xalqaro jamoatchilik fikri o‘zgara boshladi. Isroil harakatlari genotsid sifatida baholandi. Bu esa G‘arb ichida ham ziddiyatlarni keltirib chiqardi. So‘nggi paytlarda Buyuk Britaniya, Fransiya, Avstraliya, Kanada kabi davlatlar Falastinni mustaqil davlat sifatida tan oldi.

Farhod Karimov: HAMAS o‘z hujumlarini boshlagan paytda ma’lum maqsadlarni ko‘zlaganini ochiq e’lon qilgan edi. Eng asosiy sabab – Isroil tomonidan Falastin hududlari uzoq yillardan beri bosqichma-bosqich bosib olinayotgani, u yerlarga Isroil fuqarolarining ko‘chirilishi va natijada Falastin, ayniqsa G‘azo sektorining izolyatsiyaga tushib borayotgani edi. 2006 yildan beri G‘azo sektorini qamal qilish yildan yilga ham quruqlikdan, ham dengizdan kuchaytirib borilayotgan edi. Dastlab baliqchilar uchun 100 km masofagacha bo‘lgan dengiz hududi keyinroq atigi 10 km atrofidagina cheklab qo‘yilgan. 2021–2022 yillarga kelib G‘azo sektori deyarli to‘liq izolyatsiya holatiga tushdi, oddiy baliqchilik bilan kun ko‘rish ham qiyin bo‘lib qoldi.
Bu vaziyatdan chiqish yo‘li sifatida HAMAS Isroilga hujum qilib, asirlarni qo‘lga kiritish orqali Isroilga bosim o‘tkazish maqsadida edi. Bunga erishdi ham: 250 dan ortiq kishi asir olinib, bu orqali o‘z shartlarini ilgari surib kelmoqda. Asirlarning ba’zilari evaziga minglab falastinliklar ozod qilindi, Isroilning ayrim harbiy rejalariga vaqtinchalik to‘sqinlik qilindi. Lekin 7 oktyabr kungi hujumda, Isroilda mingdan ortiq odamlar halok bo‘ldi. Bu qurbonlar soni Isroil jamiyatida keskin munosabatga sabab bo‘ldi. Natijada bosh vazir Netanyahu ushbu tahdidni to‘liq bartaraf etish, ya’ni G‘azodan kelayotgan xavfni butkul yo‘qotish kerak degan qarorga keldi. Bu esa Netanyahu uchun siyosiy va harbiy jihatdan katta imkoniyat eshiklarini ochdi. U nafaqat HAMASga, balki Livandagi “Hizbulloh” harakati va boshqa qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarga nisbatan ham bosimni oshirdi. “Agar HAMASni qo‘llab-quvvatlasang, seni ham nishonga olamiz” degan ochiq tahdidlar bildirildi. Bu harakatlar avvaliga G‘arb davlatlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu voqealar natijasida mintaqada yangi geosiyosiy muhit shakllandi.
Endi savol tug‘iladi: HAMAS maqsadiga erishdimi? Ha, qisman o‘z maqsadiga erishdi. Dunyo hamjamiyatining e’tiborini Falastin masalasiga qaytara oldi. Rossiya–Ukraina urushi davom etayotgan bir paytda, Falastin muammosi undan kam bo‘lmagan darajada global siyosiy kun tartibidan o‘rin oldi.
Shu bilan birga, HAMAS harbiy va siyosiy yetakchilaridan ayrildi. Qolaversa, tashkilot bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Tashqaridagi homiylari va qo‘llab-quvvatlovdan quruq qoldi. Isroilning Eronga zarbalari va Suriyadagi inqilob natijasida Eronning HAMAS bilan aloqa qilishi deyarli imkonsiz holga keldi.
Hamid Sodiq: 1948 yilda Deir Yassin voqealari ortidan Isroil davlati tashkil topdi. O‘sha voqea natijasida kichik bir qishloqdagi ko‘plab odamlar qirib tashlandi, butun Falastinda qo‘rquv paydo bo‘lib, 700 mingdan ortiq falastinlik o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi.
Shu paytgacha Isroil Falastin hududlarida ko‘plab kichik-kichik urushlar qilib keldi. Isroilda bu urushlarni axborot bilan ko‘mish imkoniyati bor edi: dunyoga o‘zining nuqtayi nazarini singdira olardi. Bu strategiya ko‘p yillar davomida ish berdi.
Isroil va HAMAS bir-birini juda yaxshi taniydi. Ular bir-birlariga loyiq raqib. G‘arbiy sohilda FATH bor, lekin u – bichilgan siyosiy tashkilot va u bilan hech kim hisoblashmaydi. HAMAS tushunardiki, agar mana shunday yo‘ldan yurmasa, uni hech kim tan olmaydi.
Bir vaqtlar isroillik askar Gilad Shalitni HAMAS garovga olgandi. Bu Isroil jamiyatini qattiq to‘lqinlantirib, siyosiy inqirozgacha olib keladi, natijada Shalitni ozod etish evaziga Isroil 1 300 ga yaqin falastinlik mahbusni ozod qiladi. Shundan keyin Isroil “Quyma qo‘rg‘oshin” operatsiyasini boshlaydi va minglab falastinlik halok bo‘ladi. Ko‘ryapmizki, qurbonlar nisbati kamida birga yuz yoki birga ming. Demak, HAMAS 7 oktyabrda mingta odam o‘ldirildimi, demak Isroilning javob urushi uzoqqa cho‘zilishi va G‘azoda qurbonlar ko‘p bo‘lishini oldindan bilgan. Bu urushga HAMAS ham, Isroil ham avj pallaga bir xil pozitsiyada kelayotgan edi: ikkalasi ham harbiy jihatdan to‘yingan edi.
HAMAS nafaqat Isroil nomli loyiha, balki liberalizm g‘oyasiga ham yetarlicha zarba berdi. G‘azodagi urushni parallel davom etayotgan Ukrainadagi urush bilan taqqoslash va ikki standartlilikni aniq ko‘rish mumkin.

Shavkat Ikromov: Dunyoning bu voqealarga e’tiborsizligi va reaksiya juda kech bo‘lgani fonida, g‘azoliklarning matonatini alohida tahsinga loyiq degan bo‘lardim. HAMAS Isroilga hujum qilar ekan, uning asosiy sabablari bor edi, yuqorida bu haqda gapirib o‘tildi: G‘azo qamalga olinib, erkinliklari borgan sari bo‘g‘ilib borayotgan edi. Isroil va HAMAS o‘rtasidagi oxirgi to‘qnashuv 2021 yilda bo‘lgandi: o‘shanda urush tez tugagan edi. Ehtimol, HAMAS bu safar ham urush shunday tez tugaydi deb kutgan bo‘lishi mumkin. Chunki uzoq muddatli strategiya bor edi deyish qiyin.
Urush ko‘lami kengayib ketdi. Buni HAMAS oldindan baholay olmagan, deb o‘ylayman. Urush genotsid darajasiga chiqdi, G‘azoda 64 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Shunday pallada, g‘azoliklarning matonati xalqaro hamjamiyat munosabati o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Ular turib berishdi: uylarini tashlab chiqishdi, bolalaridan ayrilishga chidashdi, ko‘chib yurishdi, och qolishdi... HAMAS och qolgani yo‘q. Uning askarlaridan qanchasi halok bo‘ldi, bu savol ostida, lekin masalan asirlar almashinuvi paytida HAMAS askarlari – bo‘yi 2 metr, toza kiyingan, ko‘rkam – chiqib kelishdi. Hamma hayron qolgandi: bular qayerdan chiqib keldi? Shuncha g‘azoliklar o‘lyapti, och qolyapti, bular qayerda o‘tirgandi?
Hozir Misrda bo‘layotgan muzokaralarda ham aynan G‘azodan chiqib borayotgan HAMASning harbiy vakillari bor. Ya’ni ishonch bilan aytishimiz mumkinki, HAMASning harbiy qanotlari hali bor. Infratuzilmasi zaiflashtirildi, lekin butkul yo‘qotilmadi. Asosiy masala – himoyasiz qolgan xalq bo‘lib turibdi. Aynan shu xalq – g‘azoliklarning o‘zi xalqaro hamjamiyatni oxir-oqibat pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur qildi.
Albatta, agar o‘z mamlakatining ichkarisida doimiy ravishda namoyishlar bo‘lmaganida, G‘arb mamlakatlari elitasi bunga o‘zlaricha e’tibor qaratishmasdi. Ispaniyada, Yevropaning boshqa davlatlarida keng ko‘lamli namoyishlar doimiy bo‘lib turibdi. Afsuski, deyarli hech bir musulmon mamlakatida bunday namoyishlar bo‘layotgani yo‘q.
Tinchlikka erishish uchun 64 mingta odamning halok bo‘lishi, millionlab odamning och qolishi va butun boshli shaharlarning vayron bo‘lishini kutish kerak emas edi.
Suhbat davomida dunyo nega bu genotsidni to‘xtata olmayotgani, HAMASning falastinliklar irodasini qanchalik tamsil qila olishi, HAMASdagi ichki bo‘linishlar, Yevropa davlatlarining pozitsiyasi o‘zgarishi, AQSh hukumatiga Donald Trampning qaytishi G‘azodagi urushga qanday aks sado bergani haqida ham atroflicha so‘z bordi.
Suhbatni to‘liq holda YouTube'da tomosha qiling.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
13:42
Isroil «Yevrovideniye-2026»da qatnashadi, qator davlatlar tanlovni boykot qiladi
12:51
«Haqiqat bo‘lishiga juda kuchli asoslar bor» – BMT bosh kotibi G‘azodagi urush jinoyatlari haqida
16:58 / 04.12.2025
G‘azo vayronalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazildi – fotolar
14:25 / 03.12.2025